Menyu

Ibroniylarga maktub 6 Bob


1-2 Shuning uchun Masih haqidagi boshlang`ich ta`limotni qoldirib, kamolotga intilaylik. Tag`in o`lik ishlardan tavba qilish, Xudoga ishonish, g`usllar, boshga qo`l qo`yib duo qilishlar, qiyomat va abadiy hukm haqidagi ta`limotning asosini solib o`tirmaylik.

3 Xudo xohlasa, bunga erishamiz.

4 Bir marta ziyoni ko`rgan, samoviy in`omdan lazzat olgan, Muqaddas Ruhdan bahramand bo`lgan,

5 Xudoning xayrli kalOmini va kelajak olamning qudratlarini totib ko`rgan kishilar

6 agar bundan keyin imondan qaytsalar, ularni yana tavba qildirib tuzatish imkonsizdir. Chunki bunday kishilar Xudoning O`g`lini yangidan xochga qoqib, masxara qilgan bo`ladilar.

7 Ustiga mo`l-ko`l tushgan yomg`irni ichgan va dehqonlar uchun foydali o`simlik bergan yer Xudodan barakat oladi.

8 Ammo tikanu qushqo`nmasni bergan yer esa yaramasdir va la`natga qoladi. Uning oxirati – yonishdir.

9 Sizlarga kelsak, ey seviklilar, shunday gapirishimizga qaramay, aminmizki, sizlarning ahvolingiz bundan yaxshiroqdir va najotga erishasizlar.

10 Chunki Xudo adolatsiz emas. U sizlarning ishingizni, Uning ismiga ko`rsatgan muhabbatingizni unutmaydi, O`z azizlariga qanday xizmat qilganingizni va hozir ham qilayotganingizni yodda tutadi.

11 Orzu qilamizki, umidingiz tamoman ro`yobga chiqsin, har biringiz oxirigacha aynimay g`ayrat ko`rsatinglar,

12 erinmanglar, imon va sabr-toqat bilan ilohiy va`dalarga erishganlardan o`rnak olinglar.

13 Xudo Ibrohimga va`da berganda, O`zidan buyukroq birovning ismi haqi qasam icha olmay, O`z Zoti haqi qasam ichib, dedi:

14 “Men senga qut-baraka beraman, zurriyotingni bag`oyat ko`paytiraman”.

15 Ibrohim esa sabr-toqat qilib, ilohiy va`daga erishdi.

16 Odamlar o`zlaridan buyukroq bo`lganning ismi haqi qasam ichadilar. Qasam isbot hisoblangani uchun, har qanday tortishuvlarga xotima beradi.

17 Shunga o`xshab, Xudo ham va`dasini oluvchilarga O`z irodasining buzilmasligini ochiqroq ko`rsatmoqchi bo`lib, va`dani qasam bilan kuchaytirdi.

18 Shunday qilib, biz bu ikki buzilmas dalil bilan yolg`on gapirmaydigan Xudodan panoh topaylik, ko`zimiz oldidagi umidni mahkam ushlab, dadil va jasur bo`laylik.

19 Umidimiz jon langariday ishonchli va mustahkamdir, biz bu umid orqali ma`bad pardasining orqa tomoniga ham o`tib kiramiz.

20 O`tmishdoshimiz Iso Malkisidq martabasi bo`yicha abadiy Oliy ruhoniyimiz bo`lib, u yerga bizlardan ilgari o`tib kirgan.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13