Rimliklarga maktub 11 Bob
1 Xo`sh, men so`rayman: Xudo O`z xalqini rad etdimi? — Aslo! Chunki men o`zim ham Ibrohim naslidan, Benyamin qabilasidan bir isroillikman.
2 Xudo azaldan bilgan O`z xalqini rad etmadi. Isroilga qarshi Xudoga shikoyat etgan Ilyos payg`ambar haqidagi oyatda nima yozilganini nahotki sizlar bilmasangiz?
3 “Yo Rabbiy! Sening payg`ambarlaringni o`ldirdilar, qurbongohlaringni vayron qildilar. Yolg`iz men qoldim-u, mening jonimga ham qasd qilmoqdalar”, — degan edi Ilyos.
4 Xudo unga qanday javob berdi? — “Baal oldida tiz cho`kmagan yetti ming odamni men O`zim uchun ajratib oldim”.
5 Xuddi shunday, hozirgi vaqtda ham Xudoning inoyati bilan saylab olingan bir ozchilik bordir.
6 Ular Xudo inoyati tufayli saylanganlar, demak, savob ishlari tufayli saylangan emaslar; aks holda inoyat yana inoyat bo`lmas edi. Agar ular savob ishlari tufayli saylanganida edi, yana Xudo inoyatiga o`rin qolmas edi va savob yana savob bo`lmas edi.
7 Bu nimani bildiradi? — Isroil izlaganiga erishmadi. Faqat saylanganlar izlaganiga erishdilar, qolganlarning esa diydasi qotib qoldi.
8 Xuddi Tavrotda yozilganidek: “Xudo ularga qattiq uyqu ruhini yubordi. Bugungi kunga qadar ko`rmaydigan ko`zlar, eshitmaydigan quloqlar berdi”.
9 Dovud ham deganki: “Ularning dasturxoni o`zlari uchun to`ru qopqon, tuzoq hamda jazo yeri bo`lsin.
10 Ko`zlari qorong`ilashib, ko`rmaydigan bo`lsin, bellari abadiy bukilib qolsin”.
11 Shuning uchun men so`rayman: yahudiylar yo`q bo`lish uchun qoqindilarmi? — Aslo! Ammo ularning rashki qo`zg`alsin, deb ularning gunohkorligi tufayli boshqa xalqlarga najot keldi.
12 Agar yahudiylarning gunoh qilib, barbod bo`lganligi barcha dunyo xalqlariga qut-baraka keltirgan bo`lsa, ularning kamol topishi naqadar ko`proq qut-baraka keltiradi!
13 Endi dunyo xalqlaridan bo`lgan sizlarga xitob qilaman: men g`ayriyahudiylarning havoriysi bo`lib, bu xizmatimni faxrli deb bilaman,
14 agarda men o`z qon-qardoshlarimning rashkini qo`zg`atib, ulardan qandaydir ba`zilarini qutqarib olsam!
15 Agar ularning rad qilinishi dunyoning Xudo bilan yarashishiga imkon bergan bo`lsa, qabul bo`lishlari o`limdan hayotga qaytishdan boshqa nima bo`la oladi?!
16 Agar achitqi muqaddas bo`lsa, xamir ham muqaddasdir. Agar tamir muqaddas bo`lsa, novdalar ham muqaddasdir.
17 Xo`sh, endi zaytun daraxtining ba`zi novdalari sindirilgan va sen yovvoyi zaytun butog`i bo`la turib, novdalar orasiga payvand bo`lgansan, daraxtning shirador tomiriga ulangansan.
18 Lekin novdalar oldida g`ururlanib ketma! G`ururlansang, bilginki, sen tomirni emas, balki tomir seni ko`tarib turibdi.
19 Ehtimol sen: “Mening payvand bo`lishim uchun novdalar sindirildi”, — dersan.
20 To`g`ri, Isroil xalqi imonsizligi tufayli sindirildi; sen esa imoningda mahkam turasan. Shunga qaramay maqtanma, balki qo`rq.
21 Yo`qsa, Xudo asl novdalarni ayamagani kabi, seni ham ayamasligi mumkin.
22 Shuning uchun sen Xudoning mehribonligini ham, qattiqqo`lligini ham bilib qo`ygin! Yiqilganlarga U qattiqqo`ldir, ammo sen Uning mehribonligiga sodiq qolsang, senga mehribondir. Aks holda sen ham kesib tashlanarsan.
23 Yahudiylar imonsizlikda qattiq turib olmasalar, ular yana payvand bo`ladilar, chunki Xudo ularni yana payvand qilishga ham qodirdir.
24 Sen tabiatan yovvoyi zaytun novdasi bo`la turib kesilding va tabiatga xilof ravishda yaxshi zaytun daraxtiga payvand bo`lding. Shunday ekan, asl novdalar o`z daraxtiga yana payvand bo`lishi naqadar osondir!
25 Ey birodarlarim, siz tag`in o`zbilarmon bo`lib qolmanglar, deb bu sirdan xabarsiz qolishingizni istamayman: boshqa xalqlardan najot topadiganlarning soni tamom bo`lmagunga qadar, Isroil xalqining vaqtincha diydasi qotgan.
26 Shunday qilib, butun Isroil qutulajak. Tavrotda yozilganidek: “Qutqaruvchi Siondan kelajak, Yoqub elidan betavfiqni daf qilajak.
27 Men ularni gunohlaridan forig` qilganimda, ular bilan Mening ahdim bu bo`lajak”.
28 Injil Xushxabarini rad qilganlari sababli, yahudiylar sizlarning manfaatingiz uchun Xudoga dushman bo`lib qoldilar. Lekin Xudo ularni tanlagani sababli, ota-bobolari xotiri uchun, ularni aziz deb biladi.
29 Chunki Xudoning in`omlari va da`vati o`zgarmasdir.
30 Sizlar bir vaqtlar Xudoga itoatsiz bo`lib, lekin endi yahudiylarning itoatsizligi tufayli marhamatga noil bo`ldingizlar.
31 Shunga o`xshab, endi yahudiylar ham sizga ko`rsatilgan marhamat tufayli itoatsiz bo`ldilar, toki ular ham endi marhamatga noil bo`lsinlar.
32 Chunki Xudo hammaga marhamat ko`rsata olishi uchun, hammani itoatsizlikka giriftor qildi.
33 Oh, Xudoning saxovatu hikmati hamda bilimining chuqurligini qarang! Uning hukmlariga kimning aqli yetar, yo`llarini kim tekshirib chiqar ekan?
34 “Xudoning aqlini kim bilgan ekan? Uning maslahatchisi kim bo`lgan ekan?”
35 “Kim Xudoga bir narsa bermishki, Xudo unga qaytarib bersin?”
36 Butun borliq Undan chiqib, U orqali bordir va Unga qaratilgandir. Unga abadiy shon-sharaflar bo`lsin! Omin.