Ishayo | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Ishayo 53 Bob

tez o'tish:

1 Bizning xabarimizga kim ishondi? Egamizning qudratli kuchi kimga ayon bo‘ldi?

2 Egamizning quli Egamiz oldida yangi ko‘chatday, Quruq tuproqdagi ildizday o‘sdi. Bizni o‘ziga jalb qiladigan Go‘zalligi, ulug‘vorligi yo‘q edi. Bizni o‘ziga rom etadigan Hech bir jozibasi yo‘q edi.

3 Undan nafratlanganlar, uni rad etganlar. U qayg‘u nimaligini, azob–uqubatni bilardi. Undan odamlar yuz o‘girib, nafratlangan, Uni biz odam qatorida sanamaganmiz.

4 Ha, dardlarimizni u o‘ziga oldi, Og‘riqlarimizni u o‘z zimmasiga oldi. Biz esa o‘yladik: “Uni Xudo urgan, Alamdiyda, jabrlangan u!”

5 U esa bizning gunohlarimizni deb yarador bo‘ldi, Bizning ayblarimiz tufayli ezildi. Bizga tinchlik keltiradigan jazo unga tushdi, Uning yaralari bizga shifo berdi.

6 Hammamiz qo‘ylarday yo‘ldan adashdik, Hammamiz o‘z yo‘limizdan ketdik. Hammamizning ayblarimizni Egamiz uning zimmasiga yukladi.

7 U jabr ko‘rdi, o‘zi uqubat chekdi, Ammo miq etmadi, og‘zini ochmadi. Bo‘g‘izlanishga olib borilgan qo‘ziday, Jun qirquvchi oldida jim turgan qo‘yday U miq etmadi, og‘zini ochmadi.

8 Hukm bilan, kuch bilan olib ketildi. Uning nasli haqida kim o‘ylaydi? Tiriklar yurtidan u uloqtirildi, Xalqimizning gunohi tufayli unga zarba tushdi.

9 Garchi u yovuzlik qilmagan bo‘lsa ham, Og‘zidan yolg‘on so‘z chiqmagan bo‘lsa ham, Unga yovuzlar qatori qabr berilgandi, Ammo o‘limda u boylar yoniga qo‘yildi.

10 Egamiz uni ezishni, azoblashni ma’qul ko‘rdi. Agar u o‘zini gunoh uchun qurbonlik qilsa, O‘z naslini ko‘rib, uzoq umr ko‘radi. U orqali Egamizning xohishi bajo bo‘ladi.

11 Chekkan azoblarining natijasini ko‘rib, U mamnun bo‘ladi. Mening solih qulim o‘z bilimi tufayli Ko‘pchilikni oqlab, ularning aybini o‘ziga oladi.

12 Shu bois buyuklar qatorida unga ulush beraman, U kuchlilar bilan o‘ljalarni bo‘lishadi. Axir, u o‘zini o‘limga tutib berdi, Gunohkorlar qatorida sanaldi. Ko‘plarning gunohini u o‘ziga oldi, Gunohkorlar uchun vasiylik qildi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66