Rimliklarga maktub 4 Bob
1 Xo`sh, bobokalonimiz Ibrohim, deylik, ajdodidan nima orttirdi?
2 Agar Ibrohim savob ishlari tufayli o`zini oqlaganida edi, maqtanish uchun sabab topar edi. Biroq Xudo oldida maqtanib bo`lmaydi
3 Mana Tavrotda ne deyilgan: “Ibrohim Xudoga ishondi va shu tariqa oqlandi”.
4 Mehnatkashga to`lanadigan yumush berimi iltifot emas, xizmat haqidir.
5 Biroq qilgan savobli ishiga suyanmay, balki betavfiqni ham yo`lga solib oqlovchi Xudoga ishongan kishi o`z e`tiqodi bilan oqlanadi.
6 Mana, Zaburda ham savob ishlaridan qat`i nazar Xudo yorlaqagan odamni Dovud baxtiyor deb aytadi:
7 “Qonunsiz ishlari afv etilib, kimningki gunohi o`tilsa, bunday odam baxtiyordir!
8 Kimningki Xudovand inobatga olmas aybin, saodatmand erur shu kishi!”
9 Bu baxtiyorlikning sunnatga daxli bormi, yo`qmi? Boya aytganimizdek, Ibrohimning e`tiqodi uni Xudo oldida oqladi.
10 Xo`sh, Ibrohim qanday holatda oqlandi? Sunnat bo`lganidan so`ngmi, yoki sunnat bo`lganidan avvalmi? — Sunnat bo`lganidan avval.
11 Ibrohim hali sunnat bo`lmasidan, imoni tufayligina Xudo oldida oqlandi. So`ng imonining muhri o`laroq sunnat belgisini qabul qildi. Shunday qilib, Ibrohim sunnatsiz holatda imon keltirgan hammaning ham ma`naviy otasidirki, ular ham unga o`xshab, imon tufayli Xudo oldida oqlanadilar.
12 Ayni zamonda, Ibrohim ahli sunnatning ham otasi hisoblanadi, shu shart bilanki, ular sunnat bo`libgina qolmay, balki Ibrohim sunnat bo`lmasidanoq tan olgan o`sha imonning izi bilan yursalar.
13 Xudo Ibrohim va uning zurriyotiga yer yuzini egallab olish to`g`risida va`da bergan edi. Bu va`da Ibrohimga Tavrotga amal qilgan, deb emas, balki imoni bilan o`zini oqlagan, deb nasib etdi.
14 Agar yer yuzini egallab oluvchilar faqat Ilohiy Qonunga amal qiluvchilar bo`lganida edi, unda imon behuda, ilohiy va`da esa kuruq bo`lib qolar edi.
15 Qonun Xudo g`azabini qo`zg`atadi xolos. Qonun bo`lmagan yerda jinoyat ham bo`lmaydi.
16 Shu sababdan ilohiy va`da Xudo inoyatiga bog`liq bo`lib, faqat imon bilan amalga oshadi. Bunga esa Ibrohim zurriyotining hammasi doxil, ya`ni Tavrotga ega bo`libgina qolmasdan, balki Ibrohimning imoniga ham ega bo`lgan hamma doxildir.
17 Xudo Ibrohimga: “Men seni ko`pdan-ko`p xalqlarning otasi qilib tayinladim”, degan edi. Shunday qilib, o`liklarni tiriltiruvchi va mavjud bo`lmagan narsalarni vujudga keltiruvchi Parvardigorga ishonib, Ibrohim hammamizning otamiz bo`lib qoldi.
18 Xudo Ibrohimga yana: “Sening zurriyoting son-sanoqsiz bo`ladi”, degan edi. Ibrohim ko`p xalqlarning otasi bo`lishga hech bir umidi qolmaganiga qaramasdan, imoni tufayli umidvor edi.
19 U yuz yoshga yaqinlashganda, o`zining badani majolsizlashganini va Soro bibining pushtdan qolganini bila turib, imonda zaiflashmadi.
20 Xudoning va`dasidan esa imonsizlik qilib shubhalanmadi, balki Xudoga hamdsano aytib, imonida mahkam turdi.
21 Xudo bergan va`dasini bajo keltirishga qodir, deb Ibrohim qat`iy ishonar edi.
22 Ana shu ishonchi tufayli u Xudo oldida oqlandi.
23 Bu so`z esa faqat Ibrohimgagina xos emas,
24 balki biz uchun ham aytilgan. Xudo Rabbimiz Isoni tiriltirganiga ishonsak, biz ham oqlanamiz.
25 Rabbimiz Iso bizning gunohlarimiz uchun o`limga topshirildi va oqlanishimiz uchun tirilib keldi.