Korinfliklarga birinchi maktub 14 Bob
1 Sevgining payida bo`linglar, shuningdek, Ruhning in`omlarini olish, ayniqsa bashorat qilish uchun g`ayrat qilinglar.
2 Kim noma`lum tilda gapirsa, insonlarga emas, Xudoga gapiradi; chunki uni hech kim tushunmaydi. U Xudo Ruhidan ilhomlanib, sirlarni gapiradi.
3 Bashorat qiluvchi bo`lsa, odamlarga o`git-nasihat berib, tinglovchilarni ruhan ozuqalantiradi.
4 Noma`lum tilda gapiruvchi o`zini-o`zi yashnatadi, bashorat qiluvchi esa imonlilar jamoatini yashnatadi.
5 Endi siz hammangiz noma`lum tillarda gapirishingizni istaymanu, lekin bashorat qilishingizni yanada ko`proq istayman. Noma`lum tillar imonlilar jamoatining manfaati uchun ta`bir etilmasa, bashorat qiluvchi noma`lum tilda gapiruvchidan afzalroqdir.
6 Xo`sh, birodarlar, men sizlarning oldingizga kelib, no`malum tillarda gapira boshlasamu, biroq aytganlarimning ma`nosini vahiy, bilimli kalom, bashorat yoki ta`limot bilan talqin qilmasam, sizlarga qanday foyda keltiraman?
7 Hatto jonsiz cholg`u asboblari ham, masalan nay yoki chang, farqli ovozlar chiqarmasa, nay bilanmi yoki chang bilanmi chalayotganini kishi qanday biladi?
8 Agar karnay noaniq ovoz chiqarsa, jang uchun kim tayyorlana boshlaydi?
9 Shunga o`xshab, agar sizlarning gapingiz mujmal bo`lsa, sizni tinglovchilar nima gapirganingizni qanday bilib oladilar? Sizlar havoga gapirganday bo`lasizlar.
10 Dunyodagi tillar ko`p va xilma-xildir, ulardan birortasi ham ma`nosiz emas.
11 Biroq agar men biror tilning ma`nosiga tushunmasam, men u tilni gapirayotgan uchun ajnabiydek tuyulaman, gapirayotgan ham men uchun ajnabiydir.
12 Modomiki sizlar Ruhning in`omlariga qiziqar ekansizlar, imonlilar jamoatini yanada yashnatadigan in`omlarga intilinglar.
13 Shuning uchun noma`lum tilda gapiruvchi kishi ta`bir qilish in`Omini olish uchun ham ibodat qilsin.
14 Agar men noma`lum tilda ibodat qilsam, ruhim ibodat qiladi, ongim esa samarasiz qoladi.
15 Xo`p, bundan qanday xulosa chiqaraman? Ruh bilan ibodat qilsam, ong bilan ham ibodat qilishim kerak. Ruh bilan qo`shiq aytsam, ong bilan ham qo`shiq aytishim kerak.
16 Aks holda, agar sen ruhiy tilda hamd-sanolar aytsang, u yerda turgan avom xalq sening shukrona duongga qanday qilib «Omin» deydi? U sening nima aytayotganingni tushunmaydi-ku!
17 Sen yaxshi shukur aytsang ham, o`zga kishi ibrat ololmaydi.
18 Xudoyimga shukurki, men hammangizdan ko`proq noma`lum tillarda gapiraman.
19 Imonlilar jamoatida esa noma`lum tilda son-sanoqsiz so`zlar gapirgandan ko`ra, boshqalarga nasihat qilish uchun oqilona besh so`z aytishni afzal bilaman.
20 Birodarlar, o`y-fikrda bolalardek bo`lmanglar. Aksincha, yomonlikka nisbatan chaqaloq bo`lib, fikrlashda esa barkamol bo`linglar.
21 Tavrotda shunday yozilgan: «Men o`zga tillarda, yot og`izlar-la shu xalqqa so`zlayveraman, ammo u vaqt ham Meni tinglamaslar, – deydi Xudovand».
22 Demak, noma`lum tillar imonlilar uchun emas, balki imonsizlar uchun alomatdir. Payg`ambar bashorati esa imonsizlar uchun emas, imonlilar uchun alomatdir.
23 Agar butun imonlilar jamoati bir yerda to`planib, hamma noma`lum tillarda gapira boshlasa va avom xalqdan yoki imonsizlardan kimdir u yerga kirsa, «Sizlar tentaklik qilyapsizlar», – deb aytmaydimi?
24 Lekin agar hamma bashorat qilayotgan bo`lsa-yu, imonsiz yoki avom xalqdan bo`lgan bir kishi kirsa, u hamma tomonidan fosh bo`ladi, hamma ham uni muhokama qiladi.
25 Shu tariqa uning dil sirlari oshkor bo`ladi. U muk tushib: «Chindan Xudo sizlar bilan ekan», – deb Xudoga sajda qiladi.
26 Endi birodarlar, bundan nima xulosa chiqaramiz? Bir yerda to`planganingizda sizlardan har biringizda biror sano bor, biror ta`lim bor, biror til bor, biror vahiy bor, biror ta`bir bor. Bularning hammasi imonlilar jamoati yashnab-gullashi uchun qilinsin.
27 Agar kim noma`lum tilda gapirmoqchi bo`lsa, ikki yoki eng ko`pi bilan uch odam navbat bilan gapirsin va bir kishi esa ta`bir qilsin.
28 Agarda ta`bir qiluvchi bo`lmasa, noma`lum tilda gapiruvchi kishi imonlilar jamoatida jim tursin, o`ziga va Xudoga gapirsin.
29 Shuningdek, ikki yoki uch payg`ambar gapirsin, qolganlar esa aytilganlarni muhokama qilsinlar.
30 Agar shu vaqt o`tirganlardan biriga vahiy kelsa, birinchi gapirgan jim bo`lsin.
31 Har biringiz birin-ketin bashorat qila olasizlar, toki hamma ta`lim olib, barcha dadillansin.
32 Payg`ambarlarning ruhlari payg`ambarlarga bo`ysunadi.
33 Chunki Xudo tartibsizlik Xudosi emas, tinchlik Xudosidir. Xudoning barcha aziz jamoatlarida bo`lgani kabi,
34 sizning jamoatlaringizda ham xotinlar sukut saqlasin. Ayollarga so`zga chiqish uchun ruxsat berilmagan, lekin Tavrotda ham aytilishicha, itoat etsinlar.
35 Agar biror narsa o`rganishni istasalar, uyda o`z erlaridan bu haqda so`rasinlar. Imonlilar jamoatida xotinga so`zga chiqish adabsizlikdir.
36 Nahotki Xudoning Kalomi sizdan chiqqan bo`lsa? Nahotki u yolg`iz sizlarga yetib borgan bo`lsa?
37 Agar biror kishi o`zini payg`ambar yoki Ruh amrida deb hisoblasa, u shuni anglasinki, sizlarga yozganlarim Rabbimiz amridir.
38 Lekin kim buni anglamas ekan, anglamay qo`yaqolsin.
39 Xullas, ey birodarlar, bashorat qilishga g`ayrat bilan intilinglar, noma`lum tillarda gapirishga esa to`sqinlik qilmanglar.
40 Faqat har narsa adab va tartib bilan sodir bo`lsin.