Menyu

Korinfliklarga birinchi maktub 6 Bob


1 Sizlardan biringizning boshqa birovga da`vosi bo`lsa, qanday qilib azizlar huzurida emas, insofsizlar huzurida sud bo`lishga jasorat etasizlar?

2 Azizlar dunyoni hukm etishlarini nahot sizlar bilmasangiz? Modomiki sizlar dunyoni hukm qilar ekansiz, nahotki deyarli ahamiyatsiz ishlarni ham muhokama qilishga layoqatli bo`lmasangiz?

3 Biz farishtalarni hukm etishimizni bilmaysizlarmi? Shunday ekan, tirikchilik ishlari qayerda qoldi?

4 Sizlar esa tirikchilik masalalari haqida da`volashib, imonlilar jamoatidagi obro`-e`tiborsiz kishilarni o`z hakamlaringiz qilib qo`yasizlar.

5 Sizlar uyaling, deb shularni aytyapman. Nahotki orangizda o`z birodarlari orasida hakam bo`ladigan bironta ham dono odam yo`q?

6 Holbuki, birodar birodar bilan da`volashmoqda-yu, bu ham imonsizlar oldida!

7 Har holda bir-biringiz bilan da`volashishning o`zi ham sizlar uchun tamoman mag`lubiyatdir. Haqsizlikka chidab turganingiz sizlar uchun yaxshiroq bo`lmasmidi? Haq-huquqingiz toptalgani sizlar uchun yaxshiroq bo`lmasmidi?

8 Lekin sizlar, aksincha, o`z birodaringizga nohaqlik qilib, uni haq-huquqdan mahrum qilyapsizlar.

9 Nahotki bilmasangizlar? Nohaqlik qiluvchilar Xudoning Shohligidan bahramand bo`lmaydilar. Adashmanglar, na zinokorlar, na butparastlar, na fohishabozlar, na bachchabozlar, na bachchalar,

10 na o`g`rilar, na tamagirlar, na ichkilikbozlar, na haqorat qiluvchilar, na talonchilar Xudoning Shohligidan bahramand bo`lmaydilar.

11 Sizlar ba`zilaringiz shunday edingizlar. Va lekin sizlar yuvindingiz, va lekin muqaddas bo`ldingiz, va lekin Rabbimiz Iso Masihning nomi va Xudoyimizning Ruhi bilan oqlandingiz.

12 Hamma narsa menga joiz ekan, lekin hamma narsa ham foydali emas. Hamma narsa menga joiz ekan, lekin hech bir narsa menga hokim bo`lmasligi kerak.

13 Ovqat qorin uchun, qorin ham ovqat uchun ekan, lekin Xudo uni ham, buni ham yo`q qiladi. Badan esa zino uchun emas, balki Rabbimiz uchundir, Rabbimiz esa badan uchundir.

14 O`z qudrati bilan Rabbimiz Isoni tiriltirgan Xudo bizni ham tiriltiradi.

15 Bilmaysizlarmi? A`zoyi badaningiz Masihning a`zolaridir. Shunday bo`lgach, Masihning a`zolarini olib, fohishaning a`zolari qilib qo`yarmikinman? – Aslo!

16 Fohisha bilan qovushgan u bilan bir badan bo`lishini bilmaysizlarmi? Mana Tavrotda: «Ikkovi bir badan bo`ladi», – deb yozilgan.

17 Rabbimiz bilan qovushgan esa U bilan bir ruh bo`ladi.

18 Zinodan qochinglar! Inson qiladigan har qanday gunoh badandan tashqarida bo`ladi. Zino qiluvchi esa o`z shaxsiy badaniga qarshi gunoh qiladi.

19 Nahot bilmasangiz? Sizning badaningiz o`zingizda yashayotgan Muqaddas Ruhning ma`badidir. Uni sizga Xudo bergan, sizlar o`zlaringizga tegishli emassizlar.

20 Qimmatbaho bilan sotib olindingizlar. Shuning uchun badaningiz (va ruhingiz) bilan Xudoni ulug`langlar.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16