Korinfliklarga birinchi maktub 2 Bob
1 Ey birodarlar, men sizlarning oldingizga Xudoning payg`Omini e`lon qilgani kelganimda, so`zamollik va bilgichlik niqobi ostida kelmadim.
2 Orangizda ekanman, Iso Masihdan va Uning xochga mixlanganidan boshqa hech narsa bilmaslikka qaror qildim.
3 Oldingizga zaiflik va qo`rquv hissi hamda katta qaltiroq bilan keldim.
4 Mening so`zim va va`zim inson zakovatining ishontiruvchiligidan emas, Xudo Ruhi va qudratidan dalolatdir,
5 toki imoningiz inson hikmatiga emas, Xudoning qudratiga asoslansin.
6 Shunday qilib, biz yetuk bo`lganlar orasida so`zlab beradigan bir hikmat borki, u bu dunyoning va bu dunyodagi o`tkinchi hokimlarning hikmatiday emas.
7 Biz Xudoning maxfiy, sirli hikmati borasida gapiramiz, U bu hikmatni dunyo bino bo`lishidan avval bizga ulug`lik yaratish uchun shaylab qo`ygan edi.
8 Bu hikmatni dunyo hokimlaridan hech kim tushunmadi. Tushunsalar edi, ulug` Rabbimizni xochga mixlamas edilar.
9 Lekin xuddi Tavrotda yozilganidek bo`ldi: «Ko`z ko`rmagan, quloq eshitmagan, inson aqli bovar qilmagan narsalarni Xudo O`zini sevganlarga muhayyo qilgan».
10 Bizlarga esa Xudo buni O`z Ruhi orqali oshkor qildi. Ilohiy Ruh butun narsalarni, hatto Xudoning teranliklarini tekshirib ko`radi.
11 Insonning o`ylarini uning ichidagi o`z ruhidan boshqa kim biladi? Xuddi shunday, Xudoning o`ylarini Xudoning Ruhidan boshqa hech kim tushuna olmaydi.
12 Bizlar esa dunyoning ruhini olmadik, balki Xudo bizga ato qilgan boyliklarni bilib olishimiz uchun, Xudodan chiqqan Ruhni qabul qildik.
13 Biz bu boyliklarni insoniy hikmatdan dalolat beruvchi so`zlar bilan uqtirmaymiz. Aksincha, Ilohiy Ruhdan ilhomlangan so`zlar bilan Ilohiy Ruhga tobe bo`lgan kishilarga ilohiy haqiqatni talqin qilamiz.
14 Inson o`zining tug`ma his-tuyg`ulari bilan Xudo Ruhi o`rgatgan narsalarni qabul qila olmaydi. U bularni tushunmagani uchun tentaklik hisoblaydi. Zero ilohiy haqiqatni Ilohiy Ruh yordamida muhokama qilish lozim.
15 Xudo Ruhiga tobe kishi hamma narsani muhokama qiladi, o`zini esa hech kim muhokama qila olmaydi.
16 Tavrotda yozilganidek: «Xudovandning fikrini kim anglab yetibdiki, Unga ta`lim bersa?» – Bizda esa Masihning fikri bor.