Menyu

Galatiyaliklarga maktub 5 Bob


1 Shunday qilib, Masih bizga bergan erkinlikni mahkam tutinglar, qaytadan qullik bo`yinturug`ini taqmanglar.

2 Buni men, Papvlus, sizlarga gapiryapman: agar sizlar sunnat qiladigan bo`lsangizlar, Masih sizlarga foyda qilmaydi.

3 Xatna bo`ladigan har bir odamga yana ta`kidlab aytaman: u butun Ilohiy Qonunni bajarishga majburdir.

4 Sizlar: Qonunga amal qilib o`zimizni oqlaymiz, deb Masihdan ajralgansizlar va Xudo inoyatidan mahrum bo`lgansizlar.

5 Bizlar esa Ilohiy Ruhdan umidvor bo`lib, imonimiz asosida oqlanishimizni kutamiz.

6 Iso Masih yo`lida na sunnat, na sunnatsizlik biron ishga yaramaydi, faqat muhabbat bilan amal qiluvchi imon yaraydi.

7 Sizlar yaxshigina qadam otayotgan edingizlar. Shunday ekan, haqiqatga itoat qilishingizga kim halaqit berdi?

8 Sizning bu inonuvchanligingiz sizni Da`vat qiluvchidan bo`lmadi!

9 Ozgina xamirturush butun xamirni achitadi!

10 Rabbim haqi ishonchim komilki, sizlar bu xususda boshqacha fikr qilmaysizlar. Fikringizni chalg`ituvchi kim bo`lmasin, shunga yarasha jazosini oladi.

11 Birodarlar, men hali ham sunnatni targ`ib etayotgan bo`lsam, nima uchun hanuz ta`qiblarga duchor bo`lmoqdaman? Unday bo`sa, xoch vasvasasi yo`qqa chiqar edi-ku!

12 Qaniydi sizlarni bu gap bilan iztirobga soluvchilar o`zlarini bichishsa!

13 Ey birodarlar, sizlar erkinlikka chorlangansizlar. Faqat bu erkinlikni nafsingiz uchun qurbon qilmanglar, balki bir-biringizga muhabbat bilan xizmat qilinglar.

14 Chunki Ilohiy Qonunning hammasi bir so`zda jamlanadi, ya`ni: “O`zgani o`zing kabi sevgin”.

15 Ammo sizlar bir-biringiz bilan tishlashib, g`ajishsangizlar, ehtiyot bo`linglar, tag`in bir-birinizni yeb bitirmanglar!

16 Men shuni aytmoqchiman: Ilohiy Ruh amri bilan yashanglar, shunda tabiatingizdagi yomon ehtiroslar junbishga kelmaydi.

17 Chunki inson tabiati Ilohiy Ruhga, Ilohiy Ruh esa inson tabiatiga qarshi yo`naltirilgan. Bu ikkovi bir-biriga dushman bo`lgani uchun, sizlar istamaganingizni qilasizlar.

18 Agar siz Ruh amri ostida yashayotgan bo`lsangiz, unda Qonun amri ostida emassizlar.

19 Bashariy tabiatning ishlari ma`lum, chunonchi: fahshbozlik, harom-harishlik, fisq-fujur,

20 butparastlik, jodugarlik, dushmanlik, janjalkashlik, rashk-g`azab, manmanlik, ixtilofchilik, bid`atchilik,

21 hasad, qotillik, ichkilikbozlik, aysh-ishrat va shularga o`xshagan ishlar. Sizlarni oldin ogohlantirgan edim, yana ogohlantiryapman: bu kabi ishlarni qiluvchilar Xudo Shohligidan bebahra bo`ladilar.

22 Ilohiy Ruhning samarasi esa – muhabbat, sevinch, xotirjamlik, sabr-toqat, lutfkorlik, xayrixohlik, sadoqat,

23 muloyimlik va ibodir. Bu xislatlarga qarshi biror qonun yo`q.

24 Iso Masihga tegishli bo`lganlar esa o`z tabiatini, hirsu ehtiroslari bilan birga, xochga mixlab qo`yganlar.

25 Agar biz Ruh amri ostida bo`lsak, Ruh amri bilan umr kechirishimiz lozim.

26 Shuhratparast bo`lmaylik, bir-birimizda rashk qo`zg`amaylik, baxillik qilmaylik.

Boblar: 1 2 3 4 5 6