Ibroniylarga maktub 7 Bob
1 Malkisidq Salim podshohi hamda Xudoyi Taoloning ruhoniysi edi. Ibrohim to`rt shohni tor-mor etib qaytib kelayotganida, Malkisidq uni qarshilagani chiqib, uni duo qildi.
2 Ibrohim esa unga har bir narsadan ushr berdi. Malkisidq otining birinchi ma`nosi “solihlik podshohi” demakdir. Bundan boshqa u “Salim podshohi”, ya`ni tinchlik podshohidir.
3 U otasizu onasizdir, umuman nasabnomasizdir. Umrining na boshlanishi, na oxiri qayd etilgan. U Xudoning o`g`liga o`xshash abadiy ruhoniy bo`lib qoladi.
4 Endi bu zotning naqadar buyuk ekanligini ko`ring! Ulug` otamiz Ibrohim ham g`animatlarining o`ndan birini unga berdi.
5 Tavrotda buyurilishicha, Leviy o`g`illaridan ruhoniylik vazifasini olganlar xalqdan, ya`ni Ibrohim urug`-ajdodi bo`lgan o`z birodarlaridan ushr olishlari kerak.
6 Lekin Leviy ajdodidan bo`lmagan Malkisidq esa ilohiy va`dalar egasi bo`lgan Ibrohimdan ushr oldi-yu, uni duo qildi.
7 Shak-shubhasizdirki, duo qiluvchi duo oluvchidan buyukdir.
8 Oddiy ruhoniylar o`ladigan odamlar bo`lib xalqdan ushr oladilar. Malkisidq esa, Tavrotda ramz qilinishicha, mangu barhayot ruhoniy bo`lib ushr olgan.
9 Aytish mumkinki, ushr oluvchi Leviy o`zi ham Ibrohim orqali ushr bergan.
10 Chunki Malkisidq Ibrohimni qarshi olganda, Leviy hali bobokaloni Ibrohimning belida edi.
11 Isroil xalqi Leviy avlodining ruhoniylik tartibi bo`yicha Tavrotni qabul qilgan edi. Agar Horun ajdodidan bo`lgan Leviylarning ruhoniylik xizmati mukammal bo`lganda edi, unda yana boshqa bir ajdod – Malkisidq ajdodidan bir Ruhoniyning o`rtaga chiqishiga qanday ehtiyoj bor edi.
12 Chunki ruhoniylik qonun-qoidalari o`zgartirilsa, Tavrotning o`zini o`zgartirish zarur bo`lib qoladi.
13 Boya aytilgan Ruhoniy esa – Rabbimiz Isodir. U boshqa bir qabilaga mansub, bu qabiladan hech kim qurbongohda xizmat qilmagan.
14 Rabbimiz Iso Yahudo qabilasidan kelib chiqqanligi ma`lumdir. Muso payg`ambar esa bu qabila haqida gapirganda, ruhoniylikka doir hech narsa aytmagan edi.
15 Endi Malkisidqqa o`xshash boshqa bir Ruhoniy – Iso o`rtaga chiqqandan keyin, bu masala yana ham aniq ko`rinib turibdi.
16 Iso insoniy qonun-qoidalarga rioya qilgan, deb emas, balki poyonsiz hayot qudratiga ega, deb ruhoniy bo`ldi.
17 Zaburda: “Sen Malkisidq martabasi bo`yicha abadiy ruhoniysan”, - deb ta`kidlangan.
18 Bundan ko`rinadiki, avvalgi qonun-qoidalar ojiz va foydasiz bo`lgani uchun, endi bekor qilingan.
19 Chunki Tavrot qonuni bilan bir kishini ham kamolga yetkaza olmagan. Buning o`rniga endi a`loroq bir umid maydonga keldi, biz bu umid bilan Xudoga yaqinlasha olamiz.
20 Umidimiz qasamyod bilan tasdiqlangani uchun a`loroqdir.
21 Ilgari o`tgan ruhoniylar qasamsiz ruhoniy bo`lardilar. Ammo Iso, “Xudovand qasamyod qilgan va so`zidan qaytmas: Malkisidq martabasi bo`yicha Sen abadiy ruhoniysan”, - degan ilohiy farmon bilan ruhoniy bo`ldi.
22 Demak, Iso a`loroq bir ahdga kafil bo`ldi.
23 Oddiy ruhoniylarning soni ko`p edi, chunki o`lim ularning boqiy qolishlariga monelik qilar edi.
24 Ammo Iso boqiy qolganligi uchun, o`tib ketmaydigan ruhoniylikka molikdir.
25 Shuning uchun Iso O`zi orqali Xudoga yaqinlashuvchilarga najot berishga butunlay qodir, U har doim barhayot bo`lib, ularga shafoat qiladi.
26 Chindan bizlarga xuddi Iso kabi oliy ruhoniy kerak: U muqaddas, aybsiz, nuqsonsiz, gunohkorlardan ayrilgan, osmondan ham yuqoriga ko`tarilgan.
27 U boshqa oliy ruhoniylar kabi har kun oldin o`z gunohlari uchun, keyin xalqning gunohlari uchun qurbonlik keltirishi kerak emas. Chunki O`zini o`zi qurbon qilganda, buni bir marta qilib bo`ldi.
28 Tavrot Qonuniga binoan ojiz bandalar oliy ruhoniylikka tayin etilar edi. Xudoning Tavrotdan keyin, Zaburda bergan qasamli va`dasiga binoan endi abadiy kamol topgan Xudo O`g`li tayin etildi.