Menyu

Yoqubning maktubi 3 Bob


1 Ey birodarlarim, biz, ustozlar jiddiyroq hukmga duchor bo`lishimizni bilasizlar, shuning uchun ko`plaringiz ustoz bo`lavermanglar.

2 Chunki hammamiz ko`p xato qilamiz. Agar kim so`zlayotganda xato qilmasa, u komil insondir, butun vujudini ham tiyib olishga kuchi yetadi.

3 Bizga itoat etishi uchun otlarning og`izlariga suvluq solib, ularning butun vujudini boshqaramiz.

4 Mana, kemalar ham, qancha ulkan bo`lmasin va kuchli shamollar bilan yurmasin, kemachining ko`ngli qayerni istasa, juda kichik bir rul bilan boshqara oladi.

5 Til ham xuddi shunday badanning kichkina bir uzvidir, ammo u ko`p lof uradi. Qara, kichik bir uchqun naqadar katta o`rmonni yondirib yuboradi!

6 Til – bir olov, uzvlarimiz orasida bir buzg`unchi dunyo! U butun vujudimizni bulg`aydi. U jahannamdan alangalanib, butun falakni ham yondiradi.

7 Har xil yovvoyi hayvon, qush, sudraluvchi va dengiz hayvoni inson zoti tomonidan tiyilgan va tiyilmoqda.

8 Ammo tilni hech bir inson tiya olmaydi. U to`xtatib bo`lmaydigan yovuz kuchdir, o`ldiradigan zahar sochib turadi.

9 Tilimiz bilan Rabbimiz va Otamizni maqtaymiz, tilimiz bilan Xudoning suratida yaratilgan insonlarga la`nat o`qiymiz.

10 Maqtash va la`natlash bir og`izdan chiqadi. Ey birodarlarim, bu shunday bo`lmasligi kerak!

11 Axir, bitta buloqdan shirin va achchiq suv oqib chiqadimi?

12 Ey birodarlarim, anjir – zaytun yoki tok novdasi anjir bera oladimi? Sho`r buloq ham shirin suv bermaydi-ku!

13 Orangizdagi dono va fahmli kishi kim? Unday odam bor bo`lsa, yaxshi yurish-turishi bilan, donolikdan dalolat beruvchi muloyimligi bilan o`zini ko`rsatsin.

14 Agarda yuragingizda rashk-hasad va xudbinlik bo`lsa ham, manmanlik qilib haqiqatni rad etmanglar.

15 Bunday donolik yuqoridan tushmagan. Bunday donolik dunyodan, moddiyatdan, jin-ajinadan tug`ilgan.

16 Chunki qayerda hasadgo`ylik va xudbinlik hukm sursa, u yerda tartibsizlik va har xil yaramaslik paydo bo`ladi.

17 Lekin yuqoridan tushgan donolik esa, birinchidan pokdir. Ikkinchidan esa murosali, muloyim, bo`ysunuvchan, to`la mehr-shafqatli, yaxshi samaralar bilan to`lib-toshgan, beg`araz va riyosizdir.

18 Shu tariqa solihlik urug`i sepilib, tinchlikparvarlar uchun osoyishtalik barpo bo`ladi.

Boblar: 1 2 3 4 5