Timo’tiyga birinchi maktub 3 Bob
1 Agar kim imonlilar jamoatining noziri bo`lishga intilsa, xayrli ish orzu qilgan bo`ladi. Bu to`g`ri.
2 Faqat shart shuki, nozir beayb, bir xotinli, o`z me`yorini biluvchi, vazmin, adabli, mehmondo`st, ta`lim berishga qobiliyatli bo`lsin.
3 Shuningdek, u mayxo`r, urushqoq, [g`arazgo`y] emas, balki muloyim, sokin tabiatli, molparastlikdan yiroq,
4 uyini yaxshi boshqaradigan, bolalarini bo`ysundira oladigan, obro`-e`tibor orttirgan bir odam bo`lsin.
5 Agar nozir o`z uyini qanday boshqarishni bilmasa, Xudoning jamoatiga qanday g`amxo`rlik qila oladi?
6 Nozir imonga endigina kirgan odam bo`lmasin, yana kerilib iblisga o`xshab jazo olmasin.
7 Malomatga qolmasligi va iblisning tuzog`iga ilinmaslik uchun, u jamoatdan tashqaridagilar oldida yaxshi nomga ega bo`lishi kerak.
8 Shuningdek, imonlilar jamoatining xizmatkorlari ham ichuvchi va g`arazgo`y emas, balki tili bilan dili bir, obro`li odamlar bo`lishi lozim.
9 Imon sirini pokiza vijdonda saqlasinlar.
10 Bundaylarni avval sinovdan o`tkazish kerak. Agar ular bekami-ko`st bo`lsalar, xizmatga qo`yilsinlar.
11 Shuningdek, xotinlar ham g`iybatchi bo`lmay, balki og`ir, o`z haddini biluvchi, har narsada ishonchli bo`lishi lozim.
12 Imonlilar jamoatining xizmatkorlari bir xotinli, bolalarini va o`z uylarini yaxshi boshqaradigan odamlar bo`lishi shart.
13 Zero xizmatlarini yaxshi bajarganlar o`zlari uchun yuqori bir martaba va Iso Masihga bo`lgan ishonchlarida buyuk g`alaba qozonadilar.
14 Men yaqinda sening yoningga borishni umid qilib, ushbuni yozib qoldiraman.
15 Bordi-yu kechiksam, Xudoning xonadonida qanday harakat qilish lozim ekanligini sen bilishing kerak. Xudoning xonadoni – barhayot Xudoning ummati, haqiqat ustuni va poydevoridir.
16 E`tiqodimizning siri e`tiroz qilib bo`lmaydigan darajada buyuk: Masih vujudda zohir bo`ldi, Ruh tarafidan tasdiqlandi, malaklarga namoyon bo`ldi, xalqlar ichra dong`i chiqdi, jahonda e`tiqod topdi, samoga jamoli ila yuksaldi.