Menyu

Korinfliklarga birinchi maktub 5 Bob


1 Har holda, sizning orangizda zinogarlik paydo bo`libdi, degan ovozalar chiqdi; buning ustiga shunday zinogarlikki, hatto majusiylar orasida bunday hodisa yuz bermagan, ya`ni sizlardan bir kishi otasining xotinini olibdi!

2 Va sizlar bu bilan faxrlanyapsizlar! Aksincha, motam tutib, bunday ish qilgan odamni orangizdan chiqarib tashlashingiz kerak edi-ku!

3 Men esa jisman g`oyib bo`lsam ham, ruhan har dam sizlar bilan birgaman. Men go`yo yoningizda bo`lgandek, bu ishni qilgan odam haqida allaqachon Rabbimiz Iso Masih nomi bilan hukm yuritdim:

4 Sizlar mening ruhim hamda Rabbimiz Iso Masihning qudrati bilan bir joyda to`planganingizda,

5 bu odamni tana tinkasini quritish uchun shaytonga topshirish kerak, toki Rabbimiz Iso Masih kelgan kunda uning ruhi xalos bo`lsin.

6 Sizlarning maqtanishingiz yaxshi emas. Nahotki, ozgina xamirturush butun xamirni achitishini bilmasangizlar?

7 Sizlar aslida xamirturushsiz bo`lishingiz kerak. Shunday qilib, eski xamirturushni supurib tashlang, yangi xamir bo`linglar! Masihning O`zi bizning Fisih qurbonligimiz bo`lib, jonini fido qilgan.

8 Shuning uchun biz eski yomonlik va buzuqlik xamirturushi bilan emas, balki soflik va samimiylik bo`lgan xamirturushsiz non bilan bayram qilaylik.

9 Maktubimda sizlarga zinokorlar bilan aloqa qilmaslikni yozgan edim.

10 Shubhasizki, umuman bu dunyoning zinokorlari yoki tamagirlari, g`oratgarlari, butparastlari haqida demoqchi emasdim, aks holda sizlar bu dunyodan ayrilishga majbur bo`lar edingizlar!

11 Men sizlarga o`zini birodaringiz deb, zinokor, tamagir, butparast, haqorat qiluvchi, mayxo`r yoki talonchi bo`lgan kishi bilan aloqa qilmaslikni, hatto bunday odam bilan birga ovqat yemaslik yozgan edim.

12 -13 Qolaversa, imonlilar jamoatidan tashqaridagilarni hukm etishga mening nima haqim bor? Ularni Xudo hukm qiladi. Sizlar jamoatdagilarni hukm qilsangiz bas. Tavrotda yozilganidek: «Fosiq odamni o`z orangizdan chiqarib tashlanglar».

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16