Korinfliklarga ikkinchi maktub 5 Bob
1 Biz bilamizki, bu foniy uyimiz, bu kulbamiz xarob bo`lgandan keyin, Xudo bizga mangu bir uy, qo`l bilan qurilmagan osmondagi makonni beradi.
2 Biz samoviy maskanimizga burkanishni sog`inib, oh chekib yuribmiz.
3 O`shanda shunday burkangan bo`lib, boshqa yalang`och ko`rinmaymiz.
4 Dunyoviy kulbada bo`lgunimizcha, istibdod ostida oh-nola chekyapmiz. Bu kulbadan chiqishni istamasak-da, samoviy vujudga burkanishni orzu qilamiz, chunki o`shanda bu foniylik boqiy hayotga tamoman g`arq bo`lajak.
5 Aynan shuning uchun Xudo bizni yaratgan va buning garovi qilib bizga Muqaddas Ruhni ato qilgan.
6 Shuning uchun biz doimo xotirjammiz. Bilamizki, bu badanda joylashgunimizcha, Rabbimizdan uzoqda qolgan g`ariblarmiz.
7 Biz ko`rish bilan emas, e`tiqod bilan yashaymiz.
8 Ha, xotirjammiz va iloji bo`lsa, badanimiz g`urbatsarosidan chiqib, Rabbimiz huzuridagi vatanga ko`chishni xohlaymiz.
9 Lekin xoh vatanda, xoh g`urbatda joylashsak, Rabbimizga maqbul bo`lish uchun jonbozlik qilamiz.
10 Chunki hammamiz badanda yashagan paytda qilgan yaxshi yoki yomon ishlarimizga yarasha qismatimizni olish uchun, Masihning hukm kursisi oldida hozir bo`lajakmiz.
11 Biz Xudodan qo`rqishning nimaligini anglaganimizdan keyin, boshqa odamlarni ham Unga ishontirmoqqa tirishamiz. Xudoga esa biz ayonmiz va umid qilamanki, sizlarning vijdoningizga ham ayonmiz.
12 O`zimizni sizlarga qayta taqdim etmayapmiz. Lekin qalbidan ko`ra tashqi qiyofasi bilan maqtanayotganlarga tegishli javob beringlar deb, biz bilan maqtanish imkoniyatini sizlarga beryaptiz.
13 Biz aqldan ozdikmi? Unda bu Xudo uchun. Aqlli gapiryapmizmi? Unda bu sizlar uchun.
14 Axir, Masihning sevgisi bizni qamrab olyapti-ku! Agar hamma odamlar uchun Bittasi o`lgan bo`lsa, bu hammasi o`lgani demak, degan xulosaga keldik.
15 Masih ana shu maqsadda hamma uchun o`ldi, toki yashayotganlar endi o`zlari uchun emas, balki o`zlari uchun o`lgan va tirilgan Masih uchun yashasinlar.
16 Shuning uchun biz endi hech kimni insoniy fikr bilan qadrlamaymiz. Agar Masihni ilgari insoniy fikr bo`yicha bilgan bo`lsak, bundan keyin yana bunday bilmaymiz.
17 Binobarin, kim Masihga tegishli bo`lsa, u yangi ijoddir. Qadimgi holat o`tib ketdi, endi (hammasi) yangi bo`ldi.
18 Bularning hammasiga Xudo sabab bo`ldi. U Masih orqali bizni O`zi bilan yarashtirdi hamda odamlarni Xudo bilan yarashtirish xizmatini bizga berdi.
19 Ha, Xudo Masih vujudida bo`lib dunyoni O`zi bilan yarashtirdi, odamlarning gunohlarini hisobga olmadi. Bu yarashish to`g`risidagi xabarni yetkazishni esa bizga topshirdi.
20 Shunday qilib, biz Masih uchun elchilik qilyapmiz, Xudo biz orqali insonlarga murojaat etyapti. Biz Masih nomidan yolvoryapmiz: Xudo bilan yarashinglar!
21 Xudo bizni O`ziga ma`qul, solih deb bilish uchun, gunohni hech bilmagan Masihni biz uchun gunohga aylantirdi.