Menyu

Korinfliklarga birinchi maktub 13 Bob


1 Agar men insonlarning va farishtalarning tillarida gapirsam-u, lekin sevgim bo`lmasa, jaranglaydigan mis cholg`u, yangraydigan zang bo`lib qolaman.

2 Agar bashoratgo`y bo`lsam, agar butun sirlardan voqif bo`lib, har qanday ilmni bilsam, agar tog`larni ko`chiradigan imonga ega bo`lsam-u, lekin sevgim bo`lmasa, men hech narsa emasman.

3 Agar butun yer-mulkimni taqsimlab bersam, hatto badanimni yondirishga topshirsam-u, lekin sevgim bo`lmasa, menga hech foydasi yo`q.

4 Sevgi sabrli va ko`ngilchandir. Sevgi hasad qilmas, kekkaymas, shishinmas.

5 Sevgi beboshlik qilmas, xudbinlik qilmas, achchiqlanmas, kek saqlamas.

6 Sevgi nohaqlikka sevinmas, aksincha, haqiqat ila shod bo`lur.

7 Sevgi har narsani ko`tarar, har yo`lda ishonch hosil qilar, har sharoitda umid saqlar, har narsaga toqat qilar.

8 Sevgi aslo ado bo`lmas. Payg`ambarlar bashorati bo`lsa, tamom bo`lg`usi. Tillar bo`lsa, jim bo`lg`usi. Bilim bo`lsa, bartaraf bo`lg`usi.

9 Bizning bilimimiz hali to`liqsiz, bashorat qilishimiz to`liqsizdir.

10 Kamolot kelganda esa, to`liqsiz narsa bartaraf bo`lajak.

11 Men bola bo`lganimda, bola kabi gapirar, bola kabi fikr qilar, bola kabi muhokama qilar edim. Voyaga yetgach, bolalikni qoldirdim.

12 Shu singari, biz hozir go`yo xira oynaga qaragandek ko`ryapmiz, lekin u vaqtda yuzma-yuz ko`rajakmiz. Hozir men qisman bilyapman, lekin u vaqtda o`zim bilinganim kabi bilajakman.

13 Endilikda bu uch narsa qoladi: ishonch, umid, sevgi. Sevgi esa eng a`losidir.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16