Ibroniylarga maktub 13 Bob
1 Bir-biringizni birodarlarcha sevishni davom ettiringlar.
2 Mehmondo`stlikni unutmanglar; ba`zi kishilar mehmonlarimni yaxshi kutay, deb bilmasdan farishtalarni kutganlar.
3 Mahbuslarni, go`yo o`zingiz ham ular bilan birga hibs bo`lgandek, eslab turinglar. Zoriqqanlarni o`zingiz ham tanangiz borligini bilib, xotirlanglar.
4 Nikoh hammaning ko`zida e`tiborda bo`lsin, yotog`ingiz beg`ubor bo`lsin. Chunki zinokorlaru fohishlarni Xudo hukm qiladi.
5 Pulparastlikdan xoli kun kechiringlar. Qo`lingizda bori bilan qanoatlaninglar. Chunki Xudoning O`zi: “Seni hech tashlab ketmayman va aslo tark etmayman”, - degan.
6 Shuning uchun biz jasorat bilan aytyapmiz: “Xudovand men tomonda, men qo`rqmayman. Inson menga ne qila bilar”.
7 Xudo kalOmini sizlarga gapirgan boshliqlaringizni xotirlanglar. Ularning hayoti natijasiga qarab, imonlariga ergashib yuringlar.
8 Iso Masih kecha, bugun va abadiy O`shaning O`zidir.
9 Siz turli yot va g`alati ta`limotlarga berilib, yo`lingizdan og`ib ketmanglar. Yurak Xudoning inoyati bilan quvvatlanishi yaxshidir, maxsus taomlar bilan emas. Yegulik-ichgulikka doir qonun-qoidalarga rioya qiluvchilar bundan biror foyda ko`rmagan.
10 Bizning bir qurbongohimiz borki, Shahodat Chodirida xizmat qiluvchi ruhoniylar u yerga kirib yeyishga haqqi yo`q.
11 Ilgari gunohlarning kechirilishi uchun oliy ruhoniy muqaddas makonga kirib, hayvon qonlarini bag`ishlar edi. Hayvonlarning jasadlari esa manzilning tashqarisida yoqilar edi.
12 Shunga o`xshab, Iso ham O`z qonim bilan xalqni muqaddas qilay, deb shahar darvozasidan tashqarida azob chekib o`ldi.
13 Endi bizlar ham Uning xo`rligini o`zimizga olib, manzildan tashqariga – Uning oldiga chiqaylik.
14 Chunki bu yerda bizning doimiy shahrimiz yo`q, biz bo`lg`usi shaharga ko`z tikib yuribmiz.
15 Shunday qilib, Iso orqali Xudoga uzluksiz hamdu sano qurbonlarini bag`ishlaylik, ya`ni Uning nomi tilimizdan tushmasin.
16 Xayrixohlik va ulfatchilikni unutmanglar, chunki bunday qurbonlar Xudoga maqbuldir.
17 O`z jamoat boshliqlaringizga itoat qilinglar, ularga kamoli ehtirom bilan bo`ysuninglar. Chunki ular hisobot beradiganlardek hamisha jonlaringizni qo`riqlab turadilar. Bu ishni esa ohu nola bilan emas, balki sevinch bilan bajo keltirsinlar. Agar buni ohu nola bilan qilsalar, sizlarga foyda bo`lmaydi.
18 Bizlar uchun ibodat qilinglar. Vijdonimiz toza ekanligiga aminmiz, chunki biz hamma narsani halollik bilan bajarishga harakat qilamiz.
19 Ayniqsa men uchun ibodat qilishingizni ko`p o`tinib so`rayman, Xudo meni tezroq sizlarning oldingizga qaytarsin.
20 Tinchlik bergan Xudo qo`ylarning ulug` Cho`poni – Rabbimiz Isoni abadiy ahdning qoni bilan tiriltirdi.
21 Xudo O`z murod-maqsadini Iso Masih orqali sizlarda bajo keltirsin, Xudoning irodasini ijro etmog`ingiz uchun O`zi sizlarda har xil fazl-kamolotni paydo qilsin. Iso Masihga abadulabad shon-sharaflar bo`lsin! Omin.
22 Ey birodarlar, sizlardan iltimos qilaman, qisqagina yozgan bo`lsam ham bu nasihat kalOmini sabr-toqat bilan qabul qilinglar.
23 Bilinglarki, birodarimiz Timo`tiy ozodlikka chiqarildi, agar u tezlik bilan yonimga kelsa, u bilan birga sizlarni ko`rgani boraman.
24 Jamoat boshliqlaringizning hammasiga va barcha ahli mo`minga salom aytinglar. Italiyaliklar sizlarga salom yo`llayaptilar.
25 Xudoning inoyati hammangizga yor bo`lsin. Omin.