Ibroniylarga maktub 4 Bob
1 Xudoning farog`at diyoriga kirish haqidagi ilohiy va`da hali ham mavjud ekan, mabodo sizlardan biror kishi fursatni qo`ldan bermasin, deb xavotirlanamiz.
2 Chunki o`tmishdoshlar kabi bizlar ham Xushxabarni oldik. Ammo ular eshitgan so`zlarini imon bilan qabul qilmagani uchun foydasi bo`lmadi.
3 Faqat biz, imonlilar, u farog`at diyoriga kiramiz. Xudo: “G`azablanganimda ont ichdimki, ular Mening farog`atimga kirmaslar”, - deb aytgan. Holbuki, dunyo yaratilgandanoq Xudo taqdir etgan hamma ishlar tamom bo`lib turibdi.
4 Yaratilishning yetti kuni haqida bir oyatda bunday deyilgan: “Xudo yettinchi kunda qilgan barcha ishlaridan forig` bo`ldi”.
5 Ammo boyagi oyatda: “Ular Mening farog`atimga kirmas”, - deb ta`kidlangan.
6 Bundan anglashiladiki, dastavval Xushxabarni eshitganlar itoatsizligi uchun farog`at diyoriga kirmagan bo`lsada, yana ba`zi kishilarga kirish uchun imkoniyat bor ekan.
7 Xudo ana shuni ko`zda tutib, uzoq vaqtdan keyin Zaburda Dovud orqali “bugun” deb yana bir kun tayin qilgan. Yuqorida aytilgandek: “Agar bugun Uning ovozini eshitsangiz, yana yuragingizni tosh qilmanglar!”
8 Agar Nabi Yasu Isroil o`g`illarini farog`atga erishtirganda edi, bunday keyin Xudo boshqa bir kun haqida gapirishiga hojat yo`q edi.
9 Demak, Xudo xalqining farog`at kuni kelajakka qoladi.
10 Xudo O`z ishlaridan qanday forig` bo`lgan bo`lsa, Uning farog`atiga kiruvchilar ham o`z ishlaridan shunday forig` bo`ladilar.
11 Shunday ekan, birortamiz ham bunday itoatsizlikdan o`rnak olib, yiqilib qolmasligimiz uchun, o`sha farog`atga kirishga jon kuydiraylik.
12 Xudoning kalomi jonli va ta`sirli, har turli dudama qilichdan o`tkirroqdir. U jon bilan ruhni, bo`g`inlar bilan ilikni bo`lgundek, suqilib kiradi, yurakning xayolu niyatlarini fosh qiladi.
13 Xudoning oldida pinhon qolgan hech bir mahluq yo`q, Uning ko`zi oldida hamma narsa ochiq va ayondir. Axir, biz Unga hisob beramiz-ku!
14 Bizning ulug` Oliy ruhoniyimiz, ya`ni Arshi a`logacha o`tib borgan Xudoning O`g`li Iso bor ekan, tan olgan e`tiqodimizni mahkam tutaylik.
15 Bizning Oliy ruhoniyimiz zaifliklarimizga hamdard bo`lishga ojiz emas, U har tomondan bizlar kabi vasvasaga solingan, lekin gunoh qilmagan.
16 Shunday ekan, ilohiy marhamatga noil bo`lish va zarurat vaqtida inoyat va yordam olish uchun, Xudoning inoyat taxtiga jasorat bilan yaqinlashaylik.