Korinfliklarga birinchi maktub 4 Bob
1 Shunday qilib, kishilar bizni Masihning xizmatkorlari hamda Xudoning sir-asrorlarini bayon etuvchi idorachilar deb tushunmog`i lozim.
2 Umuman idora qiluvchidan talab qilingan narsa sidqidildan ishlashidir.
3 Men haqimda sizlar qanday fikrdasiz, yoki boshqa odamlar qanday fikrda, bu narsa meni deyarli qiziqtirmaydi. Men o`zim ham o`z haqimda fikr yuritmayman.
4 Zotan O`zimda hech bir ayb ko`rmasam ham, bu bilan o`zimni oqlamayman. Chunki men haqda fikr yurituvchi Rabbimiz bo`ladi.
5 Shu bois vaqtidan oldin, Rabbimiz kelmagunlaricha, aslo hukm yuritmanglar. U kelib zulmatda yashirilgan narsalarni ravshan qiladi-da, dil niyatlarni voqif etadi. O`shanda har kim o`z ishiga yarasha Xudodan tahsin oladi.
6 Ey birodarlar, men sizlarni o`ylab, bu qoidalarni o`zimga va Apollosga tatbiq etdim, toki sizlar yozilgandan tashqariga chiqmay, bilarmonlik qilmaslikni bizdan o`rganinglar, bir-biringiz oldida kekkaymanglar.
7 Kim seni ustun tutyapti? Xudodan olmagan nimang bor ekan? Agar Undan olgan bo`lsang, nima uchun Undan olmagandek maqtanib yuribsan?
8 Sizlar endi to`q bo`libsizlar, endi boyib ketibsizlar, bizsiz sultonlik qilyapsizlar! Koshki haqiqatan sulton bo`lsangiz edi, unda biz sizlar bilan birga davr surar edik!
9 Men o`ylaymanki, Xudo biz, havoriylarni go`yo namoyishda oxirgilar qatorida yurgizib, o`limga mahkum bo`lganlar kabi maydonga keltirdi. Biz farishtalar hamda insonlar oldida, qolaversa, butun koinot oldida bir tomosha bo`ldik.
10 Bizlar Masih uchun go`yo aqlsizmiz, lekin sizlar Masih soyasida aqllisizlar! Biz zaifmiz, sizlar esa kuchli! Sizlar shon-shuhratli, biz esa e`tiborsizmiz!
11 Hatto shu vaqtgacha och-yalang`ochmiz, chanqoqlik va kaltaklarga chidaymiz, sargardon bo`lib yuribmiz.
12 O`z mehnatimiz bilan kun ko`ryapmiz. Bizni haqorat qilsalar, duo qilamiz; zulm qilsalar, chidaymiz.
13 G`iybat qilsalar, yumshoq javob beramiz. Hozirgacha biz hammaning axlati, hatto dunyoning supurindisi bo`lib yuribmiz.
14 Men bularni sizlarni hijolatda qoldirmoq uchun emas, balki sevimli bolalarimday nasihat qilmoq uchun yozyapman.
15 Masih yo`lida minglab odamlar sizga ustozlik qilsa ham, otalaringiz ko`p emas. Bir o`zim Xushxabarni sizlarga yetkazib, Iso Masih nomidan otangiz bo`ldim.
16 Shuning uchun sizlardan yalinib so`rayman: (men Masihdan o`rnak olganimdek) mendan o`rnak olinglar!
17 Ana shu maqsadda men Rabbimizga sodiq bo`lgan sevimli o`g`lim Timo`tiyni sizning oldingizga yubordim. Har yerda va har bir imonlilar jamoatida ta`lim berganim kabi, Masih bilan yurgan yo`llarimni u sizlarga eslatadi.
18 Men sizlarning oldingizga tez kelmaganim uchun, orangizdan ba`zi kishilar kiborlanib ketdi.
19 Ammo Rabbim xohlasa, men yaqinda oldingizga boraman. Unda takabburlarning so`zini emas, ruhiy quvvatini sinab ko`raman.
20 Chunki Xudo saltanati so`zda emas, balki quvvatdadir.
21 Nima istaysizlar? Yoningizga hassa bilan boraymi, yoki mehr va muloyimlik ruhi bilan boraymi?