Korinfliklarga birinchi maktub 11 Bob
1 Men Masihga qanday ergashsam, sizlar ham menga shunday ergashinglar.
2 Ey birodarlar, sizlarni maqtasam arziydi, chunki sizlar meni har doim xotirlaysizlar, topshirgan rivoyatlarimga qattiq amal qilasizlar.
3 Yana shuni bilishingizni xohlaymanki, har bir erkakning boshlig`i Masih, xotinning boshlig`i erkak, Masihning boshlig`i esa Xudodir.
4 Boshini yopib ibodat qilgan yoki bashorat qilgan har bir erkak o`z boshini sharmanda qiladi.
5 Yana boshini yopmay ibodat qilgan yoki bashorat qilgan har bir xotin o`z boshini sharmanda qiladi. Bunday xotin sochlarini qirgan xotin bilan tengdir.
6 Agar xotin boshini yopishni istamasa, unda sochlarini ham qirqsin. Lekin agar xotinga sochlarini qirqish yoki qirish uyat bo`lsa, boshini yopsin.
7 Erkak Xudoning surati va izzati qilib yaratilgani uchun, boshini yopmog`i shart emas. Xotin bo`lsa – erkakning izzatidir.
8 Chunki erkak xotindan emas, balki xotin erkakdan bunyod bo`lgan.
9 Yana erkak xotin uchun emas, balki xotin erkak uchun yaratilgan.
10 Shuning uchun hamda farishtalar sababli, xotinning boshi ustida hokimlik alomati bo`lishi kerak.
11 Har holda, Rabbimiz nazarida xotin erkakdan mustaqil emas va erkak ham xotindan mustaqil emas.
12 Xotin erkakdan yaratilgani to`g`ri, lekin erkak xotindan dunyoga kelishi ham to`g`ri. Zotan hamma narsa Xudodandir.
13 O`zlaringiz o`ylab ko`ringlar: xotin boshini yopmay Xudoga ibodat qilishi adab yuzasidanmi?
14 Erkak sochlarini o`stirsa, bu unga sharaf bo`lmasligini tabiatning o`zi ham sizga o`rgatadi-ku!
15 Lekin xotin sochlarini o`stirsa, bu u uchun sharafdir; chunki soch unga yopqich o`rnida berilgan.
16 Agar biror kishi bu haqda bahslashmoqchi bo`lsa, bilsinki, bizda ham, Xudoning biron jamoatida ham bunday odat yo`q.
17 Endi bularni taqdim etib, sizlarni maqtamayman. Mana, sizlarning yig`ilishlaringiz foydali emas, zararli bo`lib qolibdi-ku!
18 Avvalo, imonlilar jamoati yig`ilganda orangizda nizolar bo`lganini eshityapman va bunga qisman bo`lsa ham ishonaman.
19 Orangizda noto`g`ri fikrlar yoyilmasa bo`lmaydi, ana shundagina to`g`ri fikr qiluvchilar bilinib qoladi.
20 Sizlar bir joyda ovqatlanishga yig`ilganingizda, Rabbimizning kechligini qutlayotganga o`xshamaysizlar.
21 Har kim boshqalarni kutmay, o`z ovqatini yeb yuboradi. Shu tufayli biri och qoladi, boshqasi esa mast bo`ladi.
22 Nahotki yeyish va ichish uchun uylaringiz bo`lmasa? Yoki Xudoning jamoatini pisand qilmay, yo`qsillarni hijolatda qoldirmoqchimisizlar? Sizlarga yana nima aytayin? Sizlarni maqtaymi? Yo`q, bu xususda sizlarni maqtamayman.
23 Men sizlarga topshirgan yo`l-yo`riqni Rabbimning O`zidan olganman: Rabbimiz Iso xoinona tutib berilgan kechada nonni oldi,
24 shukrona aytib sindirdi va dedi: «Olib yenglar, bu sizlar uchun sindirilgan Mening tanamdir. Buni Meni eslab turish uchun qilib turinglar».
25 Shuningdek, kechki ovqatdan keyin kosani olib dedi: «Bu kosa Mening qonim bilan tasdiqlangan Yangi Ahddir. Undan har daf`a ichganingizda, buni Meni eslab turish uchun qilinglar».
26 Shunday qilib, sizlar bu nonni har daf`a yeganingizda, bu kosadan ichganingizda, Rabbimiz kelguniga qadar Uning o`limini e`lon etgan bo`lasizlar.
27 Kimda-kim noloyiq tarzda bu nonni esa yoki Rabbimiz kosasidan ichsa, Rabbimizning tanasi va qoniga qarshi gunoh qilgan bo`ladi.
28 Shuning uchun inson o`z-o`zini imtihon qilsin, shundan so`ng nondan yesin va kosadan ichsin.
29 Kimki noloyiq tarzda yeb-ichsa, yeb-ichib o`zini o`zi mahkum qiladi, chunki u Rabbimizning tanasini pisand qilmagan.
30 Ana shu sababdan sizlarning ko`pingiz zaif va xastasizlar, hatto o`lganlar ham oz emas.
31 Agar o`z-o`zimizni hukm etganimizda edi, mahkum bo`lmas edik.
32 Dunyo bilan birga mahkum bo`lmasligimiz uchun, Rabbimiz hozirdan bizni hukm qilib, adabimizni beryapti.
33 Shunday qilib, birodarlarim, kechlikka yig`ilganlaringizda, bir-biringizni kutib turinglar.
34 Agar biror kishi och bo`lsa, o`z uyida yesin; tag`in yig`ilishlaringiz mahkum bo`lishingizga sabab bo`lmasin. Qolgan masalalarni oldingizga kelganimdan keyin to`g`rilarman.