Korinfliklarga birinchi maktub 7 Bob
1 Endi sizlar menga yozgan narsalarga kelaylik: xotinga tegmaslik odam uchun yaxshidir.
2 Lekin zinoga yo`l qo`ymaslik uchun, har bir kishining o`z xotini bo`lsin va har xotinning o`z eri bo`lsin.
3 Er o`z xotiniga nisbatan va xotin o`z eriga nisbatan er-xotinlik vazifasini bajo keltirsin.
4 Xotinning badani ustidan xotin emas, balki eri hokimlik qiladi. Xuddi shunday, erning badani ustidan er emas, balki xotini hokimlik qiladi.
5 Bir-biringizdan bosh tortmanglar. Faqat o`zaro kelishgandan so`ng, (ro`za tutish va) ibodat qilish uchun vaqtincha judo bo`linglar. Keyin yana qovishinglar, toki o`zingizni tiya olmaganingizdan foydalanib, shayton sizlarni vasvasaga solmasin.
6 Men buni buyruq tariqasida emas, ijozat tariqasidan aytyapman.
7 Butun insonlar men kabi bo`lishlarini istar edim. Lekin har bir kishining Xudodan olgan o`z qobilyati bor, biriniki bu bo`lsa, boshqaniki udir.
8 Uylanmaganlarga va beva xotinlarga aytaman: men kabi qolsalar, ular uchun yaxshidir.
9 Lekin o`zini tuta olmasalar, uylansinlar. Chunki shahvoniy ishq bilan yonishdan ko`ra, uylanish yaxshiroqdir.
10 Uylanganlarga men emas, balki Rabbimiz buyuradi: xotin eridan ajralmasin.
11 Agar ajralsa, ersiz qolsin yoki o`z eri bilan yarashsin. Er ham o`z xotinini qo`yib yubormasin.
12 Boshqalarga esa Rabbimiz emas, balki men aytyapman: agar bir imonli erning xotini imonsiz bo`lsa-yu, eri bilan yashashga rozi bo`lsa, er xotinini qo`yib yubormasin.
13 Shuningdek, biron xotinning eri imonsiz bo`lsa va u xotini bilan yashashga rozi bo`lsa, xotin eridan ajramasin.
14 Chunki imonsiz er imonli xotini orqali muqaddas bo`ladi va imonsiz xotin ham imonli eri orqali muqaddas bo`ladi. Aks holda bolalaringiz harom bo`lur edilar, endi esa muqaddasdirlar.
15 Agar imonsiz er yoki xotin ayrilmoqchi bo`lsa, ayrilsin. U holda imonli er yoki xotin boshi bog`liq emas. Rabbimiz bizni tinchlikka chorlagan.
16 Ey xotin, eringni qutqara olishingni qayerdan bilasan? Yoki ey erkak, xotiningni qutqara olishingni qayerdan bilasan?
17 Xullas, har bir kishiga Rabbimiz qanday taqdir ato etgan bo`lsa, Xudo uni qanday holatga da`vat etgan bo`lsa, shunday turmush kechirsin. Men butun Masih jamoatlariga shunday buyuraman.
18 Birov sunnatli bo`lganda da`vat etildimi? Sunnatini bekitmasin. Birov sunnatsiz bo`lganda da`vat etildimi? Sunnat bo`lmasin.
19 Sunnatlilik ham, sunnatsizlik ham hech narsa emas, hamma gap Xudo buyruqlarini ado etishdadir.
20 Har kim qanday holatda da`vat etilgan bo`lsa, o`sha holatda qolsin.
21 Agar qul bo`lganingda da`vat etilgan bo`lsang, tashvishlanma. Ammo ozod bo`lishga imkon bor bo`lsa, fursatni g`animat bil.
22 Rabbimiz kimni qul sifatida da`vat etgan bo`lsa, u Rabbimizning ozod bandasidir. Shuningdek, Masih kimni ozod kishi sifatida da`vat etgan bo`lsa, u Masihning qulidir.
23 Sizlar qimmatbaho bilan sotib olindingizlar, tag`in insonning quli bo`lmanglar.
24 Birodarlar, kim qanday holda da`vat etilgan bo`lsa, Xudo oldida o`sha holda qolsin.
25 Ersizlar haqida Rabbimdan amr olganim yo`q. Lekin men Rabbimdan olgan marhamatga binoan, ishonchli kishi sifatida maslahat beraman.
26 Hozirgi siqiq vaziyat sababli insonga avvalgi holatidek qolish yaxshidir, deb o`ylayman.
27 Xotiningga nikohlanganmisan? Qo`yib yuborishni izlama. Buydoq qoldingmi? Xotin izlama.
28 Lekin uylansang ham, gunohkor bo`lmaysan. Shuningdek, qiz erga tegsa, gunohkor bo`lmaydi. Faqat bunday odamlarning boshi qayg`uda bo`ladi va men bundan sizlarni asramoqchiman.
29 Ey birodarlar, men sizlarga yana shuni aytmoqchimanki, vaqt endi qisqa. Bundan keyin xotinli erkaklar xotini yo`qday bo`lsinlar.
30 Yig`layotganlar yig`lamaganday, sevinayotganlar sevinmaganday, sotib olayotganlar xarid qilmaganday,
31 bu dunyodan istifoda qilayotganlar esa istifoda qilmaganday yashasinlar. Mana, bu dunyoning qiyofasi so`lib boryapti-ku!
32 Men sizlarning tashvishsiz bo`lishingizni istayman. Uylanmagan odam Rabbimni qanday rozi qilaman, deb Uning ishlari haqida qayg`uradi.
33 Uylangan odam esa xotinimni qanday rozi qilaman, deb dunyoviy ishlar haqida qayg`uradi. Erli xotin bilan ersiz qiz orasida ham farq bor.
34 Erga tegmagan qiz Rabbimni qanday rozi qilaman, deb Uning ishlari haqida qayg`uradi, shu tariqa u jisman va ruhan muqaddas bo`ladi. Lekin erli xotin erimni qanday rozi qilaman, deb dunyoviy ishlar haqida qayg`uradi.
35 Men bularni sizlarga band solish uchun aytayotganim yo`q. Aksincha, adab bilan yashab, fikringizni chalg`itmasdan, sidqidildan Rabbingizga berilinglar, deb sizlarning manfaatingizni o`ylab gapirdim.
36 Agar biron kishi o`z bokirasining iffatini saqlashni adabsizlik deb hisoblasa va qizning yoshi o`tayotgan bo`lsa, u xohlaganidek qilsin, gunohkor bo`lmaydi. Mayli, bundaylar turmushga chiqsin.
37 Lekin kim o`z fikrida og`ishmay qattiq tursa va ehtiyoj yuzasidan qisilmay, o`z irodasiga hokim bo`lib, bokirasining iffatini saqlashga qaror qilgan bo`lsa, u odam yaxshi ish qilgan bo`ladi.
38 Binobarin, kim o`z bokirasini erga bersa, yaxshi ish qilgan bo`ladi. Erga bermagan esa yana ham yaxshiroq ish qilgan bo`ladi.
39 Xotin hali eri tirikligida qonun bo`yicha boshi bog`liqdir. Agar eri o`lsa, u istagan kishiga turmushga chiqishi mumkin, faqat u kishi Rabbimizga tegishli bo`lsin.
40 Ammo xotin tulligicha qolsa, u yana ham baxtli bo`ladi. Bu mening fikrim va o`ylaymanki, menda ham Xudoning Ruhi bor.