Ibroniylarga maktub 2 Bob
1 Demak, biz eshitganlarimizdan qaytmaslik uchun bularga juda ko`p diqqat qilishimiz kerak.
2 Farishtalar orqali aytilgan kalom u vaqtdayoq har turli jinoyat va itoatsizlik qilganni qat`iy suratda jazolar edi.
3 Shunday ekan, dastavval Rabbimiz Iso bildirgan, so`ngra shohidlari tomonidan tasdiqlangan najot xabariga biz e`tiborsizlik qilsak, jazodan qanday qochib qutulamiz?
4 Xudo O`z shohidlariga ajoyibotlar, mo``jizalar va har turli qudratli ishlar ko`rsatdi, O`z xohish-irodasiga ko`ra Muqaddas Ruhning in`omlarini ularga ulashib, ularning shahodatlariga O`zining tasdig`ini qo`shib berdi.
5 Biz gapirayotgan kelajak dunyoga kelsak, Xudo uni farishtalariga tobe qilmadi.
6 Bir oyatda shunday ta`kidlangan: “Inson qadri nedirki, Sen uni yodlagaysan? Odam o`g`li nedirki, Sen uni ardoqlaysan?
7 Sen uni malaklardan andak past qilding, izzatu jamol tojini unga kiydirding. O`z yaratganlaring ustidan unga saltanat berding,
8 bor mavjudotni uning oyoqlaring ostiga qo`yding”. Xudo borliqni odamning oyoqlari ustiga qo`ygan bo`lsa, demak, unga tobe bo`lmagan biror narsa qoldirmadi. Vaholanki, biz insonga hanuz hamma narsalar tobe ekanligini ko`rmayapmiz.
9 Biroq Isoni esa farishtalardan biroz past qilinib, o`lim azob-uqubati chekkanidan so`ng, izzatu jamol toji kiydirilgan holda ko`ryapmiz. Uning hamma inson uchun o`limga duchor bo`lishi Xudoning inoyatli xohishi edi.
10 Hamma narsa Xudo uchun va Xudo orqali bor bo`lgan. Xudo ko`p o`g`illarni ulug`likka erishtirmoqchi bo`lib, ularning najot Asoschisi – Isoni ham azob-uqubatlar orqali kamolga erishtirishni munosib ko`rdi.
11 Chunki ham muqaddaslik baxsh etuvchi Iso, ham muqaddaslik qabul qiluvchi imonlilar hammasi bir Otadandir. Bu sababdan Iso ularni birodarlarim deb chaqirishdan or qilmaydi Zaburda aytilganidek:
12 “Sening ismingni birodarlarimga e`lon etgayman, jamoat ichrap Senga hamdu sanolar ayturman”.
13 Payg`ambar oyatida Iso haqida yana shunday deyilgan: “Men Xudoga tavakkal qilurman”, va davomida: “Mana, Men va Xudo Menga bergan bolalar!”
14 Bolalar et va qondan iborat bo`lganlari uchun, Iso O`zi ham ularga tenglashib, xuddi shunday vujudga ega bo`ldi, toki o`lim bilan dahshat soluvchi iblisni O`z o`limi orqali yo`q qilsin
15 va umr bo`yi o`lim qo`rquviga qul bo`lgan odamzodbolalarini ozod qilsin.
16 Har holda Iso farishtalarga emas, balki Ibrohim nasliga yordam beradi.
17 Shuning uchun U har jihatdan birodarlariga o`xshab qolishi kerak edi, xalqning gunohlari uchun Xudo huzurida tavajjuh qila oladigan marhamatli va sodiq oliy ruhoniy bo`lmog`i lozim edi.
18 O`zi sinovdan o`tib azob chekkani uchun, sinovdan o`tayotganlarga madad bera oladi.