Ibroniylarga maktub 9 Bob
1 Qadimgi Ahd davrida diniy xizmat haqida qonun-qoidalar hamda dunyoviy bir ma`bad bor edi.
2 Bir chodir qurilgan edi. “Muqaddas makon” deyilgan birinchi bo`lmada shamdon, xontaxta va muqaddas baxshida nonlar bor edi.
3 Ikkinchi pardaning orqasida “muqaddaslar muqaddasi” deb atalgan ichki bo`lma bor edi.
4 Bu yerda xushbo`y tutatqi tutatiladigan oltin qurbongoh, shuningdek, har tomoni oltin bilan qoplangan ahd sandig`i bor edi. Ahd sandig`i ichida manna solingan oltin idish, Horunning gullagan hassasi va ahd lavhalari bor edi.
5 Sandiq ustida qurbongohga soya soladigan ulug`vor malaklar bor edi. Hozir bular haqida birma-bir gapirish mumkin emas.
6 Shunday jihozlangan chodirning birinchi bo`lmasiga ruhoniylar uzluksiz kirib, diniy xizmatlarini ado etardilar.
7 Lekin chodirning ichkari bo`lmasiga esa yilda bir martagina faqat oliy ruhoniy kirardi. U o`zi uchun va xalqning g`aflatdan qilgan gunohlari uchun qon bag`ishlamasdan, aslo u yerga kira olmas edi.
8 Bu bilan Muqaddas Ruh shuni ko`rsatyaptiki, chodirning birinchi bo`lmasi hanuz mavjud ekan, muqaddas makonga kirish yo`li ochilmagan.
9 Bu hozirgi zamon uchun ramzdir. Bundan ko`ramizki, Xudoga xizmat qiluvchilar hadyalar va qurbonlar bag`ishlash orqali o`z vijdonlarini poklay olmaydilar.
10 Bu udumlar yegulik, ichgulik va har xil tahoratlar bilan, ya`ni kishi tanasi bilangina bog`liqdir, ular faqat yangi tuzum paydo bo`lgungacha joriy edi.
11 Endi esa bo`lg`usi xayr-barakalarning Oliy ruhoniysi bo`lgan Masih paydo bo`ldi. U qo`l bilan qurilmagan, ya`ni bu dunyo ijodi bo`lmagan buyukroq va mukammalroq chodirdan o`tib bordi.
12 Masih takalar va buzoqlarning qoni bilan emas, balki O`z qoni bilan muqaddas makonga bir marta kirib, bizlar uchun abadiy najotni qo`lga kiritdi.
13 Ilgari takalaru buqalarning qoni hamda yoqilgan g`unajinlarning kuli harom bo`lgan kishilarning ustiga purkalganda, ular jisman poklanib, muqadas hisoblanardilar.
14 Endi esa Masih abadiy Ruhilloh qudratida O`zini nuqsonsiz qurbon qilib, Xudoga bag`ishladi. Uning to`kkan qoni vijdonimizni o`lik ishlardan poklaydi va barhayot Xudoga xizmat qilishimiz uchun imkon yaratadi.
15 Ana shu sababdan Masih Yangi Ahdning vositachisi bo`ldi. Qalimiy Ahd davrida yashagan odamlar qilgan gunohlaridan forig` bo`lsin deb va Xudo abadiy merosga da`vat etganlar bunga muyassar bo`lsin deb, Masih O`zini qurbon qildi.
16 Qayerda vasiyat bor bo`lsa, vasiyat qilganning o`limini qayd qilib o`tish kerak.
17 Chunki vasiyat o`limdan keyingina kuchga kiradi. Vasiyat qiluvchi hali tirik ekan, vasiyatning hech bir ta`siri yo`q.
18 Shu bois Qadimgi Ahd ham qon to`kilmasdan kuchga kirmadi.
19 Muso payg`ambar Tavrotni qabul qilib, uning har bir amrini butun xalqqa o`qib bergandan so`ng, buqalar va takalar qoni hamda arg`uvon yung, issop tarmoqlari va suv olib kitobning ustiga ham, butun xalqning ustiga ham purkab:
20 “Bu – Xudo sizlarga buyurgan ahdning qoni”, - dedi.
21 Shuningdek, muqaddas chodir va barcha tabarruk anjomlar ustiga qon purkadi.
22 Zotan Tavrot Qonuni bo`yicha qariyb hamma narsa qon bilan poklanadi, qon to`kilmasdan umuman kechirim bo`lmaydi.
23 Agar samoviy mavjudotning aksigina bo`lgan bu narsalarni shunday poklash kerak bo`lsa, unda samoviy mavjudotning asli yana qanchalik a`loroq qurbonlarni talab qiladi!
24 Ana shu maqsadda Masih bizlar uchun Xudoning huzurida hozir bo`ldi. U haqiqiy voqelikning soyasigina bo`lgan bu dunyodagi muqaddas makonga emas, balki inson qo`li bilan qurilmagan osmondagi haqiqiy muqaddas makonga kirdi.
25 Oliy ruhoniy har yil begona qon bag`ishlash uchun muqaddas makonga kirishi lozim. Masih esa faqat bir marta O`z qonini bag`ishlash uchun samoviy makonga kirdi va bu kifoyadir.
26 Aks holda U dunyo yaratilganidan beri bir necha marta azob chekishi kerak edi. Endi esa, zamonning oxirida, U odamlarning gunohlarini aritish uchun bir marta olamga kelib, O`zini qurbon qildi.
27 Zotan bir marta o`lish va undan keyin hukm qilinish insonlarning taqdiridir.
28 Shuningdek, Masih ham ko`plarning gunohlarini O`z bo`yniga olish uchun bir marta qurbon bo`ldi. Lekin U ikkinchi marta dunyoga kelganda, yana gunohlarni yuvish uchun emas, balki Uni kutayotganlarga najot keltirish uchun osmondan tushib keladi.