Korinfliklarga birinchi maktub 16 Bob
1 Endi azizlar uchun iona to`plashga kelsak, sizlar xuddi Galatiyadagi Masih jamoatlariga tayinlaganimga amal qilinglar.
2 Haftaning birinchi kunida har bir odam o`z qo`lidan kelganicha bir miqdor pulni olib qo`ysin, toki oldingizga kelganimda, pul yig`ishga hojat qolmasin.
3 Men oldingizga kelgach, sizlar munosib ko`rgan kishilarga maktublar berib, ehsonlaringizni Quddusdagi imonlilarga topshirish uchun yuboraman.
4 Agar mening ham borishim zarur bo`lsa, ular bilan boraman.
5 Men Makedoniyadan o`tganimdan keyin, sizning oldingizga boraman; chunki Makedoniya orqali o`tib boraman.
6 Balki yoningizda bir oz qolarman yoki hatto qishni o`tqazarman, so`ng sizlar meni ketadigan joyimga kuzatarsizlar.
7 Chunki bu daf`a sizlar bilan yo`l-yo`lakay ko`rishib ketishni istamayman. Xudo xohlasa, yoningizda bir qancha vaqt qolish umididaman.
8 Lekin Hosil bayramiga qadar Efes shahrida qolaman.
9 Chunki u yerda ta`sirchan faoliyat ko`rsatishim uchun menga keng eshik ochildi. Ammo menga qarshi chiqqanlar ham ko`p.
10 Agar Timo`tiy oldingizga kelsa, u orangizda xotirjam bo`lib yurishi uchun e`tibor beringlar. Chunki u menga o`xshash Rabbimiz xizmati bilan mashg`ul.
11 Hech kim uni e`tiborsiz qoldirmasin. U mening oldimga ham kelsin, uni eson-omon kuzatib yuboringlar, uni men birodarlar bilan kutib turibman.
12 Birodarimiz Apollosdan o`z do`stlari bilan birga sizlarning oldingizga borish uchun ko`p iltimos qildim, biroq hozir borishga hech ko`ngli yo`q. Qulay sharoit bo`lgach, u boradi.
13 Hushyor bo`linglar, imonda sobit turinglar, jasoratli va kuchli bo`linglar.
14 Hamma ishlaringizni mehr-muhabbat bilan bajo keltiringlar.
15 Birodarlar, Stefanning xonadonini bilasizlar: Axayada birinchi imon keltirganlar ular bo`lib, azizlarga xizmat uchun o`zlarini topshirdilar. Endi sizlardan iltimos qilaman:
16 Bundaylarga va ular bilan safdoshu mehnatdosh bo`lgan har bir kishiga ehtirom qilinglar.
17 Men Stefan, Fortunat va Axaikning kelganiga xursand bo`ldim, sizlarning yo`qligingizni ular to`ldirdi.
18 Ular mening hamda sizlarning ruhingizni tinchitdilar. Bundaylarni taqdirlanglar.
19 Asiya viloyatidagi Masih jamoatlari sizlarga salom yo`llayaptilar. Akil bilan Priskilla va ularning uyida yig`iladigan jamoat sizlarga Rabbimizdan ko`p salomatlik tilaydilar.
20 Butun birodarlar sizlarga salom yo`llayaptilar. Muqaddas o`pich bilan salomlashinglar.
21 Men, Pavlus sizlarga duoyi salom yozyapman, bu mening qo`lim.
22 Kimki Rabbimiz Iso Masihni sevmasa, mardudi davron bo`lsin! Maranafa!
23 Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo`lsin.
24 Men Iso Masihning sevgisi ila hammangizni sevaman. Omin.