Korinfliklarga birinchi maktub 12 Bob
1 Ey birodarlar, Muqaddas Ruhning in`omlari haqida bexabar qolishingizni istamayman.
2 Esingizdami, sizlar butparast bo`lgan vaqtingizda gung butlarga sajda qilar va juda mahliyo bo`lar edingizlar.
3 Shuning uchun sizlarga shuni bildiryapmanki, Xudoning Ruhidan ilhom olayotgan hech kim Isoga la`nat aytmaydi, shuningdek, hech kim Muqaddas Ruh ilhomisiz Isoni Rabbim deb ayta olmaydi.
4 Ruhiy in`omlar har xildir, Ruh esa bittadir.
5 Xizmatlar har xildir, Rabbimiz esa bittadir.
6 Ruhiy ta`sirlar har xildir, lekin hammada har qanday ta`sirni vujudga keltirgan yagona Xudodir.
7 Muqaddas Ruh umumiy manfaat uchun har kimda alohida faoliyat ko`rsatadi.
8 Birov Ruh ilhomi bilan hikmatli kalomni aytadi, boshqasiga o`sha Ruh bilimli gapirishni ato etadi.
9 O`sha Ruh birovga imon kuchi, boshqasiga esa shifokorlik in`omlarini baxsh etadi.
10 Birovga mo``jizakorlik kuchlari, boshqasiga bashoratgo`ylik, yana boshqasiga ruhlarning farqiga borish qobiliyati nasib etadi. Biriga turli tillarda gapirish, boshqasiga bu tillarni ta`bir qilish ilhomi keladi.
11 Bularning hammasi esa o`sha bitta Ruh ta`sirida sodir bo`ladi, Ruh O`zi xohlagani bo`yicha, bu qobiliyatlarni har kimga alohida taqsimlaydi.
12 Bir badanda ko`p uzv bor. Badanning uzvlar ko`p bo`lsa-da, ular bir badanni tashkil etadi. Masih jamoati ham shundaydir.
13 Biz kim bo`lishimizdan qat`iy nazar – yahudiymi, yunonmi, qulmi, erkinmi – hammamiz bir badan bo`lish uchun o`sha bitta Ruhga cho`mganmiz va hammamiz o`sha bitta Ruhdan ichganmiz.
14 Badan bir emas, ko`p uzvdan iborat.
15 Agar oyoq: «Men qo`l bo`lmaganim uchun badanga tegishli emasman», – desa-da, badanga tegishli bo`lmay qoladimi?
16 Agar quloq: «Men ko`z bo`lmaganim uchun badanga tegishli emasman», – desa-da, badanga tegishli bo`lmay qoladimi?
17 Agar butun badan ko`z bo`lsa edi, eshitish qayerda qolar edi? Agar butun badan quloq bo`lsa edi, hid bilish qayerda qolar edi?
18 Shunday qilib, Xudo uzvlarning har birini badanda istaganicha qo`ydi.
19 Agar hammasi birgina uzv bo`lsa edi, badan qayerda qolar edi?
20 Xullasi kalom, uzvlar ko`p, badan esa birdir.
21 Ko`z qo`lga: «Sen menga kerak emassan», – yoki bosh oyoqlarga: «Sizlar menga kerak emassizlar», – deb aytolmaydi.
22 Aksincha, badanning zaifroq ko`ringan uvlari juda kerakli.
23 Badanimizning e`tiborsizroq ko`ringan uzvlariga ayniqsa e`tibor beramiz. Ko`rimsiz uzvlarimizga esa yana ko`proq zeb beramiz.
24 Lekin xushbichim uzvlarimizning bunga ehtiyoji yo`q. Xudo esa badanni muvofiqlashtirib yaratdi, yetishmagan uzvga alohida e`tibor berdi.
25 Shu tariqa badanda bo`linish bo`lmaydi, lekin butun uzvlar bir-biriga bir xil g`amho`rlik qiladilar.
26 Agar bir uzv azob cheksa, butun uzvlar u bilan birga azob chekadi. Agar bir uzv yuksalsa, butun uzvlar u bilan birga sevinadilar.
27 Sizlar esa Masihning badanisizlar, Uning ayrim-ayrim uzvlarisizlar.
28 Shu tariqa, Xudo imonlilar jamoatiga birinchidan havoriylarni, ikkinchidan payg`ambarlarni, uchinchidan muallimlarni tayinlab berdi. Keyin ba`zilarga mo``jiza ko`rsatish qobiliyati, shifokorlik kuchlari, yordam berish, boshqarish, turli tillarda gapirish qobiliyatlarini berdi.
29 Hammasi havoriymikin? Hammasi payg`ambarmikin? Hammasi muallimmikin? Hammasi mo``jiza ko`rsatarmikin?
30 Hammasida shifokorlik kuchlari bormikin? Hammasi no`malum tillarda gapirarmikin? Hammasi bu tillarni ta`bir qilarmikin?
31 Sizlar yaxshisi, a`loroq in`omlarga qiziqinglar. Endi men sizlarga eng oliy yo`lni ko`rsataman.