Menyu

Timo’tiyga birinchi maktub 6 Bob


1 Qullik bo`yinturug`i ostida bo`lganlar o`z xo`jayinlarini kamoli ehtiromga loyiq hisoblasinlar. Yana Xudoning ismi va ta`limoti haqoratga duchor bo`lmasin.

2 Xo`jayinlari imonli bo`lgan qullar, “Endi bir-birimizga birodar bo`lib qoldik”, deb xo`jayinlariga iltifotsizlik qilmasinlar. Aksincha, yana ko`proq tirishib xizmat qilsinlar. Chunki bu xayrli xizmatdan foyda ko`radigan xo`jayinlar sevikli imonlilardir. Bular haqida ta`lim ber va nasihat qil.

3 Agar kim o`zgacha ta`limotni yoysa va Rabbimiz Iso Masihning haqiqiy kalomlariga asoslangan dinimiz ta`limotiga quloq solmasa,

4 u bosar-tusarini bilmay qolgan nodondir. Bunday odam bahslashish va masala talashish kasaliga yo`liqqan, uning gaplari g`ayirlik, janjal, bo`hton va yolg`on chaqiqlarga sabab bo`ladi.

5 G`alamis, fikri buzuq, haqiqatdan mahrum, din-diyonatni foyda manbai deb hisoblovchi bunday odamlardan o`zingni chetga ol.

6 Haqiqatan ham qanoatli kishi uchun xudojo`ylikdan foyda juda katta.

7 Biz dunyoga hech narsa keltirmadik, undan hech narsa olib ketolmasligimiz ham aniq.

8 Yeyish uchun rizq-ro`z va kiyish uchun kiyim bo`lsa, shular bilan qanoat hosil qilaylik.

9 Boylikka intilganlar vasvasa tuzog`iga ilinadilar, insonlarni baloyu halokatga yo`liqtiruvchi ko`p bema`ni va zararli havaslarga qurbon bo`ladilar.

10 Har turli yomonlikning tomiri pulparastlikdir. Ba`zilar boylikka ruju qo`yib, imondan qaytdilar va o`zlarini ko`pgina azoblarga duchor qildilar.

11 Ey Xudoning quli, sen bulardan o`zingni chetga tort. Aksincha solihlik, xudojo`ylik, imon, sevgi, sabr-toqat va muloyimlikning payidan bo`l.

12 Imon uchun bo`lgan ulug` kurashda jon-jahding bilan harakat qil, abadiy hayotni qattiq ushlab tur. Xudo seni shuning uchun da`vat etgan, sen ulug` imonni ko`p guvohlar oldida ochiq tan olgansan.

13 Iso Masih ham borliqqa hayot bag`ishlagan Xudo va Po`ntiy Pilatning oldida ulug` imonni ochiq tan olgan edi, Uning huzurida senga buyuraman:

14 Rabbimiz Iso Masih ko`kdan tushib ko`ringuncha, Xudo buyrug`ini benuqson va beg`ubor qo`riqla.

15 Mana Xudl O`zi xohlagan paytda Iso Masihni ulug`vorlik bilan namoyon qiladi. Xudo – yagona muborak Hokim, podshohlarning Podshohi, xo`jayinlarning Xo`jayini,

16 o`lmaslikning yakka molikidir. U yaqinlashib bo`lmaydigan nurda turadi, Uni hech bir inson ko`rmagan hamda ko`rishi mumkin emas. Unga abadiy shon-shuhrat va saltanat bo`lsin! Omin.

17 Bu dunyoda boylik topgan odamlarga mag`rurlanmaslikni va bevafo boylikka umid bog`lamaslikni buyur. Zavq olishimiz uchun har narsani mo`l-ko`l ehson etgan barhayot Xudoga umid bog`lasinlar.

18 Yaxshi ishlarga boy, xayrixoh, saxiy va hammaga ulfat bo`lsinlar.

19 Kelajakda haqiqiy va mangu hayotga erishmoq uchun, o`zlariga sog`lom tayanch bo`ladigan ma`naviy xazina to`plasinlar.

20 Ey Timo`tiy, senga ishonib topshirilgan omonatni ehtiyot qil. Xudoga maqbul bo`lmagan quruq gaplar va yolg`ondan “bilim” deyilgan puch fikrlardan uzoqlash.

21 Ba`zilar bu fikrlarni tan olib, imondan adashdilar. Xudoning inoyati senga yor bo`lsin. Omin.

Boblar: 1 2 3 4 5 6