Menyu

Korinfliklarga birinchi maktub 15 Bob


1 Birodarlar, men sizlarga eslatmoqchiman: o`zim Injil Xushxabarini sizlarga yetkazgan edim, sizlar esa uni tan olib, unga qattiq umid bog`ladingizlar.

2 Agar mening kalomimga qattiq rioya qilsangizlar, bu kalom orqali najot topasizlar. Aks holda e`tiqodingizning asosi yo`q.

3 Men Xudodan qabul qilganimni dastlab sizlarga topshirgan edim, ya`ni Muqaddas Bitiklarga muvofiq Masih gunohlarimiz uchun o`ldi,

4 yana Muqaddas Bitiklarga muvofiq U ko`mildi va uchinchi kuni tirildi.

5 Avval U Kifaga, so`ngra o`n ikki shogirdiga ko`rindi.

6 Undan keyin bir vaqtning o`zida besh yuzdan ko`proq birodarga ko`rindi. Ulardan aksariyati hozirga qadar tirik, ba`zilari esa dunyodan ko`z yumib ketganlar.

7 Undan so`ng Masih Yoqubga va qolgan butun havoriylarga ko`rindi.

8 Hammadan keyin esa chala tug`ilgan bolaga o`xshaydigan menga ham ko`rindi.

9 Men havoriylarning eng arzimaydiganiman, havoriy deb atalishga ham loyiq emasman. Chunki men Xudoning jamoatini ta`qib etar edim.

10 Endi esa nimaiki bo`lgan bo`lsam, Xudoning inoyati bilan bo`ldim; Uning menga ko`rsatgan inoyati puchga chiqmadi, zero men havoriylarning hammasidan ko`proq mehnat qildim. Aslida mehnat qilgan o`zim emas, balki menga yor bo`lgan Xudo inoyatidir.

11 Qanday bo`lmasin, xoh men voizlik qilsam, xoh ular – va`zimiz bir xil va sizlarning imoningiz ham bir xildir.

12 Demak, Masih o`liklar ichidan tirildi, deb olamga ochiq e`lon qilinmoqda. U holda qanday qilib ba`zilaringiz: o`liklar tirilmaydi, deb aytyapsizlar?

13 Agar o`liklar tirilmas ekan, unda Masih ham tirilmagan demakdir.

14 Agar Masih tirilmagan bo`lsa, u holda bizning xabarimiz ham, sizning imoningiz ham behudadir.

15 Bunday holda Xudoning yolg`on shohidlari ham bo`lar edik; chunki biz «Xudo Masihni tiriltirdi», deb shahodat berib yuribmiz. Agar haqiqatan o`liklar tirilmas ekan, unda Xudo Masihni ham tiriltirgan emas.

16 Ha, agar o`liklar tirilmas ekan, unda Masih ham tirilmagan demakdir.

17 Agar Masih tirilmagan bo`lsa, sizlarning imoningiz befoyda, sizlar hali ham gunohga botgansizlar.

18 U holda Masihga umid bog`lab ko`z yumganlar ham abadiy halokatga uchraydilar.

19 Agar biz yolg`iz bu hayot uchun Masihga umid bog`lagan bo`lsak, biz eng baxtsiz insonlar ekanmiz.

20 Vaholanki, Masih chinakamiga tirildi! U birinchi bo`lib tirildi, qolgan marhumlarga namuna bo`ldi.

21 O`lim bir inson orqali dunyoga kirdi. Shunga o`xshab, o`liklarning tirilishi ham bir Inson orqali sodir bo`ladi.

22 Odam atoning farzandi bo`lgan barcha o`ladilar. Xuddi shunday Masihning farzandi bo`lgan barcha tiriladilar.

23 Har kim o`z navbati bilan tiriladi: birinchisi, tirilganlarning ilg`ori – Masih, keyin Uning olamga qaytishida Masih ummati bo`lganlar tiriladi.

24 Bundan so`nggina, ya`ni Masih har qanday boshqarma, hokimiyat va qudratni tugatib, saltanatni Ota – Xudoga topshirgandan keyingina oxirat bo`ladi.

25 Xudo butun dushmanlarni Masihning oyog`iga yiqitmaguni qadar, Masih hokimlik qilishi kerak.

26 Shunda oxirgi dushman – o`lim ham barham topadi.

27 Ha, Xudovand borliqni Masihning oyoqlari ostiga tashlab, Unga tobe qildi. Garchi Zaburda «Borliq Unga tobe bo`ldi», – deyilsa-da, bundan borliqni Unga tobe qilgan Xudo istisnodir.

28 Hamma narsa Unga tobe bo`lgandan keyingina O`g`il ham O`ziga hamma narsani tobe qilgan Otaga tobe bo`ladi, toki Xudo hammaning hammasi bo`lsin.

29 Agar tirilish bo`lmasa, o`liklar nomidan suvga cho`mib imon keltirganlar bundan qanday foyda kutadilar? Agar o`liklar mutlaqo tirilmaydigan bo`lsa, u holda bu kishilar nega marhumlar nomidan suvga cho`mar ekanlar?

30 Nima uchun bizlar har soatda xavf-xatarlar bilan ro`baro`miz?

31 Ey birodarlarim, men sizlar tufayli Rabbimiz Iso Masihdan topgan iftixorim bilan aytamanki, men har kun o`lyapman!

32 Men Efes shahrida vahshiy hayvonlar bilan kurashdim. Agar buni faqat insoniy umid uchun qilganimda edi, menga qanday naf bo`lardi? Agar o`liklar tirilmas ekan, mayli «keling, yeb-ichaylik, chunki ertaga o`lamiz!»

33 Lekin adashmanglar: «Yomon odamlar to`dasi yaxshi ahloqni buzar ekan».

34 Endi lozim bo`lganiday o`zingizga kelinglar, gunoh qilmanglar! Sizlar nomus qilasiz, deb aytyapmanki, sizlardan ba`zi kishilar Xudoni bilmaydilar.

35 Ehtimol, biror kishi shunday aytadi: o`liklar qanday qilib tirilar ekan? Qanday jism bilan paydo bo`lar ekan?

36 Ey nodon! Sening ekkan urug`ing agar o`lmasa, tirilmaydi-ku.

37 Ekin ekkaningda bo`lajak jismni emas, balki bug`doy yoki boshqa biror ekinning qup-quruq urug`ini ekasan.

38 Xudo esa uruqqa O`zi istaganicha jism bag`ishlaydi, har bir urug`dan alohida jismni hosil qiladi.

39 Har qanday et ham bir xil emas, lekin insonlarning eti boshqa, hayvonlarning eti boshqa, qushlarning eti boshqa, baliqlarning eti boshqa.

40 Samoviy va dunyoviy jismlar ham bor. Lekin samoviy jismlarning ko`rki boshqa, dunyoviylarniki boshqa.

41 Quyoshning ko`rki boshqa, oyning ko`rki boshqa hamda yulduzlarning ko`rki boshqa. Ko`rkiga qarab yulduz yulduzdan farq qiladi.

42 O`liklarning tirilishi ham bunga o`xshaydi: tana o`tkinchi bo`lib ekiladi-yu, o`lmaydigan bo`lib tiriladi.

43 Tushkunlikda ekiladi-yu, ulug`vorlik bilan tiriladi; zaiflikda ekiladi-yu, qudrat bilan tiriladi.

44 Moddiy badan ekiladi, ruhiy badan tiriladi. Moddiy jismlar bor o`lganidek, ruhiy jismlar ham bor.

45 Tavrotda yozilishicha: «Birinchi odam – Odam ato tirik jon bo`ldi». Oxirgi Odam esa hayotbaxsh Ruh bo`ldi.

46 Ko`ramizki, birinchi navbatda ruhiy emas, moddiy badan keladi. Ruhiy badan keyinroq keladi.

47 Birinchi odam yerdan, ya`ni tuproqdan paydo bo`lgan. Ikkinchi Odam (Rabbimiz Iso) esa osmondan tushgan.

48 Tuproqdan yaralgan ilk odam qanday bo`lsa, boshqa odamlar ham shundaydir. Samoviy Odam qanday bo`lsa, samoviylar ham shundaydir.

49 Biz tuproqdan yaralgan odamga qanday o`xshasak, samoviy Odamga ham shunday o`xshab ketamiz.

50 Ey birodarlar, sizlarga shuni aytyapmanki, foniy mahluqqa Xudoning Shohligidan meros nasib etmaydi. O`tkinchi mahluq o`lmaslikdan ulush ololmaydi.

51 Mana, men sizlarga bir sir aytyapman: hammamiz o`lmaymiz-u, ammo hammamiz o`zgarib ketamiz.

52 To`satdan, ko`z ochib yumguncha, oxirzamon karnayi chalinganda o`zgarib ketamiz. Ha, karnay chalinadi va shu onda marhumlar yana hech o`lmaydigan bo`lib tiriladilar. Shunda biz, hayot bo`lganlar ham o`zgarib ketamiz.

53 Bu o`tkinchi badanimiz chirimaydigan, bu o`ladigan vujudimiz o`lmaydigan vujudga burkanishi kerak.

54 Bu o`tkinchi badan chirimaydigan, bu o`ladigan vujudimiz o`lmaydigan bo`lib qolgan paytda, quyidagi Tavrot oyatlari amalga oshadi: «O`lim g`alaba bilan yutildi.

55 Ey o`lim, sening nishing qayerda? Ey do`zax, sening zafaring qayerda?»

56 O`limning nishi gunohdir. Gunohning quvvati esa Ilohiy Qonun orqali namoyon bo`ladi.

57 Lekin Xudoga shukr! U Rabbimiz Iso Masih orqali bizga g`alaba baxsh etgan.

58 Shuning uchun, ey sevimli birodarlarim, qattiq va mahkam turinglar. Hamisha Rabbimiz xizmatida bo`lib, yanada g`ayratli bo`linglar. Shuni bilinglarki, Rabbimiz yo`lida qilgan mehnatingiz foydasiz bo`lmaydi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16