1 Rabbimiz Iso Masihga bo`lgan nmonimizni inobatga olib, Xudo bizni oqladi va biz bilan sulh tuzdi.
2 Rabbimiz Iso Masih O`zi Xudoning inoyat eshigini bizga ochib berdi. Biz imonimiz tufayli bu inoyatga erishib, mahkam turamiz va Xudoning ulug`vorligiga erishmoq umidi bilan faxrlanib yuramiz.
3 Buning ustiga, qayg`ular bilan ham faxrlanmoqdamiz, chunki qayg`u sabr-qanoatni hosil qilishini bilamiz.
4 Sabr-qanoat esa tajribakorlikni, tajribokorlik esa umidni hosil qiladi.
5 Umidimiz bo`lsa, bizni uyatga qoldirmaydi. Chunki bizga berilgan Muqaddas Ruh orqali yuraklarimiz Xudo sevgisiga to`lib-toshadi.
6 Biz hali chorasiz bo`lganimizda, belgilangan vaqtda Masih betavfiqlar uchun o`ldi.
7 Birovning solih kishi uchun o`lishi ehtimoldan uzoqdir. Balki himmatli kishi uchun kimdir o`limga borishga rozi bo`lar.
8 Lekin biz hali gunohga botgan chog`imizda, Masih biz uchun o`ldi. Bu Xudoning bizga bo`lgan muhabbatidan dalolatdir.
9 Demak, agar biz endi Masihning to`kilgan qoni tufayli oqlangan bo`lsak, Uning soyasida Xudo g`azabidan qutulishimiz yanada aniqroqdir.
10 Biz Xudoning dushmanlari ekanmiz, U O`z O`g`lining o`limi tufayli bizni O`zi bilan yarashtirib qo`ydi. Endi U bilan yarashgan bo`lsak, Uning O`g`li hayotligi tufayli najot topishimiz yanada aniqroqdir.
11 Va bu bilan kifoyalanib qolmay, balki bizni Xudo bilan yarashtirib qo`ygan Rabbimiz Iso Masih sharofati bilan Xudodan shodlanib yuribmiz.
12 Bitta odam dastidan dunyoda gunoh paydo bo`ldi, gunohdan esa o`lim paydo bo`ldi va butun insonlarga o`tdi. Ma`lumki hamma gunoh qilgan.
13 Ilohiy Qonun mavjud bo`lmasdan burun ham dunyoda gunoh bor edi, lekin Qonun yo`qligida gunohning hisobi tutilmaydi.
14 Shunga qaramay, Odam atodan Muso payg`ambarga qadar yashaganlarning hammasi Odam atoga o`xshab jinoyat qilmagan bo`lsalar-da, o`lim ularning hammasiga ham hokimlik qildi. Odam ato kelajak Zotning timsoli edi.
15 Lekin bular birday emas, Xudoning ehsoni Odam atoning gunohiga o`xshamaydi. Garchi bir kishining gunohi tufayli ko`plab kishilar o`lgan bo`lsalar ham, Xudoning inoyati bundan kattaroqdir, chunonchi bitta Odam, ya`ni Iso Masihning inoyati bilan berilgan boy ehson ko`pdan-ko`p kishilarga tegdi.
16 Xudoning ehsoni bilan Odam atoning gunohi orasidagi farq shundan iboratki, bir gunohning oqibati o`limga hukm etish bilan tugasa, ehsonning natijasi esa ko`p insonning gunohlaridan forig` bo`lishiga olib keladi.
17 To`g`ri, bir kishining gunohi tufayli shu yagona odamning dastidan o`lim hokimlik qila boshladi. Ammo yana to`g`risi, yagona bir Odam, ya`ni Iso Masih soyasida odamlar endi Xudoning cheksiz inoyatiga erishib, oqlanadilar va hayotda hukm suradilar.
18 Shunga ko`ra, bitta gunohkorning ishi barcha odamzodni o`limga mahkum etgan bo`lsa, endi esa bitta Solihning ishi odamlarni oqlaydi va abadiy hayotga noil etadi.
19 Bir odamning itoatsizligi tufayli ko`p odamlar gunohkor bo`lgan bo`lsa, endi esa bir Kishining itoatkorligi tufayli ko`p odamlar solih deb qabulga o`tadilar.
20 Shu orada Ilohiy Qonun paydo bo`lgan, natijada jinoyat ko`paygan edi. Ammo gunoh ko`paygan sari Xudo inoyati ham shunchalik orta bordi.
21 Xullasi kalom, ilgari gunoh o`lim sari hoqonlik qilgan bo`lsa, endi esa Rabbimiz Iso Masih qiyofasidagi Xudo inoyati gunohkorni oqlab, abadiy hayot sari hukm surmoqda.