Yoqubning maktubi 2 Bob
1 Ey birodarlarim, ulug`vor Rabbimiz Iso Masihga bo`lgan imoningizni yuz-xotirchilikdan toza saqlanglar.
2 Agar sizlarning yig`ilishingizga oltin uzukli, bashang kiyimli bir odam bilan juldur, kir kiyimli kambag`al bir odam kirsa-yu,
3 sizlar bashang kiyinganga qarab: “Marhamat qilib to`rda o`tiring”, - kambag`alga esa: “Sen poygahda tur” yoki “Shu yerga, oyog`im ostida o`tir”, - desangiz,
4 sizlar yuz-xotirchilikka borib, bu bilan yomon niyatli qozilarga o`xshab qolmaysizlarmi?!
5 Ey sevikli birodarlarim, quloq solinglar: Bu dunyoda kambag`al hisoblanganlarni Xudo o`zi tanlab, imonda boy qildi-ku! U O`zini sevganlarga va`da berganidek, ularni O`z Shohligidagi merosdan bahramand qildi.
6 Lekin sizlar-chi, kambag`alni beobro` qilib tashladingiz! Sizlarni jabr-zulm qilgan, mahkamalarga sudrab olib borgan boylar emasmi?!
7 Sizlar aziz bir Nom bilan tanilmoqdasizlar, bu Nomni haqorat qilgan ular emasmi?!
8 Tavrotda: “O`zgani o`zing kabi sevgin” deb buyurilgan. Agar sizlar bu Shoh amriga mukammal rioya qilayotgan bo`lsangiz, unda yaxshi ish qilayotgan bo`lasizlar.
9 Lekin agar yuz-xotirchilik qilayotgan bo`lsangiz, gunoh qilyapsiz va Ilohiy Qonun oldida jinoyatchi bo`lib qolasizlar.
10 Kimki Ilohiy Qonunning hamma moddalariga rioya qilsa-yu, faqat bir narsada gunoh qilsa, u butunlay gunohkor bo`lib qoladi.
11 Chunki “Zino etma” degan Xudo ayni zamonda “Odam o`ldirma” ham degan. Agar sen zino qilmasang-u, ammo odam o`ldirsang, baribir Xudo Qonunini buzgan bo`lasan.
12 Sizlar Xudoning erk beradigan Qonuni bo`yicha hukm qilinuvchilar kabi gapiringlar va harakat qilinglar.
13 Chunki hukm shafqatsizga shafqatsizdir. Shafqat esa hukmdan ustun keladi.
14 Ey birodarlarim, agar biror kishi imoni borligini aytsa-yu, xayrli ishlar qilmasa, nima foydasi bor? Bunday imon uni qutqararmikin?
15 Biron birodar yoki singil yalang`och va rizqi-ro`zdan mahrum bo`lsa-yu,
16 birortangiz ularga: “Eson-omon borib, isining va ovqatlaning”, - desangiz, lekin ularning tanasi ehtiyojini qondirmasangiz, bundan nima foyda?
17 Xuddi shunday amalsiz imon ham o`z-o`zidan o`likdir.
18 Endi biror kishi: “Sening imoning bor, mening xayrli ishlarim bor”, - deyishi ham mumkin. Qani, xayrli ishlarsiz imoningni menga ko`rsatgin, men esa senga imonimni xayrli ishlarim orqali ko`rsataman!
19 Sen Xudoning yagonaligiga ishonasanmi? Yaxshi qilasan! Jinlar ham ishongani uchun dahshatdan titraydilar.
20 Ey aqlsiz odam, xayrli ishlarsiz imonning foydasiz ekanligini bilmaysanmi?
21 Otamiz Ibrohim ham o`g`li Ishoqni qurbon qilmoqchi bo`lganida, o`z xayrli ishlari tufayli oqlangan-ku!
22 Ko`ryapsanmi? Uning imoniga xayrli ishlari omil bo`lgan. Imoni xayrli ishlari bilan takomillashgan.
23 Tavrotda: “Ibrohim Xudoga ishondi va shu tariqa oqlandi”, - deb yozilgan. Bu so`z ro`yobga chiqib, Ibrohim Xudoning do`sti deb atalgan.
24 Ko`ryapsizlarki, inson faqat imoni tufayligina emas, balki xayrli ishlari tufayli ham oqlanadi.
25 Yana fohisha Rahobani misol qilib olaylik: u josuslarni qabul qilib, pinhona yo`ldan jo`natib, xayrli ish qilgan va shu tariqa oqlangan.
26 Xullas, ruhsiz badan o`lik bo`lganidek, xayrli ishlarsiz imon ham o`likdir.