Korinfliklarga birinchi maktub 10 Bob
1 Birodarlar, sizlar shundan xabarsiz qolishingizni istamayman: ota-bobolarimizning hammasi nurli bulut ostida kezdilar va hammasi Qizil dengizdan o`tdilar.
2 Ularning hammasi shunday bulut ostida kezib va dengizdan o`tib, Muso payg`ambar nomidan suvga cho`mib imon keltirganday bo`ldilar.
3 Hammasi baravar ruhiy oziqni yedilar.
4 Hammasi baravar ruhiy ichimlikni ichdilar; ular orqalaridan kelayotgan ruhiy qoyatoshdan suv ichdilar. U qoyatosh esa Masih edi.
5 Lekin Xudo ularning ko`plaridan rozi bo`lmadi, ular sahroda halok bo`lishdi.
6 Ularning boshiga tushgan bu ko`rgiliklar biz ularday yomon nafsga berilmasligimiz uchun bizga namuna bo`ldi.
7 Ularning ba`zilariga o`xshab, butparast bo`lmanglar. Ular haqida Tavrotda shunday yozilgan: «Xalq yeyish va ichish uchun o`tirdi, o`ynashmoqqa turdi».
8 Zinokorlik ham qilmaylik, chunki ulardan ba`zilari zinokorlik qildilar va bir kunda ulardan yigirma uch ming kishi nobud bo`ldi.
9 Masihni ham sinov qilmaylik, chunki ulardan ba`zilari Xudoni sinadilar va ilonlardan halok bo`ldilar.
10 Shikoyatbozlik ham qilmanglar, chunki ulardan ba`zilari shikoyat qildilar va Qiruvchi ularni urib nobud qildi.
11 Ular boshdan kechirgan bu hodisalarning hammasi biz ibrat olishimiz uchun sodir bo`ldi, zamonaning oxiriga yetishgan bizlar uchun nasihat tariqasida yozilgan.
12 Shuning uchun, o`zining mustahkamligiga ishongan kishi yiqilmaslik uchun ehtiyot bo`lsin.
13 Boshingizga oddiy insoniy vasvasadan boshqa vasvasa kelmagan. Xudo esa sodiqdir, U kuchingizdan ortiq vasvasaga tushishingizga yo`l qo`ymaydi, lekin vasvasa bilan birga toqat qilishingiz uchun ilojini ham beradi.
14 Binobarin, ey sevikli birodarlarim, butparastlikdan qochinglar!
15 Men sizlarga aqli borlar deb xitob qilyapman, gapimni o`zlaringiz muhokama qilinglar.
16 Biz qutlug` kosani qutlar ekanmiz, Masihning qoniga aloqador bo`lmaymizmi? Nonni sindirar ekanmiz, Masihning badaniga aloqador bo`lmaymizmi?
17 Non qanday bitta bo`lsa, biz ham xuddi shunday ko`plashib bitta badanni tashkil etamiz. Axir, burda-burda bo`lsa-da, hammamiz bitta nonni bo`lishamiz.
18 Hozirgi dunyoviy Isroilga qaranglar: Xudo sha`niga keltiriladigan qurbonlik etlarini yeguvchilar qurbonohda ishtirok etmaydilarmi?
19 Men nima demoqchiman o`zi? But biron narsa hisoblanadimi? Yoki butga bag`ishlangan qurbonlik biror ahamiyat kasb etadimi?
20 Yo`q, ammo majusiylar qurbonlik bag`ishlaganda Xudoga emas, jinlarga bag`ishlaydilar. Sizlar esa jinlar bilan aloqa qilishingizni istamayman.
21 Sizlar ham Rabbimiz kosasidan, ham jinlar kosasidan icha olmaysizlar; ham Rabbimiz dasturxonida, ham jinlar dasturxonida ishtirok qila olmaysizlar.
22 Nahotki biz Rabbimizning rashkini qo`zg`amoqchi bo`lsak? Nahotki biz Undan kuchli bo`lsak?
23 Hamma narsa menga joiz ekan, lekin hamma narsa foydali emas. Hamma narsa joiz ekan, lekin hamma narsa ibratli emas.
24 Har kim o`zining emas, o`zganing manfaatini ko`zlasin.
25 Vijdoningiz tinch bo`lishi uchun, bozorda sotiladigan hamma narsani tekshirmasdan yeyaveringlar.
26 Chunki «Xudovandnikidir yer yuzi va undagi borliq jon».
27 Agar imonsizlardan biri sizlarni chaqirsa va borishga mayl qilsangiz, vijdoningiz tinch bo`lishi uchun, oldingizga qo`yilgan har bir narsani tekshirmasdan yeyaveringlar.
28 Mabodo u kishi sizlarga: «Bu butga bag`ishlangan qurbon go`shti», – deb aytsa, aytganning xotiri uchun va vijdon uchun yemanglar. (Zotan yer va undagi borliq jon Xudovandnikidir).
29 Men vijdon deb o`zimning emas, boshqa kishining vijdonini ko`zda tutyapman. Nima uchun boshqa kishining vijdon tufayli mening erkinligimga dog` tushar ekan?
30 Agar men Xudoga shukrona aytib ovqatda ishtirok etsam, nega minnatdorchiligim uchun aybdor bo`lar ekanman?
31 Shunday qilib, yeysizlarmi, ichasizlarmi, nimaiki qilsangizlar, hamma narsani Xudoni ulug`lash uchun qilinglar.
32 Na yahudiylarni, na yunonlarni, na Xudoning jamoatini qoqintiradigan biron narsa qilmanglar.
33 Men ham o`z manfaatimni emas, ko`plarning manfaatini ko`zlayman, ular najot topsin deb, turli yo`l bilan hammaning ko`nglini topmoqchiman.