Korinfliklarga birinchi maktub 9 Bob
1 Men havoriy emasmanmi? Men ozod emasmanmi? Rabbimiz Iso Masihni ko`rmaganmanmi? Rabbim yo`lida qilgan mehnatim mahsuli sizlar emasmi?
2 Agar boshqalar uchun havoriy bo`lmasam, unda hech bo`lmasa sizlar uchun havoriydirman. Axir, sizlar Rabbimning ummatisizlar, havoriyligimning muhrisizlar.
3 Meni so`roq qiluvchilar oldida o`zimni ana shu bilan oqlayman.
4 Nahotki bizning yeb-ichishga huquqimiz bo`lmasa?
5 Biz ham boshqa havoriylar kabi, Rabbimiz Isoning ukalari va Kifa kabi imonli bir xotinni o`zimiz bilan olib borishga huquqimiz yo`qmi?
6 Nahotki faqat men va Barnabo ishlamaslik huquqidan benasib bo`lsak?
7 Kim o`z hisobidan askarlik qiladi? Kim tok o`tqazib, uning mevasidan yemaydi? Kim poda boqib, podaning sutini ichmaydi?
8 Men buni faqat odamiylik yuzasidan gapiryapmanmi? Tavrot ham xuddi shuni aytadi-ku!
9 Mana, Musoning Qonunida: «G`alla yanchayotgan ho`kizning og`zini to`sma», – deb yozilgan. Axir, Xudo ho`kizlar haqida qayg`uryaptimi?
10 Yoki buni shaxsan biz uchun aytyaptimi? Ha, bular biz uchun yozilgan. Shudgor qiluvchi umid bilan shudgor qilishi kerak, g`alla yanchuvchi ham o`z haqini olish umidi bilan ishlashi kerak.
11 Biz orangizda Ruhning urug`ini ekkandan keyin sizlardan moddiy hosilni o`rib olsak, buni ko`p ko`rasizmi?
12 Agar boshqalarning sizlardan foydalanish haqi bor ekan, bizning haqimiz yanada ko`proq bo`lishi kerak-ku! Lekin biz bu haqdan foydalanmadik, aksincha, Masih Xushxabariga to`siq bo`lmasin deb, har narsaga chidab yuribmiz.
13 Bilmaysizlarmi, ma`badda xizmat qiluvchi ruhoniylar ma`baddan ovqat olib yeydilar. Qurbongohda xizmat qiluvchilar keltiriladigan qurbonliklardan ulush oladilar.
14 Shuningdek, Injilni targ`ib qiluvchilar bu yumush orqali kun kechirishlarini Rabbimiz Isoning O`zi buyurgan.
15 Lekin men bu huquqlarning hech biridan foydalanmadim, menga shunday qilinsin, deb ham bularni yozayotganim yo`q. Biron kishi meni shu iftixordan mahrum qilganidan ko`ra, men uchun o`lish yaxshidir.
16 Agar men Injilni targ`ib etayotgan bo`lsam, bu bilan faxrlanishga haqim yo`q, chunki bu mening zimmamdagi vazifamdir. Ammo Injilni targ`ib etmasam, mening holimga voy!
17 Bu ishni ixtiyoriy ravishda qilsam, mukofot olaman. Lekin buni g`ayriixtiyoriy ravishda qilayotgan bo`lsam, demak, men faqat zimmamdagi vazifani ado etyapman.
18 U holda menga qanday mukofot bor? Mukofotim shundaki, men Masih Xushxabarini badalsiz targ`ib qilishni faxrli deb bilaman, voizlik haqimdan voz kechaman.
19 Men hammasidan ozod bo`lsam ham, yanada ko`proq odamni ergashtiray deb, o`zimni hammasiga qul etdim.
20 Yahudiylarni ergashtiray deb, yahudiylarga yahudiy kabi bo`ldim. O`zim Tavrot Qonuniga qaram bo`lmasam-da, qaram bo`lganlarni ergashtiray deb, ular uchun qonunga qaramday bo`ldim.
21 Men Xudo oldida qonunsiz ham emasman; aksincha, Masihning qonuniga bo`ysinaman. Ammo Ilohiy qonunni bilmaganlarni ergashtiray deb, ular uchun qonundan bexabarday bo`ldim.
22 Zaiflarni ergashtiray deb, ular uchun zaif bo`ldim. Hech bo`lmasa ba`zilarni qutqaray deb, hammaga hamma narsa bo`ldim.
23 Bularning hammasini Injil uchun qilyapman, toki uning qut-barakasida mening ham hissam bo`lsin.
24 Nahot bilmasangizlar, musobaqa maydonida hammasi chopadi-yu, ammo faqat bir kishi mukofot oladi. Sizlar ham shunday chopingki, mukofot olinglar!
25 Musobaqada jonbozlik qiladigan har bir odam har narsadan nafsini tiyadi. Ular foniy bir toj olish uchun, biz esa boqiy toj olish uchun jonbozlik qilamiz.
26 Menga qolsa, shunday chopyapmanki, chopishim maqsadsiz bo`lmaydi. Shunday urinyapmanki, zarbam havoga urilganday bo`lmasin.
27 Badanimni turtkilab, o`zimga qul qilib olaman, toki boshqalarga nasihat qilib turib, o`zim yaramas bo`lib qolmayin.