Korinfliklarga birinchi maktub 3 Bob
1 Ey birodarlar, men sizlarga Muqaddas Ruhga tobe kishilarga gapirgandek gapira olmadim, balki dunyoviy fikrli, Masih yo`lida chaqaloq qolganlar bilan so`zlashgandek so`zlashdim.
2 Sizlarni milkingizga botadigan emish bilan emas, balki sut bilan boqdim, chunki unga hali kuchingiz yetmasdi. Hozir ham kuchingiz yetmaydi.
3 Sizlar hali ham bu dunyoning odamlariday yuribsizlar. Orangizda hasad, janjal va kelishmovchiliklar bor ekan, dunyoviy emasmisizlar? Bunday harakat qilarkansizlar, boshqa odamlardan nima bilan farqlanasizlar?
4 Sizlardan biri: «Men Pavlus ummatiman» – desa, boshqasi: «Men Apollos ummatiman», – deydi. Sizning bu «insonparvarligingiz» ortiqcha emasmi?!
5 Axir, Pavlus kim? Apollos kim? Ular xizmatchi xolos, ular orqali sizlar imon topgansizlar. Rabbimiz bizga ato qilgani bo`yicha, har birimizning vazifasi boshqa-boshqa.
6 Men urug` ekdim, Apollos sug`ordi; lekin Xudo o`stirdi.
7 Shuning uchun ekkan va sug`organ hech nima, hamma gap o`stirgan Xudodadir.
8 Ekuvchi va sug`oruvchining mohiyati bir, har biri mukofotni o`z mehnatiga yarasha oladi.
9 Biz Xudoning xizmatdoshlarimiz, sizlar esa Xudoning ziroati, Xudoning imoratisizlar.
10 Xudo bergan inoyat asosida men dono quruvchi kabi poydevor qo`ydim. Boshqa kishi esa uning ustida nimadir bunyod etadi. Har kim qanday qurayotganiga diqqat etsin.
11 Chunki hech kim qo`yilgan poydevor, ya`ni Iso Masihdan boshqa poydevor qo`ya olmaydi.
12 Bu poydevor ustida kimdir oltindan, kimdir kumush yoki qimmatli toshlardan, kimdir esa yog`ochu xashak yo poxoldan bino qurmoqda,
13 har kimning ishi esa o`ziga yarasha oshkor bo`lib qoladi. Mahshar kuni uni fosh qiladi, olov uni ochiq-oydin qiladi-qo`yadi. Shunda har kimning ishi qanday ekanligini olov sinab beradi.
14 Kimda-kimning bunyod etgan ishi olovga bardosh bersa, u mukofot oladi.
15 Kimning ishi yonsa, u talafot ko`radi; o`zi qutuladi-yu, ammo olovdan qutulib chiqqandek bo`ladi.
16 Nahotki bilmasangiz? Sizlar Xudoning ma`badisizlar, Xudoning Ruhi ichingizda yashamoqda.
17 Kimki Xudoning ma`badini buzsa, uni Xudo uradi. Chunki Xudoning ma`badi muqaddasdir; bu ma`bad esa sizlarsiz.
18 Hech kim o`z-o`zini aldamasin. Sizlardan kim bu dunyoda dono bo`laman desa, dono bo`lish uchun o`zini aqlsiz deb bilsin.
19 Chunki bu dunyoning donoligi Xudo oldida aqlsizlikdir. Zaburda yozilganday: «U donolarni o`zlarining quvligi ila to`rga ilintirar».
20 Va yana shunday yozilgan: «Xudovand biladir-kim, donolar fikr-hayoloti puchga chiqur».
21 Shuning uchun hech kim odamiylik bilan maqtanmasin. Chunki hamma narsa o`zingizniki:
22 Pavlus-u, Apollos-u, Kifa ham, dunyo ham, hayot va o`lim ham, shu dam va kelajak ham – hammasi sizlarniki.
23 Sizlar esa – Masihniki, Masih esa – Xudonikidir.