Korinfliklarga birinchi maktub 8 Bob
1 Butga qurbon qilingan go`sht masalasiga kelsak, biz hammamiz bilimga egamiz, deyish mumkin. Lekin bilim kishini shishintiradi, sevgi bo`lsa, yashnatadi.
2 Agar bir kishi bilimliman deb o`ylasa, u hali zarur bo`lgan bilimga erishmagan.
3 Kimki Xudoni sevsa, u Xudo tomonidan tanib-bilingan.
4 Endi butga qurbon qilingan go`shtni yeyishga kelsak, biz shuni bilamizki, but dunyoda hech narsa emas, birgina Xudodan boshqa xudo yo`q.
5 Garchi yeru ko`kda xudo deb atalgan mavjudotlar bor bo`lsa-da (haqiqatan ham ko`p «xudolar» va «rablar» bor),
6 lekin biz uchun birgina Otamiz Xudo bor. Hamma narsa Undandir, biz U uchun yashaymiz. Shuningdek, birgina Rabbimiz Iso Masih bor. Hamma narsa U orqali vujudga kelgan, biz ham U orqali yashaymiz.
7 Lekin bu bilim barcha insonlarda yo`q. Ba`zi imonlilar hozirgacha eski butparastlik odati bo`yicha, bu go`shtni butga bag`ishlangan qurbonlik sifatida yeydilar, ular vijdonan sezgir bo`lgani uchun vijdoni bulg`anadi.
8 Oziq-ovqatlar umuman bizni Xudoga yaqinlashtira olmaydi. Agar yemasak ham, bir narsa yo`qotmaymiz, yesak ham, bir narsa orttirmaymiz.
9 Faqat ehtiyot bo`lingiz, sizlarning bu erkinligingiz zaiflarning vasvasaga tushushiga sabab bo`lmasin.
10 Masalan, vijdoni sezgir bir kishi bilimliman degan sening butxonada yeb o`tirganingni ko`rib qolsa, u butga bag`ishlangan qurbonlik go`shtlarini yeyishga moyil bo`lmaydimi?
11 Ana shu zaif birodaring uchun Masih o`ldi, sen esa uni o`z biliming tufayli halokatga yo`liqtirasan.
12 Shunday yo`l tutsangizlar, birodarlaringizga qarshi gunoh qilgan bo`lasizlar. Ularning sezgir vijdoniga azob berib, Masihga qarshi ham gunoh qilgan bo`lasizlar.
13 Xullasi kalom, agar yeyayotgan ovqatim birodarimning vasvasaga tushishiga sabab bo`ladigan bo`lsa, men uni vasvasaga solmaslik uchun umrbod go`sht yemayman.