Galatiyaliklarga maktub 3 Bob
1 Ey befahm galatiyaliklar! Haqiqatga bo`ysunmaslik uchun sizlarni kim sehrlab qo`ydi? Sizlarning ko`z o`ngingizda Iso Masihning xochga mixlab qo`yilgani aniq tasvir etilmaganmidi?
2 Sizlardan bir narsanigina bilmoqchiman: Tavrot Qonuniga amal qilish bilanmi yoki imon to`g`risidagi xabarni eshitish bilanmi?
3 Sizlar shunchalik fahmsizmisizlar? Muqaddas Ruh kuchi bilan boshlab, endi o`zingizning bashariy kuchingiz bilan bitirmoqchimisizlar?
4 Bekorga shuncha sinovlardan o`tdingizlarmi? Haqiqatan ham bekorga edimi?
5 Xudo sizlarga O`z Ruhini baxsh etib, orangizda ajoyib mo``jizalar yaratmoqda. U buni Qonunga amal qilganingiz uchun qilyaptimi yoki eshitganlaringizga imon keltirganingiz uchunmi?
6 Ibrohim payg`ambardan ibrat olaylik: U Xudoga ishondi va shuning uchun oqlandi.
7 Shundan bilinglarki, kim imonga ega bo`lsa, u Ibrohimning o`g`li sanaladi.
8 Xudo Ibrohimga: “Butun xalqlar sendan baraka topajaklar” deb, unga dastavval Xushxabar keltirgan edi. Tavrotning ana shu oyati aniq ko`rsatadiki, Xudo insonni millatiga qaramay, imoni tufayli oqlaydi.
9 Imon sohibi Ibrohim payg`ambarga shunday ergashgan hamma ahli imon xuddi Ibrohimday Xudo rahmatiga erishadi.
10 Ilohiy Qonunga amal qildim, deb o`zini oqlamoqchi bo`lgan barcha kishilar la`nat ostidadirlar. Chunki Tavrotda shunday yozilgan: “Qonun kitobining har bir moddasiga qattiq rioya qilmaydigan barcha la`nati bo`ladi”.
11 Shunday ekan, Ilohiy Qonunga amal qilish bilan hech kim Xudo oldida o`zini oqlayolmasligi aniqdir. Tavrotda yozilganidek: “Imoni bilan oqlangan kishi yashayveradi”.
12 Qonunga amal qilish esa imonga bog`liq emas, aksincha, Tavrotda: “Bu buyruqlarni bajo keltirgan kishi shu bilan yashayveradi”, deb yozilgan.
13 Masih esa biz uchun la`natlanib, bizni Qonun la`natidan xalos qildi, xuddi Tavrotda yozilganidek: “Yog`ochga osilgan har bir kishi la`natidir”.
14 Shu yo`sin Xudo Ibrohimga va`da qilgan qut-barakalar Iso Masih orqali majusiylarga ham nasib etdi, biz imonimiz tufayli Xudo va`da bergan Muqaddas Ruhni qabul qildik.
15 Birodarlar! Odamlar hayotidan bir misol keltiray: odam qilgan vasiyatni hech kim bekor qilolmaydi va unga qo`sholmaydi.
16 Xudoning Ibrohim va uning zotiga bergan ulug` va`dalari bundan kam emas. Xudo Ibrohimga: “Sening zotlaringga beraman” deb, ko`pchilik haqida gapirmadi, aksincha: “Sening zotingga beraman” deb, bitta kishini, ya`ni Masihni ko`zda tutdi.
17 Shuni aytmoqchimanki, Ilohiy Qonun Ibrohimdan to`rt yuz o`ttiz yil keyin paydo bo`lgan bo`lsa-da, Xudoning Ibrohim bilan oldinroq tasdiqlagan ahdini o`rtadan ko`tarmadi, Xudoning Masih haqida bergan va`dasini bekor qilmadi.
18 Agar meros Qonunga amal qilish sharti bilan berilganda edi, va`da bekorga chiqqan bo`lur edi. Ammo Xudo merosni Ibrohimga va`da bo`yicha ato qildi.
19 U holda Ilohiy Qonun nima uchun berilgan? Ilohiy Qonun gunohkorligimizni ochiq ko`rsatish uchun, ilohiy va`daga qo`shimcha qilib berilgan. Va`dani olgan Ibrohim Zoti kelmaguncha, bu Qonun joriy bo`lishi kerak edi. Ilohiy Qonun farishtalar orqali berilgan, vositachi esa uni xalqqa e`lon qilgan.
20 Vaholanki, bitta odam ish qilganda, vositachi kerak bo`lmaydi. Xudo esa bittadir.
21 Demak, Ilohiy Qonun Xudoning va`dalariga zidmi? – Aslo! Agar abadiy hayot ato qilishga qodir bir Qonun berilgan bo`lsa edi, unda shubhasiz Qonunga amal qilish bilan oqlansa bo`lar edi.
22 Ammo Muqaddas Kitob butun borliqni gunohning hokimiyati ostida deb e`lon qilgan. Demak, ilohiy va`da faqat Iso Masihga ishonish orqali ro`yobga chiqadi va barcha imonlilarga nasib etadi.
23 Bo`lg`usi imon paydo bo`lishidan avval, biz bu imonning vahiy qilinishini kutib turgan tutqunlarday edik, Ilohiy Qonun nazorati ostida qamab qo`yilgan edik.
24 Boshqacha aytganda, biz imon bilan oqlanishni kutar ekanmiz, Qonun Masihga boshlovchi murabbiyimiz bo`lgan.
25 Lekin imon paydo bo`lganidan so`ng, biz endi Qonunning tarbiyasida emasmiz.
26 Shunday qilib, sizlar, Iso Masihga ishongan hamma, Xudoning o`g`illarisizlar.
27 Sizlar Masihni tan olib, suvda imon keltirdingizlar va har biringiz Masihni kiyib oldingizlar.
28 Endi na yahudiy bor, na yunoniy, na qul bor, na ozod, na erkak bor, na ayol. Siz Iso Masih ummati bo`lganingiz uchun, hammangiz birsizlar.
29 Agar Masihniki bo`lsangizlar, u holda Ibrohimning ham zurriyotisizlar, shuningdek, Xudo Ibrohimga va`da qilgan merosdan bahramandsizlar.