Timo’tiyga birinchi maktub 4 Bob
1 Xudo Ruhi yaqqol aytyaptiki, oxirgi zamonlarda ba`zi odamlar imondan qaytadilar. Ular yo`ldan ozdiruvchi ruhlarga, jin ta`limotiga quloq soladilar.
2 O`z vijdonlarini go`yo qizigan temir bilan dog`lagan yolg`onchilarning riyokorligiga qoyil qoladilar.
3 Ular uylanishni man etadilar va Xudo yaratgan har xil ovqatlardan tiyilishni buyuradilar. Xolbuki, haqiqatni bilib olgan imonlilar shukrona qilib ovqat yeyishi kerak.
4 Chunki Xudo yaratgan har bir narsa yaxshidir. Agar shukrona bilan qabul qilinsa, hech bir narsa rad etilmasligi lozim.
5 Chunki u Xudoning kalomi va duo bilan muqaddas qilinadi.
6 Sen bu to`g`rida birodarlaringga o`git-nasihat qilsang, Iso Masihning layoqatli xizmatkori bo`lasan. Imonimizning ulug` aqida va ta`limotlarini o`zlashtirib, bulardan ruhan oziqlanib borasan.
7 Safsataboz kampirlarga xos diyonatsiz afsonalardan yuz o`gir. Xudojo`ylik yo`lida mashq qil.
8 Jismoniy mashqdan oz foyda bo`ladi. Xudojo`ylikdan esa juda katta foyda bo`ladi, chunki uning evaziga hozirgi hamda kelajak hayotda mukofotlar bor.
9 Bu so`z to`g`ri va har jihatdan qabul qilinishga loyiqdir.
10 Ana shu maqsadda biz mehnat qilamiz va zahmat chekamiz. Biz butun insonlarni, ayniqsa imonlilarni Qutqaruvchi barhayot Xudoga umid bog`laganmiz.
11 Bu o`gitlarni ta`kidlab o`rgatgin.
12 Sening yoshligingni hech kim xor qilmasin. Sen so`zda, yurish-turishda, muhabbatda, imonda, pok ruhda imonlilarga o`rnak bo`l.
13 Men kelgunimcha tilovat, nasihat va ta`lim bilan mashg`ul bo`l.
14 Payg`ambar karomat qilib, oqsoqollar kengashi boshingga qo`l qo`yib duo qilishganda, sen maxsus ruhiy qobiliyatga ega bo`lgansan. Bu qobiliyatingni ishga sol, yalqovlik qilma.
15 Hamma bu ishlar bilan shug`ullan. Sening muvaffaqiyatingga hamma guvoh bo`lishi uchun o`zingni bu ishlarga butunlay bag`ishla.
16 O`zingga va ta`limotingga ehtiyot bo`l, faoliyatingni astoydil davom ettir. Bu bilan o`zingni ham, tinglovchilaringni ham qutqarasan.