Menyu

Galatiyaliklarga maktub 2 Bob


1 Keyinroq, o`n to`rt yil o`tgandan so`ng, Barnabo bilan birga yana Quddusga bordim, Titusni ham yonimga oldim.

2 U yerga vahiy orqali bordim. Men ko`rsatgan jahdu jadalim puchga chiqmasin, deb qo`rqib, ularning alohida e`tiborli odamlari bilan ko`rishdim, majusiylar orasida o`zim targ`ib qilayotgan Xushxabarning mohiyatini ularga bayon etdim.

3 Ular esa hatto hamrohim Titusni, yunon bo`lishiga qaramay, xatna bo`lishga majbur etishmadi.

4 Faqat ba`zi soxta birodarlar lip etib oramizga suqilib kirishgan edi. Ular bizga Iso Masih ato etgan ozodlikni ko`rolmay, bizni yana qul qilmoqchi edilar.

5 Biz esa Xushxabarning haqiqati sizlar bilan abadiy bo`lsin deb, bir dam ham ularga yon bermadik.

6 Kimlar tomonidandir e`tiborli hisoblangan odamlarga kelganda (ular bir vaqtlar qanday bo`lgan bo`lsalar, menga bari bir, Xudo insonga yuz-xotir qilmaydi), shuni aytay, o`sha e`tiqodlilar mening zimmamga boshqa hech narsa yuklamadilar.

7 Aksincha, ular Xushxabar Butrusga ahli sunnat uchun berilganini bilib, men endi shu maqsadda sunnatsizlar oldiga yubrilganimni tan oldilar.

8 Axir, Xudo ahli sunnatga havoriylik qilayotgan Butrusda ham, majusiylarga havoriylik qilayotgan menda ham amal qilib kelmoqda.

9 Shunday qilib, imonlilar jamoatining ustunlari hisoblangan Yoqub, Kifa va Yuhanno Xudo menga bu ish uchun alohida inoyat berganiga ishonch hosil qildilar. Ular biz majusiylarning oldiga ketaylik, qolganlar esa ahli sunnatning oldiga ketsin, deb kelishdilar va men bilan Barnaboga birdamlik qo`lini berdilar.

10 Ular faqat biz kambag`allarni esdan chiqarmasligimizni iltimos qildilar, buni shaxsan men bajo keltirishga jon kuydirdim.

11 Butrus Antioxiya shahriga kelganda, uning xatoligini yuziga aytib fosh qildim.

12 Chunki Quddusdan, Yoqubning yonidan ba`zi odamlar kelishidan avval Butrus majusiylar bilan birga yeb-ichib yurgan edi. Ammo u odamlar kelgach, sunnatchilardan xavotirlanib, o`zini chetga oldi va majusiylar bilan aloqani uzdi.

13 Shunda boshqa yahudiylar ham Butrusga o`xshab riyokorlik qilishdi, hatto Barnabo ham ular riyokorligining qurboni bo`ldi.

14 Men esa ular Injil haqiqati bo`yicha harakat qilishmayotganini ko`rib, hammaga eshittirib Butrusga: “Agar sen yahudiy bo`la turib, yahudiylar kabi emas, majusiylar kabi yashayotgan bo`lsang, qanday qilib majusiylarni yahudiylashmoqqa majbur etyapsan?” – dedim.

15 To`g`ri, bizlar asli yahudiymiz, majusiylar singari gunohkor emasmiz.

16 Lekin shuni bilamizki, Xudo Ilohiy Qonunga amal qilgan kishini emas, Iso Masihga ishongan kishini oqlaydi. Shuning uchun bizlar ham Ilohiy Qonunga amal qilish bilan emas, Masihga ishonish bilangina oqlanamiz, deb Iso Masihga qattiq ishonganmiz. Hech kim Ilohiy Qonunga amal qilib, Xudo oldida o`zini oqlayolmaydi.

17 Bundan ko`rinadiki, Masih orqali oqlanishni izlagan o`zimiz ham hamma qatori gunohkor bo`lib chiqdik. U holda, Masih gunoh yo`lining homiysi ekan-da? – Aslo!

18 Agar men o`zim qulatgan qonun-qoidalar binosini qaytadan qurishga kirishsam, unda men o`zimning qonunbuzar ekanimni ko`rsatgan bo`laman.

19 Biroq endi men Xudo uchun yashay deb, Qonun oldida o`lganman, ha, Qonun o`zi meni o`ldirdi. Men Masih bilan birga xochga mixlab qo`yilganman.

20 Endi yashayotgan men emas, balki Masih mening ichimda yashayapti. Endi tanada yashayotganimga kelsak, meni sevgan va men uchun O`zini fido qilgan Xudoning O`g`liga bo`lgan imon bilan yashayapman.

21 Men Xudoning inoyatini inkor qilmayman. Agar Ilohiy Qonunga amal qilish bilan oqlanish mumkin bo`lganda edi, u holda Masih behuda o`lgan bo`lardi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6