Rimliklarga maktub 12 Bob
1 Shunday qilib, ey birodarlarim, Xudoning marhamati haqi sizlarga yolvoraman: Xudoga oqilona xizmat qila olishingiz uchun vujudingizni tirik, muqaddas, Xudoga manzur bo`ladigan qurbon qilib bag`ishlanglar.
2 Bu dunyoga uyg`unlashmanglar. Xudoning yaxshi, manzur, komil irodasining nima ekanini fahmlamoq uchun fikringizni yangilash orqali tubdan o`zgaringlar.
3 Menga berilgan inoyatdan foydalanib, sizlarning har biringizga shuni aytyapman: haddingizdan oshib, o`zingizga bino qo`ymanglar. Lekin Xudo har bir kishiga qancha imon bergan bo`lsa, shunga ko`ra fikr qilib, aqli raso odamlar bo`linglar.
4 Badanimiz bir bo`lsa-da, uzvlar ko`p, uzvlarning vazifasi esa bir xil emas.
5 Shunga o`xshab, biz ko`p kishi bo`lsak ham, Masih vujudida birlashganmiz va bir badanni tashkil etamiz, har birimiz alohida-alohida bo`lib, bir-birimiz uchun uzvdirmiz.
6 Xudoning inoyat qilgani bo`yicha, biz Undan har xil in`omlar olganmiz. Birovning in`omi bashoratgo`ylik bo`lsa, o`z ishonch-e`tiqodiga muvofiq bashorat qilsin.
7 Agar xizmat in`omi bo`lsa, xizmat qilsin; agar muallimlik in`omi bo`lsa, ta`lim bersin.
8 Kim nasihatgo`y bo`lsa, pand-nasihat bersin. Kim ehson beruvchi bo`lsa, chin ko`ngildan bersin. Kim boshliq bo`lsa, g`ayrat bilan boshchilik qilsin. Kim mehribonchilik qilsa, xursandlik bilan qilsin.
9 Sevgingiz riyosiz bo`lsin. Yomonlikdan nafrat qilib, yaxshilikka chirmashib olinglar.
10 Bir-biringizni birodarlarcha, samimiy muhabbat bilan sevinglar. Bir-biringizni izzat-hurmat qilishga o`zishganday harakat qilinglar.
11 G`ayratingizni susaytirmanglar. Otashin ruh bilan Rabbingizga xizmat qilinglar.
12 Umidvorlik ila xursand bo`lib yuringlar. Qayg`uda sabrli, toat-ibodatda sabotli bo`linglar.
13 Imonlilarning ehtiyojlarini ta`minlashda ishtirok etinglar. Mehmondo`st bo`lishga jon kuydiringlar.
14 Sizlarni quvg`in qilayotganlarni duo qilinglar, ha duo qilinglar, qarg`amanglar.
15 Sevinayotganlar bilan birga sevininglar, yig`layotganlar bilan birga yig`langlar.
16 O`zaro hamfikr bo`linglar. Takabburlik qilmay, muloyim odamlar bilan do`st bo`linglar. O`zbilarmonlik qilmanglar.
17 Hech kimga yomonlik evaziga yomonlik qaytarmanglar. Barcha odamlarning ko`zi oldida yaxshilik qilishga intilinglar.
18 Agar iloji bo`lsa, qo`lingizdan kelganicha, barcha odamlar bilan tinch-totuv hayot kechiringlar.
19 Ey seviklilarim, o`zingiz uchun qasos olmanglar, balki Xudoning g`azabiga yo`l qo`yinglar. Zero Tavrotda shunday yozilgan: “Qasos Mening qo`limda, Sazosini Men beraman, — deydi Xudovand”.
20 Aksincha: “Agar dushmaning och qolgan bo`lsa, uni to`yg`izgil, agar chanqagan bo`lsa, unga suv ichirgil. Mana shunda uning boshiga yonayotgan cho`g`lar yiqqanday bo`lursan”.
21 Yomonlikka mag`lub bo`lma, yomonlikni yaxshilik bilan mag`lub qilgin.