Rimliklarga maktub 1 Bob
1 Xudoning Injil Xushxabarini yetkazmoqqa maxsus saylangan va havoriylikka chorlangan Iso Masihning quli - Pavlusdan salom.
2 Xudo qadimdanoq o`z payg`ambarlari orqali muqaddas yozuvlarda bashorat qilganidek, ushbu Xushxabar Uning O`g`li haqidadir.
3 Iso Masih jisman Dovud zurriyoti esa-da,
4 ruhan ilohiylik kasb etadi. U qaytadan tirilib, Xudoning O`g`li ekanini qudratli ravishda namoyon qildi.
5 Shunday qilib, Rabbimiz Iso Masih nomidan barcha xalqlarni imonga bo`ysundiraylik, deb Xudo Uning ismi haqi bizga inoyat qildi hamda havoriylikni ato etdi.
6 Iso Masih da`vat etgan sizlar ham o`sha xalqlardansizlar.
7 Xudo sevgan va muqaddas bo`lishga chaqirgan barcha Rimda yashovchilarga Otamiz Xudodan va Rabbimiz Iso Masihdan inoyat va tinchlik bo`lsin.
8 Eng avvalo, imoningiz shuhrati butun dunyoga taralayotganini ko`rib, Iso Masih sharofati ila barchangiz uchun Xudoyimga shukr aytaman.
9 Xudo menga shohiddirki, men Uning O`g`lining Xushxabarini targ`ib etishda sidqidildan xizmat qilibgina qolmasdan, uzluksiz ibodatlarimda sizlarni xotirlaydirman.
10 Xudo xohlasa, nihoyat yoningizga borish nasib etsin, deb toat-ibodatdaman.
11 Mustahkamlanishingiz uchun sizlarga biron ruhiy in`om baxsh etay, deb sizlarni ko`rishni ko`p orzu qilaman.
12 Yana to`g`risi, ko`rishganimizda sizning ham, mening ham imonimiz bir ekanidan o`zaro jasorat topamiz, demoqchiman.
13 Ey birodalar, boshqa xalqlarda bo`lgani kabi, sizlarda ham men tufayli biror natija bo`lsin, deb ko`p daf`a yoningizga kelishni niyat etganim, lekin hozirgacha qarshiliklarga duch kelganimdan bexabar qolishingizni istamayman.
14 Men yunonlaru varvarlar, olimlaru johillar oldida qarzdorman.
15 Shunday qilib, Rimdagi sizlarga ham qo`limdan kelganicha, Injil Xushxabarini yetkazishga tayyorman.
16 Har holda men Injildan or qilmayman. Avvalo yahudiy, so`ng turli xalqdan imon keltirgan har bir kishi uchun Injil Xudoning xaloskorlik qudratini yetkazuvchi Xushxabardir.
17 Bu Xushxabarning mag`zi shuki, Xudo o`zi gunohkorni oqlaydi. Bu oqlash esa faqatgina imon orqali sodir bo`ladi. Tavrotda yozilganidek: “Imoni bilan oqlangan kishi hayot bo`lur”.
18 Nohaqlik qilib haqiqatni oyoq osti qilayotgan barcha betavfiq va fosiq insonlarga ko`kdan Xudoning g`azabi to`kilishga tayyor.
19 Xudo haqida nimaiki bilish mumkin bo`lsa, ularga ravshandir; Xudoning O`zi ularga zohir etgan.
20 Uning ko`rinmas xususiyatlari, ya`ni abadiy qudrati va ilohiyoti, O`z ijod mahsuliyu borliqni yaratganidan anglashiladi va ochiq ko`rinib turadi. Shunday qilib, ularning uzrlari yo`q.
21 Chunki ular Xudoni idrok etganlari holda, Uni Xudo sifatida ulug`lamadilar va Unga shukrona aytmadilar. Buning o`rniga bema`ni xayollarga berilib, ularning befarosat didu diliga zulmat tushdi.
22 O`zlarini aqlli bilib, aqldan noqis bo`lib qoldilar.
23 Mangu barhayot Xudoning ulug`vor jamolini ular dunyodan o`tkinchi inson, qush, chorva, sudraluvchi suratidagi butlarga almashtirdilar.
24 Shuning uchun Xudo ularni o`z yuraklaridagi chirkin ehtiroslari og`ushida qoldirdi. Ular bir-birining badanlarida behayolik qilib, tubanlashib ketdilar.
25 Xudoning haqiqatini yolg`on bilan almashtirib, Xoliq o`rniga maxluqqa sig`inib topindilar. Xoliqi olamga esa abadiy shon-sharaflar bo`lsin! Omin.
26 Shu sababdan Xudo ularni behayo ehtiroslarga topshirdi. Ularning xotinlari tabiiy aloqani g`ayritabiiy aloqa bilan almashtirdilar.
27 Shunga o`xshab, erkaklar ham ayol bilan tabiiy aloqani tashlab, bir-biriga shahvoniy munosabatni qizitdilar. Erkak bilan erkak sharmandagarchilik qilib, buzuqliklarga yarasha jazoni o`zlaridan oldilar.
28 Xudoni tan olishni lozim ko`rmaganlari uchun, Xudo ularni buzuq fikrga, lozim bo`lmagan ishlarni qilishga giriftor qildi.
29 Ular har turli haqsizlik, zino, yovuzlik, tamagirlik va gina-kuduratga to`lib, hasadgo`ylik, qotillik, janjalkashlik, firibgarlik va badfe`llikka mukkasidan ketgandirlar.
30 Ular tili achchiq, tuhmatchi, xudobezor, dilozor, kibrli, mag`rur, badniyat, ota-onaga itoatsiz,
31 andishasiz, bevafo, iltifotsiz, murosasiz va berahmdirlar.
32 Bunday harakat qiluvchilar o`limga sazovor, degan Xudoning adolatli hukmini ular bilgan holda, nafaqat bu ishlarni o`zlari qiladilar, balki bu ishlarni qiluvchilarni qo`llab-quvvatlaydilar.