Rimliklarga maktub 3 Bob
1 Xo`sh, yahudiylarning qanday ustunligi bor? Yoki sunnatning nima foydasi bor?
2 Yahudiylar har jihatdan buyuk ustunlikka egadirlar. Bu ustunlik eng avval shundan iboratki, Xudoning vahiylari ularga ishonib topshirilgandir.
3 Agar ulardan ba`zilari imonsiz bo`lib chiqqan bo`lsa, nima qipti? Nahotki bu imonsizlik Xudoning ularga sadoqatini bekor qila oladi?
4 Yo`q, aslo! Har bir inson yolg`onchi bo`lsa ham, Xudo haqdir. Zaburda yozilganidek: “Sen so`zingda doim haq bo`lursan, Seni xukm qilsalar-da, O`zingni oqlarsan”.
5 Shunday qilib, agar bizning haqsizligimiz Xudoning odilligini yanada ochiqroq ko`rsatsa, nima ham derdik? Insoniy fikr yuritib aytayin: bandalari boshiga g`azab yog`dirgani uchun Xudoni nohaq deb bo`ladimi?
6 Aslo! Aks holda Xudo dunyoni qanday qilib hukm qila oladi?!
7 Yana shunday so`rash mumkin: agar mening yolg`onchiligim tufayli Xudoning haqiqati yanada ulug`roq bo`lar ekan, mening ustimdan gunohkor deb hukm chiqarilish to`g`ri bo`ladimi?
8 Yaxshilikka aylanib qolar, deb yomonlik qilaveraylik, desakmikin-a? Chindan ham, u shunday ta`lim beradi, deb ba`zilar bizga tuhmat qilmoqdalar. Bu kishilar odilona jazo oladilar.
9 Xo`sh, shunday qilib, biz, yahudiylarning o`zga xalqlarga qaraganda ustunligimiz bormn, o`zi? Aslo yo`q! Chunki ilgari isbot etganimizdek, xoh yahudiy bo`lsin, xoh yunon bo`lsin, hamma odamlar ham gunohning hokimiyati ostidadirlar.
10 Zaburda yozilishicha: “Solih kishi yo`k, bir kishi ham yo`qdir.
11 Idrokli hech kim yo`k, Xudoni izlovchi hech kim yo`qdir.
12 Hamma gumroh bo`ldi, barcha buzildi. Yaxshilik qilguvchi yo`q, biror kishi ham yo`q.
13 Ularning bo`g`zi — ochiq lahaddir, so`zlarida — tilyog`lamalik, tillari ostida — ilon zahari.
14 Zardaga, zaqqumga to`la og`izlari,
15 Qon to`kmak-chun chaqqondir oyoqlari.
16 Ular qadam bosgan joyga falokat kelur.
17 Ular bilmas tinchlik yo`lini.
18 Xudodan qo`rqish yo`q ularning ko`z o`ngida”.
19 Endi biz bilamizki, Ilohiy Qonun neki buyurgan bo`lsa, Qonunga qaram bo`lganlarga buyurgan, toki har bir og`iz yumilsin va butun dunyo Xudo oldida gunohkor bo`lsin.
20 Zotan Qonun amrlarini bajo qilish bilan hech kimsa Xudo oldida o`zini oqlay olmaydi. Aksincha, Ilohiy Qonun insonga o`z gunohkorligini yanada aniqroq ko`rsatadi.
21 Endi esa, Qonunga aloqasiz ravishda Xudo talab qilgan solihlikka erishish yo`li aniq-ravshan ko`rinmoqda, bunga Tavrot va payg`ambarlar ham guvohlik beradilar:
22 Xudo talab qilgan solihlik — Iso Masihga ishonishdan iboratdir. Shu imonga ega bo`lgan hammani Xudo oqlaydi. Chunki odamlar orasida hech bir farq yo`q.
23 Hamma gunoh qilgan va Xudoning ulug`vorligidan mahrumdir.
24 Lekin Xudo inoyati bilan, Iso Masihning qoni evaziga gunohkorlar tekin oqlanadilar.
25 Masih biz uchun qonini to`kkaniga ishongan kishining gunohlari yuvilsin, deb Xudo Masihni qurbonlikka bag`ishladi va shu yo`sinda O`zining adolatli hukmini ochiq namoyon qildi. Xudo sabr qilib, ilgari qilingan gunohlarni jazosiz qoldirgan bo`lsa-da,
26 hozirga kelib, O`zining adolatli hukmini amalga oshirdi. Shunday qilib, bir yoqdan Xudo O`z adolatiga sodiq qolmoqda va ikkinchi yoqdan Isoga ishongan gunohkor oqlanmoqda.
27 Endi maqtanishga arzigulik narsamiz qoldimi? — Bitdi. Qaysi qonunga ko`ra bitdi? Tavrot amrlarini bajo keltirishni talab qiluvchi qonunga ko`rami? — Yo`q, imonni talab qiluvchi qonunga ko`ra.
28 Biz qanoat hosil qildikki, Xudo Tavrot amrlarini bajo keltiruvchi emas, balki imon keltiruvchi kishini oqlaydi.
29 Yoki nahot Xudo boshqa xalqlarning ham Xudosi bo`lmay, faqat yahudiylarning Xudosimi? Albatta, barcha xalqlarning ham Xudosidir.
30 Sunnat ahlini imon asosida oqlaydigan Xudo yagona bo`lib, sunnat ahli bo`lmaganlarni ham xuddi shu imon orqali oqlaydi.
31 Demak, biz bu imon tufayli Ilohiy Qonunni bekor qilyapmizmi? — Aslo! Aksincha, Qonunni tasdiqlayapmiz.