Menyu

Timo’tiyga birinchi maktub 5 Bob


1 Chol odamni koyima, lekin otangdek unga nasihat qil. Yoshlarga ukalaringdek,

2 kampirlarga onalar kabi, yosh ayollarga singillaringdek, butun pok ruh bilan nasihat qil.

3 Chindan kimsasiz qolgan tul xotinlarni hurmat qil.

4 Lekin tul xotinning bolalari yoki nabiralari bor bo`lsa, ular eng avval o`z oilasiga Xudo buyurganlarini bajo keltirishni o`rgansinlar, kattalarni siylab ularga tegishli haqini bersinlar. Bu Xudoga maqbul bo`ladi.

5 Chindan tul va yolg`iz qolgan xotin Xudoga umid bog`lab, kechayu kunduz uzluksiz toat-ibodat qiladi.

6 Lekin kayf-safo bilan yashagan tul xotin tirikligida ham o`likdir.

7 Gunohkor bo`lmasligi uchun tullarga bu o`gitlarni uqtir.

8 Kim o`z qavm-qarindoshlari, xususan oila a`zolari haqida g`amxo`rlik qilmasa, u imonni inkor etgan, imonsizdan ham battar hisoblanadi.

9 Tullar ro`yxatiga yoziladigan beva ayol bitta erkakka tekkan bo`lishi va oltmish yoshdan kam bo`lmasligi shart.

10 Shuningdek, u yaxshilik qiluvchi deb nom chiqargan, bolalar tarbiyalagan, musofirlarni qabul qilgan, azizlarning oyoqlarini yuvgan, qayg`u-alam chekuvchilarga yordam bergan hamda xayrli ishlarga astoydil berilgan bo`lishi lozim.

11 Yosh tul xotinlarni ro`yxatga qabul qilma. Chunki ularning nafsi Masihga xilof ravishda junbushga kelgandan keyin, erga tegishni orzu qilib qoladilar.

12 Shunda ular Masihga bergan avvalgi va`dasini buzib, gunohkor bo`ladilar.

13 Bundan tashqari uyma-uy kezib, sayoq yurishni ham o`rganadilar. Va sayoq yuribgina qolmasdan, gap sotib, boshqalarning ishiga aralashib, lozim bo`lmagan narsalarni gapiradilar.

14 Shu sababdan yosh tullar erga tegib bola tug`ishi, ro`zg`or boshqarishini istayman, ular g`animning bo`hton qilishi uchun hech bir fursat bermasligi kerak.

15 Chunki allaqachon ba`zilari shaytonning gapiga quloq solib gumroh bo`ldilar.

16 Agar bir imonlining tul qolgan qarindoshlari bor bo`lsa, ularga o`zi yordam bersin, imonlilar jamoatiga yuk bo`lmasin. Imonlilar jamoati chindan kimsasiz bo`lgan tul xotinlarga yordam bera olsin.

17 Imonlilar jamoatiga yaxshi boshchilik qilayotgan, xususan va`zxonlik va ta`lim berishda zahmat chekayotgan oqsoqollar ikki barobar hurmatga sazovor bo`lsinlar.

18 Chunki Tavrotda: “G`alla yanchayotgan ho`kizning og`zini to`sma” va “Yumushchi o`ziga yarasha ish haqiga munosibdir”, - deyilgan.

19 Ikki yoki uch guvoh bo`lmasdan, hech bir oqsoqolga qo`yilgan aybni qabul qilma.

20 Gunoh qilib yurganlarni esa hammaning oldida fosh qil, toki boshqalarning ham diliga qo`rquv kirsin.

21 Xudo, Iso Masih va tanlangan farishtalar oldida seni qattiq ogohlantiraman: hech bir ishda yuz-xotirchilik va tarafkashlik qilmay, bu buyruqlarga rioya qil.

22 Xizmatga olish uchun hech kimning boshiga shoshilinch qo`l qo`yib duo qilma, boshqalarning gunohlariga sherik bo`lma, o`zingni pok saqla.

23 Bundan keyin faqatgina suv ichma, balki oshqozoning uchun, tez-tez yuz beradigan kasalliklaringning oldini olish uchun ozgina sharob ham ichgin.

24 Ba`zi odamlarning gunohlari ochiq-oshkor bo`lib, hatto qiyomatdan oldin fosh bo`lmoqda. Boshqalarning gunohlari esa keyinroq ma`lum bo`ladi.

25 Shuningdek, xayrli ishlar ham oshkordir. Hanuz oshkor bo`lmasa-da, pinhon qolishi mumkin emas.

Boblar: 1 2 3 4 5 6