Menyu

Ibroniylarga maktub 11 Bob


1 Imon – bu umidvor bo`lgan narsalarning mujassamlanishidir, imon bilan biz ko`rinmaydigan mavjudotga amin bo`lamiz.

2 Ota-bobolarimiz imon bilan Xudoning roziligini qozondilar.

3 Bizlar imon orqali anglayapmizki, koinot Xudoning kalomi bilan bunyod bo`lgan, ya`ni ko`rinadigan moddalar ko`rinmaydigan voqelikdan vujudga kelgan.

4 Imon bilan Hobil Xudoga Qobildan ko`ra yaxshiroq qurbon keltirdi. Hobil imoni tufayli solih kishi deb qabul qilindi. Xudoning O`zi uning bag`ishlovlarini tasdiqlab, undan roziligini bildirdi. Hobil o`lgan bo`lsa ham, imoni orqali hanuz gapiryapti.

5 Imoni tufayli Hano`h o`lmay, yuqoriga olindi. U yana topilmadi, chunki Xudo uni yuqoriga olgan edi. Yuqoriga olishdan oldin Xudo undan roziligini ta`kidlagan edi.

6 Ishonmasdan esa Xudoning roziligini topmoqning imkoni yo`q. Kim Xudoga yaqinlashmoqchi bo`lsa, Uning borligiga ishonmog`i lozim, Xudo Uni izlovchilarga mukofot berishiga e`tiqod qilmog`i shart.

7 Nuh payg`ambar imonli bo`lgani uchun, Xudo unga kelajakda yuz beradigan hodisalar haqida vahiy yubordi, Nuh esa o`z xonadonini qutqarish uchun ixlos bilan kema yasadi. U bu ishi bilan dunyoni mahkum qildi, o`zi esa imoni tufayli ahli solih deb qabulga o`tdi.

8 Ibrohim payg`ambar ham o`z imoni tufayli Xudoga itoat qildi. Xudo uni chaqirib: “Nasib etadigan mamlakatga ket”, - deb buyurganida, Ibrohim qayerga borishini bilmasdan yo`lga tushdi.

9 Imon bilan u Xudo va`da bergan yerda o`rnashdi, nasib bo`ladigan qut-barakalarning ham vorislari bo`lgan o`g`illari Ishoq va Yoqub bilan birga g`ariblarcha chodirda yashadi.

10 U me`mori va quruvchisi Xudo bo`ladigan mustahkam, boqiy shaharni kutar edi.

11 Soro bibi ham imon bilan va`da bergan Xudoning sadoqatiga ishonib, yoshi o`tsa ham, homilador bo`lishga quvvat oldi.

12 Shuning uchun ham bir odam, ya`ni qartayib jonsizlashgan Ibrohimdan ko`kdagi yulduzlar va dengiz sohilidagi qum kabi son-sanoqsiz nasl tug`ildi.

13 Bu kishilarning hammasi Xudo va`da etgan barakalarga erishmay, imonli bo`lib olamdan o`tdilar. Barakani uzoqdan ko`rib olqadilar, yer yuzida g`aribu musofir ekanliklarini e`tirof etdilar.

14 Kimki bunday fikrda bo`lsa, bir vatan izlayotganini ko`rsatadi.

15 Agar ular ayrilgan vatanini qumsab qolganlarida edi, qaytib borishga fursatlari bo`lar edi.

16 Ammo ular yanada yaxshisi, ya`ni samoviy vatanni orzu etardilar. Shuning uchun Xudo ularning Xudosi atalmoqdan or qilmaydi. Uning O`zi ular uchun bir shahar hozirlagan edi.

17 Xudo Ibrohimni sinovdan o`tkazayotganida, Ibrohim imon bilan o`g`li Ishoqni qurbonlikka olib bordi. Ha, u Xudodan ma`lum va`dalarni olganiga qaramasdan, yagona o`g`lini bag`ishlamoqchi bo`ldi.

18 Vaholanki, Xudo unga: “Sening nasling Ishoq orqali ko`payadi”, - deb va`da bergan edi.

19 Demak, Ibrohim Xudo hatto o`liklarni ham tiriltirishga qodir, degan fikrda edi. Shuning uchun ham u ramziy ma`noda Ishoqni o`limdan qaytarib oldi.

20 Shuningdek, Ishok ham imon bilan o`g`illari Yoqub vaEsovni istiqbollari haqida duo qildi.

21 Yoqub esa o`layotganida, imon bilan o`g`li Yusufning o`g`illarini bir-bir duo qildi va o`z hassasiga suyangancha Xudoga sajda qildi.

22 Yusuf ham olamdan o`tay deganda, Isroil o`g`illarining Misrdan chiqib ketishi to`g`risida imon bilan karomat qildi va o`z suyaklari haqida vasiyat qildi.

23 Muso tug`ilganda ota-onasi uni imon bilan yashirishdi. Ular chaqaloqning chiroyli ekanligini ko`rib, Fir`avnning farmonidan qo`rqishmadi.

24 Muso voyaga yetgach, Fir`avn qizining o`g`li deb atalishni imon bilan rad etdi.

25 Gunoh qilib vaqtinchalik huzur-halovat ko`rishdan, Xudoning xalqi bilan azob-uqubat chekishni afzal ko`rdi.

26 Masih tufayli haqoratga qolishni Misrning xazinalaridan buyukroq boylik hisobladi, chunki u oladigan mukofotni ko`zlar edi.

27 Fir`avnning g`azabidan qo`rqmasdan imon bilan Misrni tark etdi. U ko`rinmas Xudoni ko`rganday, sabot-matonatli bo`ldi.

28 So`ngra misrlik to`ng`ichlarni qirgan azroil isroilliklarga tegmasin deb, nabi Muso imon bilan Fisih qurbonini so`ydi va eshiklarga qon purkadi.

29 Imon bilan isroilliklar Qizil dengizdan xuddi quruqlikdan o`tayotgandek kechib o`tishdi. Misrliklar ham o`tishga harakat qilgach, g`arq bo`lib ketishdi.

30 Isroilliklar yetti kun Yerixo shahri devorlari atrofida aylanib o`tgandan keyin, imonlari tufayli devorlar qulab tushdi.

31 Imon bilan fohisha Rahoba ham josuslarni do`stona qabul qilib oldi va kofirlar bilan birga halok bo`lmadi.

32 Yana nimalar haqida gapiray? Yana Gid`o`n, Baraq, Shim`o`n, Iftah, Dovud, Shomuil va barcha payg`ambarlar haqida hikoya qilishim uchun vaqtim yetarli emas.

33 Ular imon bilan podsholiklarni to`ntardilar, adolatni barqaror qildilar, ilohiy va`dalarga erishdilar, sherlarning og`zini bog`ladilar.

34 Lovullagan otashni so`ndirdilar, qilich tig`idan qochib qutuldilar, holdan toygan bo`lib quvvatga kirdilar, jangda matonat ko`rsatdilar, begona qo`shinlarni yengib daf qildilar.

35 Bir necha ayollar o`z marhumlarini tirilgan holda qaytarib oldilar. Boshqalari esa a`loroq tirilishga – qiyomatgaerishish umidida yurib, qutulishni qabul qilmadilar va azobda qolib o`ldilar.

36 Yana boshqalari haqoratlar, kaltaklarga chidab, zindonlarda zanjirband bo`lib yotdilar.

37 Toshbo`ron bo`ldilar, qiynoqlarga chidadilar, arralab ikkiga bo`lindilar, qilichdan o`tkazildilar. Qo`y va echki ko`ni ichida sarson-sargardon kezib, muhtojlik, tanglik, azob-uqubat chekdilar.

38 Cho`l-sahrolarda, tog`-toshlarda adashib, g`orlarda, yerning kavaklarida faqirlarcha umr kechirdilar. Mana, dunyo ularga munosib emas edi!

39 Ularning hammasi ham imoni bor degan tasdiqqa ega bo`lsa-da, Xudo va`da etgan qut-barakaga muyassar bo`lmadilar.

40 Xudo bizsiz kamolga erishmasin deb, Xudo biz uchun a`loroq barakalarni ko`zda tutgan edi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13