Ibroniylarga maktub 3 Bob
1 Shunday ekan, ey, samoviy da`vatdan bahramand bo`lgan muqaddas birodarlarim, imonimizning Elchisi – Oliy ruhoniyimiz Isoga qaranglar!
2 Muso payg`ambar butun Xudoning xonadoniga sodiq qolgani kabi, Iso Masih ham Uni tayin etgan Xudoga sodiq qoldi.
3 Imoratning me`mori imoratning o`zidan ko`proq hurmat ko`radi. Xuddi shunday, Iso Masih Muso payg`ambardan ko`proq ulug`vorlikka loyiq hisoblandi.
4 Har bir uyning quruvchisi boru, ammo aslida hammaning binokori – Xudo.
5 Muso payg`ambar butun Xudo xonadonidan mas`ul sodiq xizmatkor sifatida Xudoning kelajakda aytadigan kalomlariga zamin hozirladi, xolos.
6 Masih esa Xudo xonadonini O`g`il kabi boshqaradi. Agar biz jasoratimizni va ulug` umidimizni oxirigacha mahkam tutsak, biz Uning xonadonimiz.
7 Mana, Muqaddas Ruh nima deyapti: “Agar bugun Xudoning ovozini eshitsangiz,
8 cho`lda, isyon va g`azab kunida bo`lganidek, yana yuragingizni tosh qilmanglar!
9 U yerda otalaringiz Meni sinov qildilar, qirq yil ishlarimni ko`rgan bo`lsalar ham, Meni imtihon qildilar.
10 Shuning uchun bu nasldan bezor bo`lib dedim: bular doim dilidan adashgan bir qavmdir, Mening yo`llarimga rioya qilmaydilar.
11 Men g`azablanib, ont ichdimki: ular Mening farog`atimga kirmaslar”.
12 Ey birodarlar, hech biringizda barhayot Xudodan qaytgan yomon, imonsiz bir yurak bo`lmasligiga diqqat etinglar.
13 Hech kim gunohning aldovi bilan yuragini tosh qilmasin; “bugun” deyilguncha, bir-biringizga har kuni nasihat qilib turinglar.
14 Agar biz avvalgi e`tiqodimizni oxirigacha mahkam tutsak, Masihga sherik hisoblanamiz.
15 Yuqorida deyilgani kabi: “Agar bugun Uning ovozini eshitsangiz, isyonu g`azab kunida bo`lganidek, yuragingizni tosh qilmanglar!”
16 O`shanda Xudoning ovozini eshitib, isyon qilganlar kim edi? Muso payg`ambar sharofati bilan Misrdan chiqqanlarning hammasi emasmidi?
17 Xudo qirq yil kimdan bezor bo`ldi? Gunoh qiluvchilardan emasmi? Mana, ularning jasadlari cho`lda parokanda bo`ldi.
18 Xudo: “Ular Mening farog`atimga kirmaydi”, - deb kimlar haqida qasam ichgan edi? Bo`ysunmaganlar haqida emasmi?
19 Ko`ryapmizki, ular imonsiz bo`lgani uchun farog`at diyoriga kira olmadilar.