1 Ilohiy Qonun bo`lg`usi xayr-barakalarning asl surati emas, soyasiginadir. Shuning uchun yildan-yilga muntazam ravishda ayni qurbonlarni keltiruvchilar Ilohiy qonun orqali kamolga erisha olmaydilar.
2 Aks holda ular bu qurbonlarni bag`ishlashni bas qilmas edilarmi? Unday bo`lganida edi, bu xizmatni bajo keltiruvchilar bir martada poklangan bo`lar va yana gunohi borligini sezmas edilar.
3 Holbuki, qurbonlar bag`ishlash bilan har yili gunohlar esga solinadi, xolos.
4 Chunki buqayu takalarning qoni gunohlarni bartaraf qilolmaydi.
5 Shuning uchun Masih dunyoga kelib, Xudoga shunday degan edi: “Qurbonu bag`ishlovni Sen xohlamading, ammo Men uchun badan hozirlading.
6 Gunoh uchun yoqiladigan qurbonlardan, xayr-ehsonlardan rozi bo`lmading.
7 O`shanda Men dedim: o`rog`liq bitikda Men haqda bitilgan, xohishingni ado etmoq-chun keldim, ey Xudoyim”.
8 Tavrotda qurbonliklar bag`ishlash haqida qonun-qoidalar ko`p. Shunga qaramay, Masih birinchidan: “Qurbonu bag`ishlovni, gunoh uchun yoqiladigan qurbonlar va xayr-ehsonlarni Sen xohlamading, rozi bo`lmading”, - deyapti.
9 Ikkinchidan esa: “Sening xohishingni ado etmoq-chun keldim, ey Xudoyim”, - deyapti. Bundan ko`ramizki, Masih ikkinchi qoidani joriy qilish uchun birinchisini bekor qildi.
10 Chunonchi, Xudoning xohishi bilan Iso Masih O`z tanasini bir martaqurbonlikka bag`ishladi va shu yo`l bilan bizni muqaddas qildi.
11 Har bir ruhoniy kun sayin Xudoga xizmatini ado qilaverib, aslo gunohlarni yo`q qila olmaydigan o`sha-o`sha qurbonliklarni ko`p marta bag`ishlaydi.
12 Masih esa gunohlar uchun bitta qurbonlik bag`ishlagandan keyin, Xudoning o`ng tomonida abadiy o`tirib oldi.
13 O`sha vaqtdan beri U dushmanlarining O`z oyoqlari ostiga yiqilib qolishlarini kutmoqda.
14 U bittagina qurbonlik keltirib, ishonuvchilarni muqaddas qildi va abadiy kamolga erishtirdi.
15 Muqaddas Ruh ham bu haqda bizlarga shahodat beradi.
16 Birinchidan U shunday degan: “Xudovand kalomi: O`sha kunlardan so`ng Men xalqim ila qiladigan ahdim bu bo`lajak: qonunlarimni ularning diliga jo qilurman, o`y-fikrlariga yozib qo`yurman farmonlarim”.
17 Keyin U qo`shimcha qilib: “Ularning gunohlariyu jinoyatlarini men boshqa esga keltirmayman”, - degan.
18 Demak, Xudo gunohlardan o`tgan bo`lsa, ular uchun boshqa qurbonlikka hojat yo`q.
19 Shuning uchun, ey birodarlar, Iso Masihning qoni tufayli muqaddas makonga kirishga jasoratimiz bor.
20 Iso ma`baddagi parda orqali, ya`ni O`z badani orqali bizga yangi, tirik kirish yo`lini ochib berdi.
21 U Xudo xonadoni ustidan mas`ul bo`lgan buyuk Ruhoniyimizdir.
22 Shunday qilib, dillarimiz yomon vijdonndan poklangan, badanimiz esa toza suv bilan yuvilgan bo`lib, biz endi to`la ishonch va e`tiqod bilan, chin qalbdan Xudoga yaqinlashaylik.
23 Imon keltirib topgan umidimizni ikkilanmay mahkam tutaylik. Chunki va`da bergan Xudo O`z so`ziga sodiqdir.
24 Bir-birimizga e`tibor beraylik va muhabbatga, xayrli ishlarga rag`batlantiraylik.
25 Ba`zilarning odatidek, yig`ilishlarimizni qoldirmaylik. Aksincha, Rabbimiz keladigan kuni yaqinlashib qolganini bilib, bir-birimizga yana ko`proq dalda beraylik.
26 Agar biz haqiqatni bilib olgandan keyin, qasddan gunoh qilishda davom etsak, endi gunohlarning kechirilishi uchun boshqa qurbonlik qolmaydi,
27 faqat dahshatli intizorlik bilan hukmni kutish va xudobezorni kuydiradigan qizg`in otash qoladi.
28 Kimki Musoninng Qonunini rad etsa, ikki yo uch shohidning guvohligi bilan rahmsiz o`lim jazosiga mahkum qilinadi.
29 Agar kimdir Xudoning O`g`lini oyoq-osti qilsa, Uning qoni bilan muqaddas qilingani holda bu qonni oddiy deb bilsa, inoyatli Xudo Ruhini haqorat qilsa, u yana qanchalik og`irroq jazoga loyiq hisoblanadi, deb o`ylaysizlar?!
30 Xudoning shu kalOmini yaxshi bilamiz: “Intiqom Mening qo`limdan, sazosini Men beraman, - deydi Xudovand”. Va yana: “Xudovand O`z xalqini hukm etadi”.
31 Barhayot Xudoning qo`liga tushib qolish dahshatlidir!
32 Avvalgi kunlarni esga keltiringlar. O`shanda siz ziyoni ko`rib, azob-uqubatlar to`la qattiq kurashga bardosh berar edingizlar.
33 Goh o`zlaringiz el-yurtning haqoratiga qolib, azob chekar, goh shunday ahvolga yo`liqqanlarga hamdard bo`lardingizlar.
34 Mahbuslarning alam-achchig`iga sherik bo`lardingizlar. Sizni yanada yaxshi va boqiy boylik kutayotganini bilib, mol-mulkingizni talon-taroj etilishini xursandlik bilan qabul qilardingizlar.
35 Shunday ekan, kelajakda ulug` taqdiri bor umidingizni tashlamanglar.
36 Xudoning irodasini ado etib, Uning va`dasini qo`lga kiritish uchun sizlarga sabr-toqat kerak.
37 Xudo shunday degan: “Yana bir oz, juda bir ozdan keyin keladigan keladi va kechikmas.
38 solih odam imoni bilan hayot bo`lur. Agarda u orqaga chekinsa, jonim undan rozi bo`lmas”.
39 Bizlar esa orqaga chekinib halok bo`lmaymiz, balki imonni saqlab, jonimizga najot topamiz.