Menyu

Rimliklarga maktub 7 Bob


1 Qonunni biluvchilarga so`zim: ey birodarlar, odam tirik ekan qonun uning ustidan hokim ekanini nahot bilmasangiz?

2 Masalan, erli xotin eri tirik ekan, qonun bo`yicha unga bog`liqdir. Lekin eri o`lsa, xotin boshi bog`liqlik qonunidan ozod bo`ladi.

3 Shuning uchun, eri tirik xotin boshqa erga tegsa, u zinokor sanaladi. Ammo eri o`lsa, xotin qonundan ozod bo`ladi va boshqa erga tegsa ham, zino qilgan hisoblanmaydi.

4 Shunga o`xshab, sizlar ham, ey birodarlarim, Boshqasiga, ya`ni qayta tirilgan Masihga tegib va Masih badanining bir qismi bo`lib, Ilohiy Qonun oldida o`lgan hisobidasiz. Bu esa Xudo yo`lida samarali bo`lishimiz uchundir.

5 Zero biz irsiy tabiatimiz amri bilan yashagan vaqtlar, Ilohiy Qonun oshkor qilgan gunohkor ehtiroslar a`zoyi badanimizda amal qilar va o`lim uchun zamin hozirlar edi.

6 Endi esa ilgari bizni bog`lab turgan Qonun qarshisida o`lib, Qonundan ozod bo`ldik. Shunday qilib, biz eski harfma-harf yo`l bilan emas, balki yangi Ruh yo`li bilan yurib, Xudoga xizmat qilmoqdamiz.

7 Xo`sh, nima deylik? Nahotki Ilohiy Qonun gunohga bois bo`ldi? — Aslo! Ammo agar Qonun vositachi bo`lmasa edi, men gunohni bilmagan bo`lar edim. Qonun “tamagirlik qilma” deb buyurmaganda edi, men tamagirlikni bilmas edim.

8 Shu tariqa gunoh amr orqali bahona topib, mening yuragimda har turli tamagirlikni hosil qildi. Qonun yo`qligida esa, gunoh kuchsizdir.

9 Bir vaqtlar men o`zim Ilohiy Qonundan tashqarida bo`lib yashar edim. Ammo ongimda amr tug`ilgach, gunoh tirildi,

10 men esa o`ldim. Hayot uchun bo`lgan amr mening o`limimga sabab bo`ldi.

11 Chunki gunoh amr orqali bahona topib, meni aldadi, amr orqali meni o`ldirdi.

12 Bundan ko`rinadiki, Qonun — muqaddasdir, har bir amri ham muqaddas, odil va yaxshidir.

13 Shunday ekan, yaxshi bo`lgan amr menga o`lim keltiradimi? — Mutlaqo! Biroq, gunoh — gunoh deb ochiq bilinishi uchun, yaxshilik orqali menga o`lim keltirdi, toki gunohning nihoyat darajada gunohligi amr orqali anglashilsin.

14 Bizga ma`lumki, Ilohiy Qonun tabarrukdir. Biroq men esa — gunohga qul bo`lib sotilgan ojiz bandaman.

15 Shundan o`zim qilayotgan ishlarni o`zim tushunmayman: men nimani xohlasam, uni qilmayman va nimani yomon ko`rsam, uni qilaman.

16 Agar men xohlamagan narsani qilayotgan ekanman, bu bilan Qonunning yaxshi ekanligini ma`qullayotgan bo`laman.

17 Demak, bu ishlarni men o`zim emas, balki yuragimdagi gunoh qilayotgan bo`ladi.

18 Menda, ya`ni irsiy tabiatimda yaxshi narsa yo`qligini aniq bilaman. Yaxshilik qilish istagi dilimda bor bo`lsa-da, uni ro`yobga chiqarishga kuchim yetmaydi.

19 Men istagan yaxshi ishni qilmayapman, aksincha, istamagan yomon ishni qilyapman.

20 Agar istamagan ishni qilayotgan ekanman demak, bu ishni men o`zim emas, balki ichimda turadigan gunoh qilyapti.

21 Men bundan ushbu qoidani chiqaraman: yaxshilik qilmoqchi bo`lganimda, qalbimda hamisha yomonolik poylab turadi.

22 Xudoning Qonunidan ichki borlig`im zavq oladi-yu,

23 ammo a`zoyi badanimda boshqa bir qonun ish ko`radi: bu qonun ongim ma`qullagan Xudo Qonuniga qarshi kurashib turadi va a`zoyi badanimda amal qiluvchi gunoh qonuniga meni asir etadi.

24 Oh, men sho`rlik odam! O`limga giriftor shu badanimdan meni kim qutqarar ekan?

25 —Xudoga shukr, Rabbimiz Iso Masih soyasida O`zi qutqaradi! Xullasi kalom, men ongim bilan Xudo Qonuniga rioya etsam-da, vujudim bilan gunoh qonuniga xizmat qilaman.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16