Menyu

Ibroniylarga maktub 8 Bob


1 Aytganlarimizning asosiy nuqtasi shuki, bizning osmonda, Arshi A`loning o`ng tomonida o`tirgan Oliy ruhoniyimiz Iso bor.

2 O`sha yerda U inson emas, Xudovand qurgan haqiqiy Chodirda xizmat qiladi.

3 Har bir oliy ruhoniy hadyalar va qurbonlar keltirish uchun tayin etiladi. Shunday ekan, Isoning ham keltiradigan bir narsasi bo`lishi lozim edi.

4 Agar U yer yuzida bo`lganida edi, umuman ruhoniy bo`lolmas edi. Chunki Tavrotda buyurilgan hadyalarni taqdim qiluvchi ruhoniylar bor.

5 Ular Muso payg`ambar Xudodan olgan ko`rsatmaga muvofiq qurilgan chodirda diniy xizmat ko`rsatadilar. Xudo Musoga: “Ehtiyot bo`l, har bir narsani tog`da senga ko`rsatilgan namunaga muvofiq qilgin”, - deb buyurgan edi. Demak, ruhoniylar xizmat qiladigan makon faqat osmondagi mavjudotning namunasi va soyasiginadir.

6 Lekin endi Iso a`loroq va`dalarga asoslangan a`loroq bir ahdga kafil bo`lgani uchun, juda ham ulug`roq ruhoniylik xizmatiga erishdi.

7 Agar Xudo qilgan birinchi ahd nuqsonsiz bo`lganida edi, ikkinchisiga fursat axtarilmas edi.

8 Holbuki, Xudo qadimgilardan nuqson topib, Tavrotda shunday degan: “Mana Xudovand kalomi: Isroil xonadoni va Yahudo xonadoni bilan Men yangi bir ahd qiladigan kunlar kelyapti.

9 Bu qiladigan ahdim esa – Men ularning ota-bobolari qo`lidan ushlab, Misr yeridan olib chiqqanda qilgan ahdimga o`xshamagay. Zeroki – Xudovand deyapti: ular Mening ahdimga sodiq qolmadilar va Men ulardan yuz o`girdim.

10 O`sha kunlardan keyin Isroil xonadoni ila qiladigan ahdim bu bo`lajak, - deydi Xudovand – qonunlarimni ularning fikriga jo qilib, dillariga yozib qo`yurman. Men ularning Xudosi bo`lurman, ular esa Mening xalqim bo`lur.

11 Ta`lim bermagay yana hech kimsa o`z birodariyu qabiladoshiga: Xudovandni tan olgin, - deya. Chunki hammalari, kattayu kichik Meni tanib-biladi.

12 Men ularning yomonliklaridan o`tib, gunohlarini boshqa esga keltirmayman”.

13 Shunday qilib, Xudo “yangi bir ahd” deyish bilan qadimgi ahdning eskirganligini ko`rsatdi. Eskirib va qarib borayotgan narsa esa yo`q bo`lib ketishi muqarrardir.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13