Ibroniylarga maktub 5 Bob
1 Har bir oliy ruhoniy odamlar orasidan tanlab olinib, odamlar o`rnida Xudoga xizmat qiladi, gunohlar uchun Xudoga hadyalar va qurbonlar keltiradi.
2 Johillar va yo`ldan ozganlarga u muloyimlik bilan muomala qila oladi, chunki o`zi ham zaifliklarga mubtalo bo`lib yuradi.
3 Shu sababdan xalqning gunohlari uchun ham, o`z gunohlari uchun ham qurbon qilishi kerak.
4 Birov bu martabaga o`zi-o`zidan erishmaydi, balki Horun kabi Xudoning buyrug`i bilan erishadi.
5 Shunga o`xshab, Masih ham oliy ruhoniylik sharafini o`zlashtira olmadi, balki Xudo Unga: “Sen Mening O`g`limsan, Seni bugun tavallud ettirdim”, - deb, Uni ulug`likka sazovor qildi.
6 Shuningdek, boshqa bir joyda Xudo Masih haqida shunday degan: “Malkisidq martabasi bo`yicha Sen abadiy ruhoniysan”.
7 Masih badanda yashagan kunlarida O`zini o`limdan qutqarishga qodir bo`lgan Xudoga zo`r faryod va ko`z yoshlari bilan sig`inib, yalinib-yolvordi, xudojo`yligi sababidan toati ijobad bo`ldi.
8 Garchi U Xudoning O`g`li bo`lsa ham, azob-uqubat chekib, itoat qilishni o`rgandi.
9 Masih shunday kamolotga erishib, Unga quloq solganlarning hammasi uchun abadiy najot yaratdi.
10 Shu tariqa Xudo Masihni “Malkisidq martabasi bo`yicha Oliy ruhoniy” qilib tayinladi.
11 Bu haqda aytadigan so`zimiz ko`p, ammo tushuntirish qiyin, chunki quloqlaringiz og`ir bo`lib qoldi.
12 Vaqt nuqtai nazaridan sizlar allaqachon muallim bo`lishingiz kerak edi. Ammo sizlarga yana Xudo kalOmining ilk asoslarini o`rgatishga ehtiyoj bor. Sizlarga qattiq oziq emas, sut kerak.
13 Sut bilan ovqatlanadigan har bir kishi esa hali chaqaloq, solihlik kalomida g`o`ru tajribasizdir.
14 Qattiq oziq esa kamolotga etganlarga, ya`ni tuyg`ulari yaxshi va yomonni farq etish malakasiga ega bo`lganlarga xosdir.