Timo’tiyga birinchi maktub 1 Bob
1 Xaloskorimiz Xudo va umidvorimiz Iso Masihning buyrug`iga ko`ra Iso Masihning havoriysi bo`lgan men, Pavlus,
2 imonda haqiqiy o`g`lim Timo`tiyga Otamiz Xudodan va Rabbimiz Iso Masihdan inoyat, marhamat va tinchlik tilayman.
3 Men Makedoniyaga ketayotganimda, sendan Efes shahrida qolgin, deb iltimos qilgan edim. U yerdagi ba`zi kishilarga boshqacha ta`limotni yoymasliklarini,
4 afsonalar va bepoyon shajaralar bilan band bo`lmasliklarini buyur. Bular xayolparastlikka sabab bo`ladi, xolos. Lekin ilohiy reja ro`yobga chiqishi uchun imon kerak.
5 Nasihat qilishimdan maqsad ana shu, ya`ni sof yurakdan, toza vijdondan, xolis imondan mehr-muhabbat hosil bo`lsin.
6 Chunki ba`zi odamlar bu fazilatlardan yuz o`girib, quruq gaplarga og`ib ketdilar.
7 Ular Ilohiy Qonun ulamolari bo`lishga havas qildilar-u, lekinnima so`zlayotganlarini va nima da`vo qilayotganlarini o`zlari bilmaydilar.
8 Biz bilamizki, Ilohiy Qonun undan tegishlicha istifoda etuvchilar uchun foydalidir.
9 Ma`lumki, Ilohiy Qonun solih odamlar uchun berilmagan. Aksincha, qonunsizu itoatsiz, xudosizu gunohkor, kofiru betavfiq, padarkushu qotil,
10 fohish, bachchaboz, odam o`g`irlab sotuvchi, yolg`onchi, qasambuzar va sog`lom ta`limotga zid ish qilgan boshqa hamma uchun berilgan.
11 Muborak Xudoning menga ishonib topshirgan Injili sharifi bo`yicha ahvol shundaydir.
12 Menga quvvat bergan Rabbimiz Iso Masihga shukur qilaman. Chunki U meni ishonchli hisoblab, O`z xizmatiga oldi.
13 Men ilgarigi vaqtlarda shakkok, zolim, jafokor ekanman, endi ilohiy rahm-shafqatga noil bo`ldim. Axir, men johillik va imonsizlik tufayli harakat qilar edim.
14 Men Rabbimiz Iso Masihdan haddan ziyod lutfu karam, imon va muhabbat topdim.
15 “Iso Masih gunohkorlarni qurqarish uchun dunyoga keldi”, degan so`z to`g`ri va har jihatdan qabul qilinishga loyiqdir. Mana, o`sha gunohkorlarning birinchisi menman!
16 Ammo Iso Masih hammadan oldin menga rahm aylab, buyuk sabr-toqat qildi, toki keyinroq Unga ishonib, abadiy hayot topajaklarning hammasiga meni ibrat qilib ko`rsatsin.
17 Mangu Podshohga, o`lmas, ko`rinmas, yagona dono Xudoga abadulabad hurmat va shon-sharaflar bo`lsin! Omin.
18 Ey o`g`lim Timo`tiy, ilgari payg`ambarning sen haqingda bergan karomatlarini ko`zda tutib, bularni senga buyurib topshiraman. O`sha karomatlarga binoan yaxshi jangchidek jang qil.
19 Imon va vijdon pokligini saqlab tur. Ba`zilar pok vijdonni sotdilar va ularning imon kemalari halokatga uchradi.
20 Imeney va Iskandar shular jumlasidandir. Ular yana kufr qilmasin deb, ularni shaytonga topshirib qo`ydim.