Ibroniylarga maktub 1 Bob
1 Xudo qadimda bir necha marta va turli tarzda payg`ambarlar orqali ota-bobolarimizga gapirgan edi.
2 Oxirgi kunlarda esa U bizga O`z O`g`li orqali gapirdi. Xudo koinotni O`g`li orqali yaratgan va Uni borliqning vorisi qilib tayin etgan.
3 O`g`il – Xudo ulug`vorligining in`ikosi, Xudo borlig`ining aniq suratidir. U O`zining qudrati kalomi bilan koinotni asraydi. Gunohlarimiz yuvilishi uchun imkon yaratgandan so`ng, U samoda Hazrati Oliyning o`ng tomonida o`tirdi.
4 Iso farishtalardan g`oyat oliy martabaga yuksalgani uchun, ulardan juda ulug`roq bir nomga ham ega bo`ldi.
5 Farishtalarning qay biriga qachon Xudo: “Sen Mening O`g`limsan, Seni bugun tavallud ettirdim”, yohud: “Men Unga Ota bo`laman va U Menga O`g`il bo`ladi”, - degan edi?
6 Xudo To`ng`ichimni yer yuziga yuboray, deb yana shunday degan: “Xudoning butun farishtalari Unga sajda qilsinlar”.
7 Farishtalar haqida: “U O`z malaklarini shamollarga aylantirib, xizmatkorlarini o`t alangasi qiladi”, - deyilgan bo`lsa,
8 O`g`ilga esa bunday deyilgan: “Ey Xudo, Sening taxting doimiy va abadiydir, podsholiging hassasi – haqqoniyat hassasi.
9 Sen adolatni sevib, qonunsizlikdan nafratlanasan. Shuning uchun Xudo, Sening Xudoying, tengdoshlaringdan ko`ra ko`proq Sening boshingga xurramlik moyi surtdi”.
10 Yana shunday deyilgan: “Yo Rabbiy, Sen yerni azaldan bunyod etgansan, osmon esa Sening qo`llaring ijodi.
11 Ular yo`q bo`lib ketar, biroq Sen turaverasan. Hammasi kiyimdek nurab ketar,
12 bamisli libosday o`rab qo`yasan ularni, joma singari almashtiriladi. Ammo Sen ayni O`shaning O`zisan, Sening yo`llaring tamom bo`lmas”.
13 Nahotki Xudo qachondir biron farishtaga: “Yovlaringni oyoqlaring ostiga yiqimagunimcha, Sen Mening o`ng tomonimda o`tirib tur!” – degan bo`lsa?!
14 Axir, farishtalarning hammasi ham najot vorislariga xizmat qilish uchun yuborilgan xizmatchi ruhlardir.