Menyu

Ibroniylarga maktub 12 Bob


1 Mana, bizning atrofimizni o`rab olayotgan naqadar yirik shohidlar olomoni bor ekan! Shuning uchun har bir og`irlikni, ayniqsa hadeb poylab turadigan gunohni bir chetga uloqtirib tashlaylik, taqdirimizdagi musobaqada sabr-toqat bilan chopaylik.

2 Imonimizning Ilg`ori hamda uni kamolga Yetkazuvchi Isoga ko`z tikaylik. U O`zini kutayotgan shodlik uchun sharmandalikni mensimay, xoch azob-uqubatiga chidadi. Hozir esa U Arshi A`loning o`ng tomonida o`tirmoqda.

3 Iso gunohkorlar tomonidan qarshilikka uchrab, sabr-toqat qildi. Sizlar shu haqda fikr qiling, toki tinkangiz qurib, ruhingiz tushib ketmasin.

4 Sizlar gunohga qarshi kurashishda hanuz qon to`kilishiga qadar qarshilik ko`rsatmapsiz-u,

5 o`g`il sifatida sizlarga aytilgan bu matalni unutibsizlar: “Ey o`g`lim, Xudovandning tanbehiga e`tiborsiz qarama, u seni mazammat qilganda sulayib ketma.

6 Xudovand sevgan kishining adabini berar, o`g`lim deb bilgan hammaning chorasini ko`rar”.

7 Sizlar chekayotgan mashaqqatlarga tanbeh deb, sabr qilinglar. Xudo sizlar bilan o`g`illarday muomala qilyapti-ku! Qanday o`g`il yo`qki, otasi unga tanbeh bermasa?!

8 Tanbeh – hammaning nasibasidir. Agar sizlar bundan mahrum qolsangiz, sizlar o`g`il emas, haromzodasizlar.

9 Bizlarga tanbeh bergan jismoniy otalarimiz bor edi va ularni hurmat qilganmiz. Shunday ekan, yashash uchun ruhlarning Otasi – Xudoga itoat etishimiz yanada muhimroq emasmi?

10 Otalarimiz o`zlariga yoqqanday bizga qisqa vaqt tanbeh berganlar. Xudo esa O`zining muqaddasligidan bahramand bo`lishimiz uchun, manfaatimiz uchun tanbeh qilyapti.

11 Har bir tanbeh hozirgi zamonda sevinch emas, qayg`u bo`lib ko`rinadi. Ammo shu tariqa tarbiyalanganlar uchun keyin solihlik va tinchlik samarasi unib-o`sadi.

12 Shunday ekan, shalpaygan qo`llaringizni ko`tarib, bukik tizzalaringizni mustahkam qilinglar.

13 Oyoqlaringizni to`g`ri yo`lga buringlar, yana biron oqsoq yo`ldan toymasin, aksincha, shifo topsin.

14 Hamma bilan tinch-totuv yashash va muqaddas bo`lishga g`ayrat qilinglar. Muqaddaslikka ega bo`lmasdan hech kim Rabbimizni ko`rolmaydi.

15 Diqqat etinglar, birortangiz ham Xudoning inoyatidan mahrum qolmang. Yana orqangizda biror achchiq tomir unib-o`sib, og`usi ko`pchilikka yuqib, zaharlanmasin.

16 Ichingizda biron zinokor, shuningdek, bitta taom uchun o`z to`ng`ichligini sotgan Esov kabi Xudodan qo`rqmas odam bo`lmasin.

17 Bilganingizday, Esov shundan keyin otasining duosiga intildi, ammo rad etildi. Hatto ko`z yoshlari bilan yolvorsa-da, otasining niyatini o`zgartirishga muvaffaq bo`lmadi.

18 Sizlar yaqinlashgan tog` – sezib bo`ladigan, gurkirab yonayotgan, tim qorong`ilikka ko`milgan, bo`ron bosgan,

19 karnay ovozi yangrab turgan Sinay tog`iday emas. U yerda Xudo kalomlarini e`lon qilgan bir tovush bor ediki, uni eshitganlar yana bir so`z aytilmasin deb yolvordilar.

20 “Agar toqqa hayvon ham tegsa, toshbo`ron qilinadi”, degan ilohiy farmonga ular dosh berolmas edilar.

21 Bu manzara shu qadar dahshatli ediki, Musoning o`zi: “Men juda qo`rqib titrayapman!” – dedi.

22 Sizlar, aksincha, Sion tog`iga, barhayot Xudoning shahri – Samoviy Quddusga, lak-lak farishtalar tumonotiga yaqinlashgansizlar.

23 Sizlar bayram tusini olgan, ismlari osmonda yozilgan to`ng`ichlar ummatiga, hammani hukm qiluvchi Xudoga kamolga erishgan solihlarning ruhlariga yaqinlashgansizlar.

24 Sizlar Yangi Ahdning vositachisi – Isoga yaqinlashgansizlar. Hobilning qonidan ko`ra ulug`roq ma`noni ifodalovchi Isoning qoni ustingizga sepilgan.

25 Ehtiyot bo`linglar, so`zlayotgan Xudodan yuz o`girmanglar! Muso payg`ambar Xudodan vahiy olib, yer yuzida so`zlagan edi, uni rad etgan Isroil o`g`illari esa, jazodan qochib qutulmadilar. Agar biz osmondan so`zlayotgan Xudodan yuz o`girsak, bundan ham og`irroq jazodan qanday qochib qutulamiz?

26 O`sha vaqtda Uning ovozi yerni larzaga soldi. Endi esa U payg`ambar oyatida shunday va`da beryapti: “Men yana bir bor yolg`iz yerni emas, osmonni ham larzaga solgayman”.

27 “Yana bir bor” so`zi esa bundan so`ng yaratilgan butun o`tkinchi mavjudotning yo`q bo`lishini ko`rsatadi. Natijada faqat boqiy mavjudot qoladi.

28 Biz esa o`tkinchi emas, boqiy podshohlikka muyassar bo`lganimiz uchun Xudodan minnatdor bo`laylik, Unga ma`qul bo`ladigan ehtirom va qo`rquv bilan xizmat qilaylik.

29 Chunki bizning Xudoyimiz – yeb tugatadigan otashdir.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13