Mark xushxabari 11 Bob
1 Quddusga yaqinlashib, Zaytun tog`i etagidagi Baytfagiya va Baytaniya qishloqlariga kelganlarida, Iso shogirdlaridan ikkitasini jo`nata turib dedi:
2 Qarshingizdagi qishloqqa boringlar. U yerga kirishingiz bilanoq, hech kim minmagan, bog`lab qo`yilgan xo`tikni topinglar. Uni yechib bu yerga olib kelinglar.
3 Agar kim sizlardan: ìNima qilyapsizlar?î deb so`rab qolsa, ìU Rabbimizga kerak, U uni darhol bu yerga qaytarib yuboradiî, deb javob beringlar.
4 Ular borib, ko`chada darvoza yonida bog`lab qo`yilgan xo`tikni topib, yechib olishdi.
5 U yerda turgan bir necha kishi ularga: Nima qilyapsizlar? Nega xo`tikni yechyapsizlar? ó deyishdi.
6 Shogirdlar Iso buyurganidek javob berishdi, odamlar ularni qo`yib yuborishdi.
7 Xo`tikni Isoning oldiga olib kelishdi. Uning ustiga kiyimlarini yozib qo`yishdi, Iso unga mindi.
8 Ko`pchilik o`z kiyimlarini yo`lga poyandoz qildi. Boshqalar esa dashtdagi daraxtlardan yashil novdalarni kesib, yo`lga to`shadilar.
9 Oldinda va orqada yurayotganlar: ìNajot bergin! Xudovand nomidan Kelayotgan muborak!
10 Otamiz Dovudning yaqinlashgan shohligi mangu bo`lsin! Ko`klardan najot kelsin!î ó deb hayqirishar edilar.
11 Iso Quddusga kirib kelib, ma`badga bordi. Hamma narsani ko`zdan kechirib, vaqt kech bo`lib qoldi, deb o`n ikki shogirdi bilan Baytaniya qishlog`iga ketdi.
12 Ertasi kun Baytaniyadan chiqqanlarida, Iso och qoldi.
13 U uzoqdan barglar bilan qoplangan bir anjir daraxtini ko`rib qoldi, biron narsa topilarmikin, deb unga yaqinlashdi. Daraxtning yoniga kelib, bargdan boshqa hech narsa topolmadi: chunki anjir terish vaqti emas edi.
14 Iso daraxtga qarab: Bundan keyin abadiy sening mevangni yeguvchi bo`lmasin! ó dedi. Shogirdlari ham bu gapni eshitishdi.
15 So`ng Quddusga kelishdi. Iso ma`badga kirib, ichkarida oldi-sotdi qilayotganlarni quvib chiqara boshladi. Sarroflarning xontaxtalarini, kabutar sotuvchilarning kursilarini ag`darib yubordi.
16 Ma`bad ichida biron narsa ko`tarib o`tishga ham ruxsat bermadi.
17 Iso xalqqa ta`lim berayotib dedi: Tavrotda: ìMening uyim barcha xalqlar ibodat qiladigan uy deb atalgayî, ó deb yozilmaganmi? Sizlar esa Xudoning uyini qaroqchilar uyasiga aylantirib yuboribsizlar!
18 Ulamolar va oliy ruhoniylar buni eshitganda, Isoni halok etish chorasini topmoq payiga tushdilar. Ammo butun xalq Uning ta`limotiga mahliyo edi, shuning uchun Undan hayiqar edilar.
19 Kech bo`lgach, Iso shahardan tashqariga chiqib ketdi.
20 Erta bilan ular yana anjir daraxti yonidan o`tib qarashsaki, daraxt ildizigacha qurib qolgan ekan.
21 Butrus bo`lgan hodisani eslab, Isoga: Ustoz! Qara, Sen la`natlagan anjir daraxti qurib qolibdi, ó dedi.
22 Iso bunga javoban aytdi:
23 Xudoga ishonchingiz bo`lsin. Sizlarga gapim shuki, agar kim bu toqqa: ìQo`porilib dengizga otilî, desa-yu, o`z qalbida shubhalanmay, aytgani bajo kelishiga qattiq ishonsa, aytgani bo`ladi.
24 Binobarin, sizlarga aytaman: siz ibodatda nimaiki so`rasangiz, olishingizga ishoninglar va erishasizlar.
25 Ibodat qilib turganingizda birovda ginangiz bo`lsa, uni kechirib yuboring, toki osmondagi Otangiz ham sizlarning gunohlaringizni kechirsin.
26 [Agar sizlar boshqalarning ayb-gunohlarini kechirmasangizlar, osmondagi Otangiz ham sizlarni kechirmaydi.]
27 Ular yana Quddusga keldilar. Iso ma`badda aylanib yurgan edi, oliy ruhoniylar, ulamolar va oqsoqollar Uning oldiga kelib
28 so`radilar: Sen bu mo``jizalarni qanday kuch bilan qilyapsan? Bularni qilish uchun Senga kim vakolat bergan?
29 Iso ularga shunday javob berdi: Men sizlarga bir savol beray. Menga javob bersangizlar, Men ham bu ishlarni qanday vakolat bilan qilayotganimni sizlarga aytaman.
30 Yahyo payg`ambar xalqni suvda tavba qildirish uchun Xudodan vakolat olganmidi, yoki insondanmi? Javob beringlar Menga.
31 Ular o`zlaricha mulohaza yurita boshlashdi: ìAgar Xudodan desak, U: Nega Yahyoga ishonmadingizlar? ó deydi.
32 Ammo insondan desak-chi?î Vaholanki, ular xalqdan qo`rqardilar, chunki hammalari Yahyoni haqiqiy payg`ambar deb hisoblardi.
33 Xullas ular Isoga javoban: Bilmaymiz, ó deyishdi. Iso ularga: U holda Men ham qanday vakolat bilan bu ishlarni qilayotganimni sizlarga aytmayman, ó deb javob berdi.