Menyu

Galatiyaliklarga maktub 1 Bob


1 Insonlar tomonidan emas, inson orqali ham emas, balki Iso Masih va Uni tiriltirgan Otamiz Xudo tomonidan havoriy qilib tayinlangan men – Pavlus,

2 shuningdek, men bilan birga bo`lgan hamma birodarlar Galatiya o`lkasidagi Masih jamoatlariga salom yo`llaymiz.

3 Otaimiz Xudodan va Rabbimiz Iso Masihdan sizlarga inoyat ila tinchlik bo`lsin.

4 Iso Masih bizni hozirgi yovuz asrdan qutqarmoqchi bo`lib, gunohlarimiz uchun O`zini fido qildi, shu yo`sin Otamiz Xudoning irodasini ado etdi.

5 Unga abadulabad shon-sharaflar bo`lsin! Omin.

6 Hayronman, sizlar qanchalik tez Masihning inoyatli da`vatidan yuz o`girib, boshqa bir “Injil”ga sajda qildingizlar!

7 Aslida boshqa Injil yo`q. Faqat ba`zilar sizlarni chalg`itib, Masih Xushxabarini buzib ko`rsatishni xohlaydilar.

8 Bordiyu biz yoki hatto osmondan biror farishta kelib, o`zimiz sizlarga o`rgatgan Injildan boshqa bir “xushxabar” keltirsa, la`nati bo`lsin.

9 Biz oldin ham aytgan edik, hozir yana aytyapman: agar kimki sizlar qabul qilgan Injilga zid bo`lgan xabarni targ`ib etsa, la`nati bo`lsin!

10 Endi men insonlardan maqtov izlayapmanmi, yoki Xudodanmi? Nahotki insonlarga yoqmoqchi bo`lsam? Agar men hali ham insonlarga yoqmoqchi bo`lganimda edi, Masihning quli bo`lolmas edim!

11 Ey birodarlar, sizlarga e`lon qilmoqdaman: men targ`ib etayotgan Injil inson ijodi emas.

12 Chunki men uni insondan qabul qilmaganman va hech kimdan ta`lim olmaganman; balki Iso Masihdan vahiy olganman.

13 Mening yahudiy dinida kechgan ilgarigi hayotim haqida eshitgansizlar; Xudoning ummatiga haddan tashqari jabr-zulm qilib, uni vayron qilar edim.

14 Qavmimdan bo`lgan ko`p tengdoshlarimga qaraganda, yahudiylikda xiyla muvaffaqiyat qozongan edim, ota-bobolarim urf-odatlariga o`ta jonkuyar edim.

15 Ammo Xudo muruvvat qilib, onam qornidayoq meni tanlagan, O`z inoyati bilan meni da`vat etgan edi.

16 Men dunyo xalqlari orasida Xudo O`g`lining Xushxabarini targ`ib qilishim uchun, Xudo O`z vaqtida O`g`lini menga zohir qildi. Shunda men darhol odamzod bilan maslahatlashmadim,

17 o`zimdan ilg`or havoriylarni ko`rgani Quddusga bormadim. Balki Arabistonga ketib, keyin yana Damashqqa qaytdim.

18 So`ngra uch yildan keyin, Butrus bilan tanishmoq uchun Quddusga bordim va uning yonida o`n besh kun bo`ldim.

19 Lekin Rabbimiz Isoning ukasi Yoqubdan boshqa havoriylarning hech birini ko`rmadim.

20 Men sizlarga nima yozayotgan bo`lsam, Xudo shohid, yolg`on emas.

21 Undan so`ng Suriya va Kilikiya mamlakatlariga bordim.

22 Yahudiya o`lkasidagi Masih jamoatlari esa meni shaxsan tanimas edilar.

23 Ular faqat: u bir vaqtlar bizlarga jabr-zulm qilib yurgan kishi edi, endi ilgari ildizi bilan quritmoqchi bo`lgan imonni o`zi targ`ib qilmoqda, degan gaplarni eshitar,

24 men uchun Xudoni ulug`lar edilar.

Boblar: 1 2 3 4 5 6