Menyu

Galatiyaliklarga maktub 4 Bob


1 Yana shuni aytayin: merosxo`r hali yosh bola ekan, garchi u hamma narsaning xo`jayini bo`lsa ham, quldan hech farq qilmaydi.

2 U otasi belgilagan fursatgacha vasiy va uy-ro`zg`or boshqaruvchi xizmatkorga bo`ysunadi.

3 Bizlar ham xuddi bunga o`xshab, bolalik chog`imizda dunyoning xurofiy kuchlariga qul edik.

4 Lekin zamona oxirlab qolganda, Xudo O`z O`g`lini yubordi. U xotindan tug`ilib, Qonunga bo`ysunib yurdi,

5 toki bizni Qonunga qul bo`lishdan qutqarsin qa o`g`illikka qabul qilsin.

6 Endi sizlar Xudoga o`g`il bo`lgandan keyin, Xudo O`z O`g`li .isoning Ruhini yuraklaringizga yubordi. Bu Ruhdan ruhlanib, biz Xudoni aziz Ota deb chaqiramiz.

7 Demak, sen boshqa qul emassan, balki o`g`ilsan. O`g`il bo`lganing uchun, Xudo Iso Masih sharofati bilan seni voris deb ham qabul qilgan.

8 O`tmishda sizlar Xudoni bilmay, aslan xudo bo`lmagan kuchlarga qul bo`lgansizlar.

9 Endi esa Xudoni tanib-bilib oldingizlar, yana to`g`risi, Xudo tarafidan tanib-bilindingizlar. Shunday ekan, qanday qilib yana o`sha kuchsiz va qadrsiz xurofotlarga qaytyapsizlar? Yangitdan qullikka berilmoqchimisizlar?

10 Sizlar alohida kun, oy, fasl va yillarni mushohada qilyapsizlar.

11 Nahotki sizlar uchun shuncha behuda zahmat chekkan bo`lsam, deb xavotirlanyapman.

12 Ey birodarlar, sizlardan iltimos qilaman, menday bo`linglar, chunki men ham sizlarday bo`lgan edim. Sizlar menga hech ham ozor bermas edingizlar.

13 Esingizdan chiqmasin, men sizlarga Xushxabarni birinchi marta bildirganimda, jisman ojiz edim.

14 Ojizligim sizlar uchun bir sinov bo`lgani holda, mendan jirkanmay, siltab yubormadingizlar, balki meni Xudoning farishtasiday, Iso Masih kabi qabul qildingizlar.

15 Qani endi sizning o`sha paytdagi baxtiyorligingiz? O`zim sizlarga shohidman: agar bu mumkin bo`lsa edi, o`sha paytda siz o`z ko`zlaringizni sug`urib olib, menga berishga tayyor edingizlar!

16 Endi men sizlarga haqiqatni aytib, dushmaningiz bo`ldimmi?

17 Sizlarni qo`lga olish uchun harakat qilayotganlarning niyati yaxshi emas. Ular sizlarni qoyil qoldirib, bizdan ajratib olmoqchilar.

18 Niyat xolis bo`lsa, qoyil ish yaxshidir. Faqat bu men sizlarning yoningizda hozir bo`lganimdagina emas, balki doimo shunday bo`lmog`i lozim.

19 Bolalarim, Masih sizlarda gavdalanmaguncha, men sizlarni yangitdan tug`ayotganday, to`lg`oq azobidaman.

20 Men hozir yoningizda bo`lib, gapimning ohangini o`zgartirmoqchi edim, chunki sizlarni nima qilarimni bilmay, esankirayapman.

21 Ey sizlar, Qonun bandalari bo`lishni istaganlar, menga aytinglar-chi, nahot siz Qonunga quloq solmaysizlar?

22 Mana Qonunda: Ibrohim ikki o`g`illi bo`lgan, biri cho`ridan, boshqasi ozod, o`z xotinidan edi, deb yozilgan.

23 Cho`risiniki tabiat qoidalariga binoan, ozod xotinniki esa ilohiy va`daga binoan tug`ilgan edi.

24 Bunda ramziy ma`no bor. Ikki ona ikki ahdni bildiradi: birinchisi, qullar tug`adigan Hojar bibi – Xudo Sinay tog`ida qilgan ahdning ramzidir.

25 Hojar so`zi Arabistondagi Sinay tog`ini bildirsa-da, hozirgi Quddusning ramzidir; chunki Quddus va uning bolalari hozir qul bo`lib xizmat qilmoqdalar.

26 Biroq ko`kdagi Quddus esa ozoddir: u bizlarning hammamizga ona.

27 Mana, Tavrotda bunday yozilgan: “Ey tug`maydigan, naslsiz ayol, shod bo`lgil! Quvonchlarga to`lib xitob qilgil, ey to`lg`oq azobin chekmagan! Zero nikohli ayolning o`g`illaridan ko`ra, tashlab ketilganning o`g`illari ko`p bo`ldi”.

28 Biz esa, birodarlar, Ishoqqa o`xshab, ilohiy va`da bo`yicha tug`ilgan o`g`illarmiz.

29 O`sha vaqtda tabiiy yo`l bilan tug`ilgan Ismoil ilohiy va`da bo`yicha tug`ilgan Ishoqqa zulm etdi. Hozir ham xuddi shunday.

30 Ammo Tavrotda nima deyiladi? – “Cho`rini va uning o`g`lini haydab yuborgin. Chunki cho`rining o`g`li ozod xotinning o`g`li bilan baravar voris bo`lolmaydi”.

31 Shunday qilib, ey birodarlar, biz cho`rining emas, balki ozod xotinning farzandimiz.

Boblar: 1 2 3 4 5 6